Buxoro madrasalari

Vikipediya, ochiq ensiklopediya
(Buxoro madrasasidan yoʻnaltirildi)
Ulugʻbek madrasasiMirzo Ulugʻbek tomonidan bunyod etilgan ilk madrasa. Buxoroda saqlanib qolgan Oʻrta Osiyodagi eng koʻhna klassik turdagi madrasa.

Buxoro madrasalari — Turon hududiga islom kirib kelib, mustahkam oʻrnashganidan soʻng, Buxoro vohasida IX asr boshlaridan tashkil etila boshlagan oliy taʼlim berish uchun maxsus qurilgan oʻquv binolari — oliy oʻquv yurtlarining umumlashtirilgan nomi.

Buxoro madrasalari taʼlim tizimining eng yuqori bosqichi boʻlib, ilm maskani sifatida nafaqat Turonda, balki barcha musulmon mamlakatlarida madaniyat oʻchoqlari vazifasini oʻtab, maʼrifat markazi boʻlgan. Buxoro madrasalari islom olamidagi eng mashhur va nufuzli oliy oʻquv yurti boʻlib, ularda taʼlim olgan ulamolarning diniy masalalardagi fikrlari Misr va Hijozda oʻqiganlarning fikrlaridan koʻra moʻtabarroq hisoblangan[1].

Buxoro madrasalari nafaqat oliy oʻquv yurti, balki oʻziga xos meʼmoriy yodgorlik obidalari ham edi. Buxoro madrasalari oʻz hashamati, pishiq va puxta qurilganligi bilan meʼmoriy jihatdan oʻrta asr arxitekturasining eng nodir namunalari sifatida hozirgacha saqlanib qolgan. Madrasalar qurish ishi bilan asrlar osha shugʻullanilganligi bois, bu borada boy tajriba ham shakllangan[2].

Buxoro madrasalariga oid manbalar[tahrir | manbasini tahrirlash]

Buxoro madrasalari faoliyati tarixiga oid maxsus tizimga solingan maʼlumotlar XX asrning boshlaridayoq paydo boʻla boshlagan. Sadri Ziyo, Sadriddin Ayniy, Abdurauf Fitrat, Muhammad Ali Baljuvoniy, Sayyid Mansur Olimiy kabi mualliflar Buxoro madrasalari haqida qimmatli maʼlumotlar berishgan[3]. Bunga qadar Buxoro madrasalari tarixi manbalarda deyarli maxsus yoritilmagan[4].

SSSR davrida Buxoro madrasalari toʻgʻrisidagi maʼlumotlar Lazar Rempel izlanishlarining muayyan qismini tashkil etadi. Lazar Rempel mahalliy aholidan olgan maʼlumotlaridan tashqari X—XVII asrlarda yashagan mahalliy va arab tarixchi-geograflaridan Muhammad Narshaxiy, Istaxriy, Ibn Havqal, Juvayniy, Maqdisiy, Tabariy, Ibn Hurdodbeh, Ibn al-Asir, Zayniddin Vosifiy va rus tarixchilaridan Vasiliy Bartold, Mixail Masson, Ivan Umnyakov, Vasiliy Shishkin va boshqa olimlarning asarlaridan keng foydalangan[5].

Ushbu davrda Poʻlatjon Aminovning 1950—1970-yillarda Buxoro madrasalari tarixiga doir toʻplagan maʼlumotlari topilgan. Ushbu axborotlar tartibsiz, turli sahifalarga sochilib, aralashib yotgani; ishda aniq qoida va izchillik boʻlmaganligi; ish tadqiqotning birinchi — boshlangʻich bosqichining quyi holatida qolgan boʻlsa-da, shunga qaramay, tadqiqotchiga ularning foydasi tegishi taʼkidlangan[3].

SSSR qulab, uning tarkibidagi davlatlar mustaqillikka erishganlaridan soʻng, Oʻzbekistonda bu sohaga qiziqish jonlanadi. Ashraf Ahmedov, M. Ismoilov, Qahramon Rajabov, G. Solijonova, D. Ziyoyeva, Feruza Bobojonova, Z. Xalilova kabi tadqiqotchilar bu sohaga ayrim kichik yangiliklar olib kirishgan boʻlishsa[6], 2010-yillarga kelib, Feruza Bobojonova, Lobar Asrorova va ayniqsa, Abdusattor Jumanazar bu borada katta ishlarni amalga oshirishdi.

Feruza Bobojonova, Lobar Asrorovaning ishlarida asosiy eʼtibor Buxoro amirligidagi madrasalarga qaratilgan boʻlsa, Abdusattor Jumanazar tadqiqotlari qamrovi IX—XX asr boshlari oraligʻida mavjud boʻlgan Buxoro madrasalari tarixiga bagʻishlangan boʻlib, 300 dan ortiq Buxoro madrasalariga doir maʼlumotlar yigʻilgan va tadqiqotda foydalanilgan hujjatlarning taxminan 75—80 foizi (koʻproq ham boʻlishi mumkin) ilmiy muomalaga kiritilgan[7]. Bunga qadar, Oʻzbekistondagi birorta madrasa faoliyati tarixi zamonaviy ilmiy talablar asosida mukammal tadqiq qilinmagan edi[8].

Oʻrta asrlarda Buxoro madrasalari[tahrir | manbasini tahrirlash]

IX asrda Buxoroda maktab va madrasa atamalari hamda oʻrta va oliy taʼlim yurtlari tushunchalari shakllangan[9].

Oʻrta asrlarda Buxoro madrasalari ilm maskani sifatida nafaqat Movarounnahrda, balki Markaziy Osiyo, musulmon sharqida ham mashhur edi[10][11][12]. Sadriddin Ayniyning qayd etishicha, Buxoro madrasalarining islom olamidagi nufuzi juda yuqori boʻlib, ularda taʼlim olgan ulamolarning diniy masaladagi soʻzlari Misr va Hijozda oʻqiganlarning soʻzlaridan koʻra moʻʼtabarroq hisoblangan[13].

Buxoro madrasalari azaldan islom dunyosining ilm-maʼrifat markazi sifatida katta nufuzga ega boʻlganligi sababli XIX—XX asr boshlarida ham oʻzining maʼnaviy-madaniy markaz sifatidagi ahamiyatini yoʻqotmagan[14]. XIX asr oxiri va XX asrning boshlarida ham Buxoro madrasalarining islom dunyosidagi mavqei va nufuzi maʼlum darajada saqlanib, jamiyat taraqqiyoti darajasidan kelib chiqib, oʻsha vaqtda davlatning hukmron siyosati va islom taʼlimotiga xizmat qilgan[1]. XX asr boshlarida Buxoro madrasalari Markaziy Osiyo, Kavkazorti, hozirgi Tatariston va Boshqirdiston hududlari uchun islomiy taʼlim markazlaridan biri sifatida muhim ahamiyat kasb etgan[15][16].

Manbalar[tahrir | manbasini tahrirlash]

  1. 1,0 1,1 Bobojonova 2014, s. 52.
  2. Bobojonova 2014, s. 52—53.
  3. 3,0 3,1 Jumanazar 2017, s. 7.
  4. Jumanazar 2017, s. 44.
  5. Boltayev 2021, s. 30—35.
  6. Jumanazar 2017, s. 7—8.
  7. Jumanazar 2017, s. 6.
  8. Jumanazar 2017, s. 50.
  9. Movarounnahr ilmiy markazlari 2022, s. 286.
  10. Toʻrayev 2012, s. 17.
  11. Bobojonova 2014, s. 35.
  12. Asrorova 2017, s. 10.
  13. Bobojonova 2014, s. 35—36.
  14. Xolnazarova 2021, s. 198—201.
  15. Asrorova 2017, s. 14.
  16. Asrorova 2017, s. 129.

Adabiyotlar[tahrir | manbasini tahrirlash]

Ilmiy adabiyotlar[tahrir | manbasini tahrirlash]

  • Asrorova L. Q.. Buxoro madrasalari tarixidan. Toshkent: Hilol-Nashr, 2017 — 224 bet. ISBN 978-9943-4818-6-2. 
  • Bobojonova F.. Buxoro amirligida taʼlim tizimi (XIX asr oxiri — XX asrning boshlarida). Toshkent: Adib, 2014 — 128 bet. 
  • Jumanazar A.. Buxoro taʼlim tizimi tarixi. Toshkent: Akademnashr, 2017 — 592 bet. ISBN 978-9943-4728-2-2. 
  • Movarounnahr ilmiy markazlari [Izomaterial]: kitob-albom Munavvarov Z. va boshqalar: . Toshkent: Oʻzbekiston xalqaro islom akademiyasi, 2022 — 480 bet. 

Ilmiy maqolalar[tahrir | manbasini tahrirlash]

  • Boltayev A. H., Rajabov O. I. XX asrning 40-yillari Buxoroda tashkil qilingan ilmiy ekspeditsiya // Oʻtmishga nazar. — 2021. — Andoza:Бсокр.
  • Toʻrayev H. Buxoro amirligida maorif, fan va din // Тyркi тiлдес елдер. Республикалық ғилими-адiстемелiк жене танымдық журнал. — 2012. — Andoza:Бсокр.
  • Xolnazarova L. S. XIX—XX asr boshlarida Buxoro amirligida madrasalar va ularning madaniy hayotda tutgan oʻrni // Oʻtmishga nazar. — 2021. — Andoza:Бсокр.

Havolalar[tahrir | manbasini tahrirlash]