Sadri Ziyo

Vikipediya, ochiq ensiklopediya
Sharifjon Maxdum Sadr Ziyo
Tavalludi 1865-yil
Vafoti 1932-yil
Buxoro
Fuqaroligi Buxoro amirligi
Buxoro Xalq Sovet Respublikasi
O‘zbekiston SSR
Kasbi mudarris, qozi, rais, qozikalon, xattot
Bolalari Muhammadjon Shakuriy
Otasi Abdushukur ibn Abdurasul

Sharifjon Maxdum Sadr Ziyo (1865—1932)[1] — davlat va jamoat arbobi, mudarris, qozi, rais, qozikalon, xattot. Jadid maʼrifatparvarlaridan. Sharifjon Maxdum Sadr Ziyoning oʻgʻli Muhammadjon Shakuriy[2] tojik tili va madaniyatini rivojlanishida ulkan hissa qoʻshgan taniqli olim[3][4].

Yoshligi[tahrir | manbasini tahrirlash]

Muhammad Sharifjon maxdum Sadr Ziyo ibn Abdushukur ibn Abdurasul 1865-yili 24-fevralda tumanida otasi qozilik qilayotgan Buxoro amirligiga qarashli Ziyovuddin hududida tugʻilgan. Ziyo (Nur) uning taxallusi, Sadr esa diniy-ilmiy martaba sanalib, dastlab Sadri Ziyoga Buxoro amiri Abdulahad (1885-1910) tomonidan Sudur (1900-yil 17-oktyabr) va Sayid Olimxon (1910—1920) tomonidan esa Sadr unvoni (1912-yil 24-avgust) berilgan. Muhammad Sharifning otasi Abdurasul oʻgʻli Abdushukur (1817—1889) ijtimoiy kelib chiqishiga koʻra charmgar kosiblardan boʻlib, oʻz davrining ilgʻor ziyolilaridan hisoblangan. Amir Haydar (1800—1825) mamlakatni idora qilgan davrda uning otasi va bobosi Buxoroga koʻchib borgan va Mirza Gʻofur mahallasida yashagan. Otasidan Sadr Ziyoga katta kutubxona meros sifatida qolgan.

Faoliyati[tahrir | manbasini tahrirlash]

Sadr Ziyo dastavval otasi Abdushukur qoʻlida xat-savod chiqargan. Maktab taʼlimini olgach, madrasada tahsil olgan. Madrasada oʻqigan kezlari haftaning taʼtil kunlari (seshanba, chorshanba va payshanba) uyida oʻsha zamonning ilgʻor kishilarini toʻplab adabiy kechalar va yigʻinlar uyushtirib turgan. Ushbu maʼrifiy tadbirlar XIX asr oxiri — XX asr boshlarida Buxoro adabiy muhitini shakllanishiga katta taʼsir koʻrsatgan. Sadr Ziyo 1893-yilning 9-mayda Hayrobod (hozirgi Jondor) tumaniga qozi etib tayinlanadi va mazkur lavozim bilan bogʻliq faoliyati 1920-yilgacha, yaʼni Buxoro inqilobiga qadar davom etadi. Sadr Ziyo Hayrabod tumanida olti oy mobaynida qozilik qilgach, 1893—1895-yillarda Yangiqoʻrgʻon bekligida, 1895—1897-yillarda Xutfar (Peshkoʻ) tumanida, 1897—1902-yillarda Karmana bekligida, 1902-1905 yillarda Karki bekligida, 1905—1906-yillarda Komot (Vobkent) tumanida, 1906—1909-yillarda ikkinchi marta Xutfar tumanida, 1909—1910-yillarda Shahrisabz bekligida, 1910—1916-yillarda Nasaf bekligida, 1916—1917-yillarda Qarshi bekligida qozilik qilgan. 1917-yilning 27-martida Sadr Ziyo Buxoroning qozikaloni etib tayinlanadi[5], ammo saroy amaldorlarining katta qismining noroziligi tufayli 1917-yil 9-aprelida lavozimidan boʻshatiladi. Oradan 5 oy oʻtgach, Amir Olimxon 1917-yilning 10-oktyabrida Sharifjon Sadr Ziyoni Qarshi bekligi qozisi etib tayinlaydi. 1918-yil bahorida Turkiston Xalq komissarlari Soveti raisi F.Kolesovning Buxoroga qarshi bosqini oqibatida Amir Olimxon jadidlarni xoinlikda ayblab, jazolashni buyurdi. Qarshida qozilik qilayotgan Sadr Ziyo ham jadidlarga xayrixohlikda ayblanib hibsga olinadi va qoʻlyozmalari oʻzining koʻz oʻngida yoqib yuboriladi. Yetmish kun soʻng u ozod etilib, Shahrisabz bekligiga qozi etib tayinlanadi[6]. 1920-yil Buxoroda amirligi tugatilgach, Sadr Ziyo Buxoro Xalq Sovet Respublikasi Vaqf ishlari boʻyicha boshqarmasida ish boshlaydi[7]. Keyinchalik shariat ishlari boʻyicha boshqarma raisi oʻrinbosari va 1923-yildan Abu Ali ibn Sino nomidagi kutubxona rahbari sifatida faoliyat yuritgan. Sadr Ziyo davlat arbobi boʻlish bilan bir paytda tarixnavislik va adabiyot bilan shugʻullangan.

Sadri Ziyo 1932-yilda sovet qamoqxonasida vafot etgan[8].

Merosi[tahrir | manbasini tahrirlash]

Ayrim manbalarda Sharifjon Maxdum qalamiga mansub turli mavzulardagi asarlar soni 75 tani tashkil etadi deyilgan[9]. Bugungi kunda Oʻzbekiston FA Abu Rayhon Beruniy nomidagi Sharqshunoslik institutining qoʻlyozmalar xazinasida Sadri Ziyoning oʻz dastxati bilan koʻchirilib, 9 ta jildda jamlangan koʻplab risolalari, tazkiralari va tarixiy asarlari saqlanmoqda. Bu asarlarning aksariyati L. M. Yepifanova tomonidan qisqacha tavsiflangan. Asarlari XIX asrning ikkinchi yarmi — XX asr boshlariga oid Buxoro amirligi tarixi, ilmiy, adabiy muhitini oʻrganishda qimmatli manbalar sirasiga kiradi.

Manbalar[tahrir | manbasini tahrirlash]