Kompot

Vikipediya, ochiq ensiklopediya
Jump to navigation Jump to search
Rovoch va olmadan tayyorlangan kompot
Olxoʻri kompoti

Kompot (frans. compote) — 1) qoqi va hoʻl mevadan qaynatilib tayyorlanadigan yaxna ichimlik. Turshak, togʻolcha, olma va boshqa mevalar qoqisidan kompot tayyorlash uchun meva sovuq suvda yuvilgach, kostryulkaga solib, suv quyiladi va qopqogʻi yopib qaynatiladi. 1 kg qoqiga 2 l suv kifoya. Yangi mevadan kompot tayyorlashda meva poʻsti artilib, parrak-parrak qilib toʻgʻraladi, shakarli suvga solinib 10—15 min. qaynatiladi (1 l suvga 500 g meva, 200 g shakar); 2) mevalardan tayyorlanadigan konservalar. Dastlab shakardan 30—50 % li kompot sharbati tayyorlanadi (30 % li qiyom uchun 300 g shakar va 700 g suv). Olma kompoti uchun tanlangan olmani sovuq suvda yuvib, butunligicha yoki 4—8 boʻlakka boʻlinib, chovliga solinadi va qaynoq suvda 3 min. pishib, suvi sirqitiladi, bankaga solinib, ustidan 35 % li qaynoq sharbat quyiladi. Soʻngra banka qopqogʻi yopilib, yogʻoch panjara (taglik) oʻrnatilgan kostryulkada sterilizatsiya qilinadi. 5 kg olma uchun 1,75 kg shakar, 4,25 l suv kerak. Sterilizatsiya muddati: suv qaynab chiqqandan soʻng har 1 l banka hajmi uchun 20 min., soʻng banka qopqogʻi qopqoq yopadigan mashinka bilan mustahkam yopiladi va toʻntarilgan holda sovitiladi. [1]

Manbalar[tahrir]

  1. OʻzME. Birinchi jild. Toshkent, 2000-yil