Abu Azba

Vikipediya, ochiq ensiklopediya
Abu Azba al-Hasan ibn Abdulmuhsin
Shaxsiy maʼlumotlar
Vafoti milodiy 1759-yil (hijriy 1172-yil)
Dini Islom
Tanilgan sohasi «Ar-Ravza al-bahiyya» asari muallifi

Abu Azba (arabcha: أبو عذبة — moturidiyya va ash’ariyya orasidagi farqlarga doir „Ar-Ravza al-bahiyya“ asari muallifi.

Abu Azba al-Hasan ibn Abdulmuhsinning kalom olimlari qatorida bo‘lganidan boshqa maʼlumot yo‘q. Bag‘dodlik Ismoil Posho, Abu Azba ismi o‘rniga Ibn Azba kunyasini qo‘llagan. Abu Azba o‘z asari­ning muqaddimasida 1713-yil oktabr (hijriy 1125-yilning ramazon oyi)da Makkada bo‘l­ganini qayd qiladi. Mazkur asarda mazhabi bilan bog‘liq hech qanday maʼlumot bo‘lmasa-da, lekin u ahli sunna tarafdori bo‘lgani „ashabuna“ ifodasi bilan tasdiq qilinadi. „Ar-Ravza al-bahiyya“­ning xotimasida Abu Hanifa bian al-Ash’a­riyni qiyoslar ekan, shunday deydi: „Abu Hanifa bilan shayximiz al-Ash’ariy bir-birini qo‘llab-quvvatlagan shaxslardir. Chunki ikkisi ham ahli sunnadan bo‘lib, firqai nojiya asoslarini hujjatlash­tirganlar“. Bu yerdagi „shayximiz“ so‘ziga tayanib, uning ash’ariy mazhabiga mansub bo‘lganini aytish mumkin. U har ikki mazhab qarashlarini qiyoslar ekan, ulardan birini tarjih etganini ochiq ifoda bilan bayon qilishdan cheklangan.

Ijodi[tahrir | manbasini tahrirlash]

Manbalarda uning ikki asari — „Nuzha ahli sunna sharh aqӣda Ibn ash-Shihna“ va „Al-Matāli’ as-saʼӣda fӣ sharh al-qasӣda li-s-Sanӯsӣ“ haqida maʼlumotlar uchraydi.

Muqaddima[tahrir | manbasini tahrirlash]

Muqaddimada nomi „Ar-Ravza al-ba­hiyya fӣ mā bayna-l-ashā’ira va-l-mā­turӣdiyya“ shaklida qayd qilingan asarning yozilishi 1713-yil (hijriy 1125-yil). Makkada boshlangan. Bag‘dodlik Ismoil Posho va ehtimol undan naql qilgan az-Zirikliy ham risolaning 1759-yil(1172-yil)da yozib tugatilganini aytgan bo‘lsalar-da, uning manbasi topilmagan. Asar muqaddima, ikki bo‘lim va xotimadan iborat. Muqaddimada Abu-l-Hasan al-Ash’ariy va Abu Mansur al-Moturidiy ahli sunnaning ikki imomi bo‘lgani, ularga ergashganlar hidoyatda ekani qayd etilib, ularning asarlari va mazhablari yoyilgan joylar haqida qisqacha maʼlumotlar keltirilgan. Bu ikki imomning ahli sunna aqidasining asosiy masalalarida ittifoq qilganlari, baʼzi masalalarda ixtilof­ga borgan bo‘lsalar-da, bir-birlarini bid’atchilik va fasod chiqarishda ayblamaganlari maʼlum qilinadi.

I boʻlim[tahrir | manbasini tahrirlash]

Kitobning birinchi bo‘limida yetti masala borasida ikki mazhab orasidagi lafziy ixtiloflar, ikkinchi bo‘limda olti masala holatida maʼno bilan bog‘liq ixtiloflar muhokama qilinadi. Ilk bo‘limda tilga olingan mavzular quyidagilardir: Iymonda istisno („insha Alloh, moʻminman“ deyish) joizmi yoki yo‘q, Lavh ul-mahfuzda moʻmin deb qayd qilingan kimsaning kofir, kofir deb qayd qilingan kimsaning moʻmin bo‘lishiga imkoni (saʼid-shaqiy masalasi), Alloh tomonidan kofirga haqiqiy maʼnoda neʼmat berilib-berilmagani, payg‘ambarlarning risolati vafotlaridan keyin davom etib-etmagani, muqallid iymonining joizligi va kasb masalasi.

II boʻlim[tahrir | manbasini tahrirlash]

Ikkinchi bo‘limda bayon qilingan maʼno ixtiloflari quyidagilardir: Allohning itoatkor qulini azoblashi aqlan mumkin bo‘lib-bo‘lmasligi, Alloh­ni tanishning diniy dalil bilan yoki aqliy dalil bilan vojib ekani, feʼliy sifatlarining qadiym yoki hodisligi, bandaning toqati yetmaydigan ishdan so‘ralishi mumkin bo‘lib-bo‘lmasligi, payg‘ambarlarning gunohlardan saqlangan bo‘lishlarining chegarasi.

Xotima[tahrir | manbasini tahrirlash]

Asarning davomida ash’ariyya mazhabiga bog‘liq bo‘lish bilan bir qatorda imomga muxolifat qilgan olimlarning kimlar bo‘lgani, „mutanosiron“ ifodasi bilan Abu Hanifa va ash’ariylar qasd qilingani, „al-Xizlon“ atamasining maʼnosi, iymonning maxluq bo‘lib-bo‘lmagani kabi boshqa mavzularni o‘z ichiga olgan xotima qismi bayon qilingan. Xotimada Faxruddin ar-Roziyning biografiyasiga ham o‘rin ajratilgan.

Abu Azba asarda vaqti-vaqti bilan bir maz­habning ichki ixtiloflari, masalan, iymonning maxluq bo‘lib-bo‘lmasligi mavzusida Samarqand hanafiylari bilan Buxoro hanafiylari orasidagi fikrlar, moturidiyya bilan ash’ariyya orasidagi farqlarni izohlar ekan, avval mavjud bo‘lgan ixtiloflarni tushuntiradi. Baʼzida qodiriyya, mu’tazila va hoshimiyya kabi mazhab­lardan ham so‘z ochib, hanafiyya kalimasini „eʼtiqodiy firqa“ maʼnosida qo‘llaydi. Abu-l-Hasan al-Ash’ariy va Imom al-Moturidiy nomlarini faqat bir necha o‘rinlardagina zikr qiladi. Al-Ash’ariy bilan ko‘proq Abu Hanifa nomini keltiradi. Asarda mazhab­ga mutaassiblik kuzatilmaydi, xossatan ahli sunna kalom olimlarining klassik davrida muhokama qilingan masalalar bo‘­yicha maʼlumotlarni o‘z ichiga oladi.

Ushbu asar Haydarobod va Bayrutda nashr qilingan. Keyinchalik unga ko‘plab sharhlar yozilgan[1].

Adabiyotlar[tahrir | manbasini tahrirlash]

  1. Abu Azba. Ar-Ravza al-bahiyya. — Haydar­obod: 1322;
  2. Serkîs. Mu’jam. I, 324;
  3. Brockelmann. GAL. Suppl., I, 346;
  4. Az-Zirikliy. Al-Aʼlām. — Bayrut: 2002. II, 198;
  5. Kahhola. Mu’jam al-muallifӣn. III, 243;
  6. Irfon Abdulhamid. Dirāsāt fi-l-firaq va-l-’aqāid al-islāmiyya. — Bayrut: 1404/1984. 150;
  7. Şükrü Özen. „İbnü’ş-Şıhne, Ebü’l-Fazl“. DİA. XXI, 222;
  8. İlyas Çelebi. „er-Ravzatü’l-Behiyye“. TDV İA. — İstanbul: 2007. XXXIV, 476.

Manbalar[tahrir | manbasini tahrirlash]

  1. Ислом энциклопедияси (oʻzbekcha,), 2020-yil. ISBN 978-9943-59-267-4.