Davlat tipologiyasi

Vikipediya, ochiq ensiklopediya

Davlat tipologiyasi – davlatning mohiyatan oʻziga xos xususiyatlarini ajratish yoki biror tipga mansubligini belgilashda foydalaniladigan ta’limot, bilimlar tizimidir. Davlat tipologiyasida davlatlarni muayyan mezonlar asosida turlarga ajratish, tasniflash amalga oshiriladi. Huquqshunoslik fanida davlat tipologiyasini oʻrganishda ikki xil yondashuvni, ya’ni formatsiyaviy (tarixiy materialistik) va sivilizatsiyaviy (ma’rifiy) yondashuvni koʻrsatish mumkin.

Formatsiyaviy yondashuvning[tahrir | manbasini tahrirlash]

Formatsiyaviy yondashuvning ijtimoiy-iqtisodiy formatsiyalarning almashinuvi ijtimoiy inqiloblar natijasida sodir boʻladi va bu davlatning bir tarixiy tipidan boshqa, undan yuqoriroq ikkinchi tipiga oʻtishini nazarda tutadi. Formatsiyaviy yondashuv fanda sinfiy yondashuv deb ham yuritilib, unda davlat tipologiyasining asosiy mezoni ijtimoiy-iqtisodiy formatsiyalar hisoblanadi. Mazkur tipologiyada, birinchidan, davlatlar muayyan ijtimoiy-iqtisodiy omillar asosida tiplarga ajratiladi; ikkinchidan, davlatlarning tabiiy-tarixiy xususiyati ularning oʻz taraqqiyotida ma’lum bosqichlarni oʻtishini koʻrsatadi. Formatsiyaviy yondashuv bir tipdagi davlatning boshqasiga faqat sotsial inqilob orqali oʻtishini tan oladi. Ushbu tipdagi davlatlarda hokimiyat hukmron sinfning manfaati uchun xizmat qiladi. Ya’ni, davlatning ijtimoiy vazifasi sinfiy manfaatlarni amalga oshirishdan iborat boʻladi. Masalan, quldorlik davlati – quldorlarning, feodal davlat – yirik yer egalarining irodasini ifodalaydi. Shunday qilib, davlat va huquqqa formatsiyaviy yondashuv aniq ifodalangan sinfiy xususiyat kasb etadi. Bunda ishlab chiqarish munosabatlari tipiga koʻra quldorlik, feodal, kapitalistik va sotsialistik davlat turlarini ajratib koʻrsatish mumkin.

Birinchi davlat tipi[tahrir | manbasini tahrirlash]

An’anaga koʻra, quldorlik davlati tarixdagi birinchi davlat tipi hisoblanadi. Ushbu davlat tipining paydo boʻlishi eramizgacha boʻlgan IV-III asrlarga toʻgʻri keladi. Bunday davlatlar Qadimgi Misr, Qadimgi Bobil, Qadimgi Xitoy, Qadimgi Hindiston va ikki daryo oraligʻida paydo boʻlgan. Quldorlik davlati tizimi Qadimgi Gretsiya va Qadimgi Rim antik davlatlarida eng toʻliq tarzda rivojlangan.

Quldorlik tipidagi davlatning feodal davlati bilan almashishi[tahrir | manbasini tahrirlash]

Ekspluatatsiya shaklining oʻzgarishi quldorlik tipidagi davlatning feodal davlati bilan almashishiga olib keldi. Yevropada uning paydo boʻlishi yangi eraning V–XI asrlariga toʻgʻri keladi. Feodal jamiyatning asosini feodallarning yerga boʻlgan xususiy mulkchiligi tashkil etar edi, feodal davlat esa feodallar sinfining diktaturasi sifatida maydonga chiqadi.

Kapitalistik davlat tipi[tahrir | manbasini tahrirlash]

Ishlab chiqarishning yanada oʻsishi, savdo va sanoatning rivojlanishi yangi davlat tipi – kapitalistik davlatning paydo boʻlishiga olib keldi. Oʻzgalar mehnatidan foydalanishning kapitalistik shakli quldorlik va feodal shakllardan farq qiladi. Bunda u mehnatkashlarning ekspluatatorlarga shaxsan, ochiqdanochiq qaramligiga emas, balki rasman erkin, biroq ishlab chiqarish vositalaridan mahrum boʻlgan va shu sababli yashash uchun oʻz kuchini kapitalistik korxonalarning egalariga sotishga majbur boʻlgan yollanma ishchilar sinfining yashirin iqtisodiy qaramligiga asoslanar edi. Kapitalistik tuzumdagi davlat yaqin vaqtlargacha ekspluatatsiya qilinuvchilarni ekspluatatorlarga boʻysundirishida yordam beruvchi, ularni jamiyatni tashkil etishning muayyan tarixiy shakliga mos keluvchi tartiblarga rioya qilishga majbur qiluvchi mashina boʻlib keldi. Biroq keyingi oʻn yilliklarda kapitalistik jamiyatda jiddiy oʻzgarishlar yuz berdi. Ijtimoiy manfaatlar sinfiy manfaatlardan, umuminsoniy manfaatlar milliy manfaatlardan, umumiy manfaatlar xususiy manfaatlardan ustunlik qila boshladi. Demokratik gʻoyalar va institutlar (tashkilotlar) keng yoyila boshladi, bu jamiyatning rivojlanishida davlatning oʻrni va ahamiyatiga ta’sir qilmasdan qolmadi. Davlat faoliyatining mazmuni, uning ijtimoiy yoʻnalishi jiddiy ravishda oʻzgara boshladi. Davlat zoʻrlik, majbur qilish vositasidan tobora butun jamiyat ishlarini boshqarish mexanizmiga aylana bordi.

Sotsialistik davlat[tahrir | manbasini tahrirlash]

Sotsialistik davlat toʻgʻrisidagi gʻoyalar sinfiy nazariya (markscha-lenincha ta’limot) tarafdorlari asarlarida paydo boʻlgan. Ular oʻz asarlarida sotsialistik davlatni boshqa tipdagi davlatlarga qarshi qoʻyib, asosiy tafovut hokimiyatning ekspluatatsiya qiluvchi ozchilik qoʻlida boʻlishi va undan ekspluatatsiya qilinuvchi koʻpchilik qarshiligini bostirish uchun foydalanishda, deb uqtirganlar. Ularning fikricha, sotsialistik davlat «sotsialistik inqilob» natijasida paydo boʻladi, ya’ni siyosiy hokimiyat zoʻravonlik orqali egallab olinadi. Bu jarayon eski davlat mashinasini sindirish va proletariat diktaturasini oʻrnatish zarurligi bilan bogʻlanadi. Ayni paytda sotsialistik inqilob gʻalabasidan soʻng hokimiyat ishchilar sinfi qoʻlida boʻlishi rejalashtiriladi. Ishchilar sinfi esa butun xalq manfaatlari yoʻlida ekspluatator sinflar qarshiligini bostiradi va butun xalqni yangi hayot qurish uchun oʻziga ergashtirishga intiladi. Sinfiy tipologiya ta’limoti mamlakatimizda sobiq sovet Ittifoqi parchalangunga qadar yagona gʻoya sifatida e’tirof etib kelindi. Ushbu ta’limotning asosiy kamchiligi shundaki, u dunyodagi barcha davlatlarni yagona sinfiy tipologiyaga kiritgan holda, bu boradagi milliy, madaniy, diniy va boshqa bir qator omillarni inkor etadi.

Sivilizatsiyaviy (ma’rifiy) yondashuv[tahrir | manbasini tahrirlash]

Sivilizatsiyaviy (ma’rifiy) yondashuv formatsiyali yondashuvni toʻliq rad etmagan holda, davlat tipologiyasini mamlakatlar erishgan taraqqiyot darajasiga bogʻliq ekanligiga asoslanadi. Sivilizatsiyaviy yondashuv sinfiy yondashuvdan ancha keng. Ma’rifiy tipologiyada davlat sivilizatsiya mahsuli sifatida namoyon boʻladi. Bu yondashuvning koʻzga koʻringan vakili A. Toynbidir. Uning fikricha, sivilizatsiya – jamiyatning milliy, diniy, jugʻrofiy va boshqa belgilarining yaxlitligi bilan ajralib turadigan muayyan holatidir. Unga binoan, davlatlar xronologik, genetik, jugʻrofiy, hududiy, diniy, iqtisodiy asoslar va hokazo mezonlarga koʻra tiplarga ajratiladi. Davlatlarni hududlarining hajmiga qarab katta, oʻrta va kichik davlatlarga boʻlish mumkin. Katta hududli davlatlarga Rossiya Federatsiyasi, AQSh, Xitoy, Hindiston va Meksika kabi davlatlarni misol qilsak, oʻrta hajmli hududdagi davlatlarga Oʻzbekiston, Fransiya, Germaniya, Ispaniya kabi davlatlarni olish mumkin. Kichik davlatlar qatoriga Kipr, Daniya, Vatikan kabi davlatlarni koʻrsatish mumkin. Davlatni izohlashga tarixiy nuqtayi nazardan yondashuv asosida ularni qadimiy, oʻrta asr va hozirgi zamon davlat turlariga ajratsa boʻladi. Qadimiy davlatlar Yevropada milodgacha IX-VII asrlarda mavjud boʻlgan. Oʻrta Osiyo hududida ilk davlatlar sifatida dastlab Katta Xorazm, Soʻgʻd, Qangʻ va Baqtriya davlatlari paydo boʻlgan. Oʻrta asrlarga Oʻzbekiston hududida paydo boʻlgan va rivojlangan Somoniylar, Qoraxoniylar, Saljuqiylar va Ashtarxoniylar davlatlari misol boʻla oladi. Hozirgi zamon davlat turlari sifatida, ayni vaqtda, rivojlanayotgan Oʻzbekiston, Qozogʻiston, Xitoy kabi davlatlarni ta’kidlab oʻtish mumkin. Tarixiy va madaniy rivojlanishiga koʻra esa davlatlar dehqonchilik bilan shugʻullanuvchi (agrar) va sanoat bilan shugʻullanuvchi (industrial) davlatlarga boʻlinadi. Agrar davlatlarning aksariyati Osiyo hududida joylashgan boʻlib, ushbu davlatlar xalqlarining turmush tarzi va hayot kechirish manbayi asosan qishloq xoʻjaligi bilan shugʻullanishga moslashgan. Sanoat bilan shugʻullanuvchi davlatlar sifatida koʻproq Yaponiya, AQSh va Yevropa mamlakatlarini qayd etish mumkin. Oʻzbekiston Respublikasi sanoatlashgan agrar davlat tipiga kiradi.

Sharq va g'arb tipidagi davlatlar[tahrir | manbasini tahrirlash]

Ma’rifiylik tavsifiga koʻra, davlatlar – Sharq va G'arb tiplariga boʻlinadi. Sharq davlatlariga Osiyo hududida joylashgan davlatlarni Gʻarb davlatlariga – Yevropa mintaqasi mamlakatlarini koʻrsatish mumkin. Mamlakatning iqtisodiy rivojlanishi va aholi jon boshiga toʻgʻri keladigan yillik yalpi ichki mahsulotning (YaIM) hajmi boʻyicha yuksak darajada rivojlangan (Shvetsiya, Shveysariya, Yaponiya, Amerika), oʻrta darajada rivojlangan (Rossiya, Qozogʻiston, Oʻzbekiston) va «qashshoq» (Efiopiya, Nigeriya, Kongo, Somali) davlatlarga boʻlinadi. Ma’rifiy tipologiyaning ijobiy jihatlari, birinchidan, ma’lum sharoitlardagi madaniy omillar tipologiyaning asosiy mezoni qilib olinadi, ikkinchidan, ma’naviy mezonlarning koʻpligi, muayyan sivilizatsiyaning oʻziga xos xususiyatlari tipologiyani aniq amalga oshirishga imkon beradi.

Havolalar[tahrir | manbasini tahrirlash]