Abdulloh Subazmuniy

Vikipediya, ochiq ensiklopediya
Abdulloh Subazmuniy
Tavalludi milodiy 872-yil
Buxoro yaqinidagi Subazmun qishlogʻi
Vafoti milodiy 952-yil
Buxoro yaqinidagi Subazmun qishlogʻi
Istiqomat joylari Xuroson, Iroq, Misr va Hijoz
Sohasi muhaddis, faqih
Dini Islom

Abdulloh Subazmuniy (arabcha: عبدالله صبزموني — Abdulloh Subazmuniy — Toʻliq ismi: Abu Muhammad Abdulloh ibn Muhammad ibn Ya’qub ibn Horis ibn Xalil Subazmuniy Kaloboziy Buxoriy(872-952)) — muhaddis va faqih.

Abdulloh Subazmuniy (872–952, Buxoro yaqinidagi Subazmun qishlogʻi) — muhaddis, faqih. Manbalarda Imom Subazmuniyning hayoti va ilmiy-ma’naviy merosiga oid ma’lumotlar juda kam. Abu Hafs Nasafiy (vafoti 1142-yil), Abdulkarim Sam’oniy (vafoti 1167-yil), Abdulqodir Qurashiy (vafoti 1373-yil), Abdulhay Laknaviy (vafoti 1887-yil), Ibn Qutlubugʻo (vafoti 1475-yil), Hoji Xalifa (vafoti 1609-yil), Abdulhay ibn Imod Hanbaliy (vafoti 1679-yil) kabi olimlarning asarlarida Imom Abdulloh Subazmuniy, uning merosi haqida qisqacha ma’lumotlar berilgan xolos. Shuningdek, Imom Abu Hanifaning ba’zi manoqibi va musnadlariga bagʻishlab yozilgan qator asarlarda ham Imom Subazmuniy va uning ilmiy faoliyatiga oid ayrim ma’lumotlar uchraydi.

Hayoti[tahrir | manbasini tahrirlash]

Abdulloh Subazmuniy hijriy III-IV asr muhaddislari bilan bir asrda yashab faoliyat olib borgan hadis bilimdonlaridan biridir. Abdulloh Subazmuniy haqida ko‘plab kitoblarda ma’lumot uchraydi, ismi-sharifi borasida ixtilof yo‘q. Abdulloh Subazmuniy Buxorodan yarim farsax (1,5 km.) uzoqlikdagi “Subazmun” qishlog‘ida tavallud topgan. Najmiddin Umar Nasafiy o‘zining “Al-qand fi zikri ulamoi Samarqand” asarida 258/872-yili rabi’ul oxir oyida chorshanba kuni tavallud topganligi haqida yozgan. Subazmuniy nisbasi allomaning tugʻulgan joyiga nisbatan ishlatilgan. Subazmun nomi manbalarda turlicha uchraydi, Yoqut Hamaviyning “Mu’jamu-l-buldon” va Ibn Qutlubg‘oning “Toju-t-tarojim” asarlarida Subazyun, Zirikliy “A’lom” asarida Sabazmun deb bergan. Imom Subazmuniy nasabi allomaning tugʻilgan joyiga nisbatan ishlatilgan.[1]

Manbalar[tahrir | manbasini tahrirlash]

Subazmun nomi manbalarda turlicha masalan, Subazyun, Sabazmun, Sabzamun tarzida ham uchraydi. Allomaga deyarli zamondosh olim Abdulkarim Sam’oniyning «al-Ansob» asarida ham ushbu joy Subazmun deb atalgan. Bundan tashqari, «Mozoroti Buxoro» (Buxoro mozorlari) asarida ham joy nomi Subazmun deb keltirilgan. XIV va XVI asr vaqf hujjatlarida ushbu qishloqning nomi Sapidmun va Safidmun shaklida qayd etilgan. Buxoroning Arabon dahasida esa xonaqo uslubidagi masjid boʻlib, u sufiylar zikr tushadigan joy hisoblangan. Hozirgacha saqlangan mazkur masjidni Imom Abdulloh Subazmuniy qurdirgan va u «Abdullo Safedmoʻyi masjidi» nomi bilan yuritilib kelinmoqda. Shuningdek, Buxoro shahrining 6-kichik dahasida «Xoja Abdullo Safedmoʻyi» nomli mozor ham bor. Abdulloh Subazmuniyning yoshligidan tirishqoqligi, ilmga qiziqishi oʻsha davrning koʻpgina ilmlarini egallashida namoyon boʻlgan hamda uning hanafiy faqihi, muhaddisi, shu bilan birgalikda tilshunos olim boʻlib yetishishida katta ahamiyat kasb etgan. U oʻz davrida saroyda fiqhiy masalalar bilan mashgʻul boʻlib, ular xususida turli hukm va fatvolar chiqargan. Ayni vaqtda, u koʻplab hadislarni biladigan katta shayx boʻlgan. Shu bilan birga saroy ahli undan doimiy ravishda maslahatlar olgan va unda biror marta ham xato uchramagani uchun unga «Ustoz» taxallusini berganlar. Ilm-fanga tashna faqih ona yurtidan uzoq mamlakatlar, xususan, Xuroson, Iroq va Hijoz yurtlariga koʻplab sayohat qilganidan «al-Javvol» (jahongashta, sayohatchi) laqabini ham olgan. Imom Subazmuniy ham oʻzining ilmiy safarlari davomida Movarounnahrdan to Misrgacha boʻlgan ulkan masofani bosib oʻtgan. Safar qilgan shaharlarida olimlardan saboq olib, ilmiy bahs va munozaralarda ishtirok etgan. Bularning hammasi Subazmuniyning yirik olim boʻlib yetishishi uchun mustahkam zamin tayyorlagan. Imom Subazmuniy 952-yili vafot etgan. Uning qabri oʻzi tugʻilib oʻsgan Subazmun qishlogʻida joylashgan.

Faoliyati[tahrir | manbasini tahrirlash]

Abdulloh Subazmuniy nafaqat muhaddis, balki faqih ham boʻlgan. Mashhur muhaddis Valiyulloh Dehlaviy (1703–1762) «Shamsulaimma Halvoniy peshqadam olimlardan boʻlib, tarjih ahlidan (hukmlarni hech kimga tayanmasdan chiqaruvchi kishi) edi. Shuningdek, Abu Ali Nasafiy, Abu Bakr Muhammad ibn Fazl va Abdulloh ibn Muhammad Subazmuniylarning barchalari «ashob al-vujuh» (e’tiborli kishilar) toifasidan boʻlib, hanafiy faqihlari doimo ularga tayanib ish koʻrardilar», degan fikrni aytgan. Mavjud manbalardagi ma’lumotlarning kamligi Abdulloh Subazmuniyning hayoti va ilmiy faoliyati, fikr doirasi, dunyoqarashi, xorijiy yurtlarga safarlari, boshqa olimlar bilan boʻlgan bahs-u munozaralari haqida toʻliq tasavvur hosil qilish imkonini bermaydi. Subazmuniyning tasavvufga boʻlgan munosabati, kalom ilmiga doir faoliyati, tafsir borasida amalga oshirgan ishlari haqida faqat uning oʻziga mansub asarlardan ayrim ma’lumotlarni olish mumkin, xolos. Ammo islom dini ta’limotida faqihlarga qoʻyiladigan talablardan kelib chiqib, u tafsir, aqida va boshqa islomiy ilmlardan yetarli darajada voqif boʻlib, mahalliy urf-odatlarni ham yaxshi bilgani haqida xulosa qilish mumkin. Imom Subazmuniy oʻzining sakson ikki yillik umri davomida islom ilmlarining turli sohalari, ayniqsa, hadis va fiqh ilmlarida samarali ijod qilgani va faoliyat olib borgani uning muhaddis hamda faqih boʻlib tanilishiga hissa qoʻshgan.

Ustozlari[tahrir | manbasini tahrirlash]

Abdulloh Subazmuniyning ustozlari haqidagi ma’lumotni «Kashf al-osor» asaridan olish mumkin boʻlib, unda yozilishicha, alloma uch yuz yigirmata roviy-ustozi (shayx)dan hadis eshitgan. «Kashf al-osor»ga tayanib aytilsa, olim boshlangʻich bilimni oʻz otasidan olgan boʻlib, uning ismi Muhammad ibn Ya’qub ibn Horis, amakisi ham hadis roviylaridan boʻlib, ismi Jabroil ibn Ya’qub ibn Horisdir. Shuningdek, Imom Subazmuniyning ustozlaridan yana ba’zilari Abu Abdurahmon Shayboniy Buxoriy (vaf. 919-yil) va Abu Hafs Ahmad Sikijkasiy Buxoriy (vaf. 927-yil) Manbalarda keltirilishicha, Subazmuniydan hadis va fiqhdan ta’lim olgan olimlar koʻp boʻlib, ular orasida Abu Bakr Muhammad ibn Fazl Kamoriy (913 –991) eng mashhuri boʻlgan. Laknaviy «al-Favoid» asarida Ibn Fazlning shogirdlari isnodini keltiradi. Bu isnodlar mahalliy faqihlargacha yetib borib, ulardan Burhoniddin Margʻinoniy (vaf. 1197-yil), Alouddin Samarqandiy (vaf. 1157-yil) kabi allomalarni sanab oʻtish mumkin. Bundan Movarounnahrda hanafiy fiqhiy maktabiga asos boʻlgan Abu Hafs Kabir va Sagʻirlarning qarashlari Subazmuniy va undan soʻng shogirdi Muhammad ibn Fazl orqali keng rivojlantirilgan, degan xulosa kelib chiqadi.

Asarlari[tahrir | manbasini tahrirlash]

Manbalarda Abdulloh Subazmuniyning bir necha asarlar muallifi (lahu tasonif) ekani qayd etilgan. Biroq bizga uning ikki asari ma’lum. Biri «Musnad Abi Hanifa» yoki qisqacha qilib «Musnad», ikkinchisi «Kashf al-osor fi manoqib Abi Hanifa», bu asar qisqacha «Kashf al-osor» deb yuritiladi. Biroq «Musnad Abi Hanifa»ning O’zbekistondagi nusxalari haqida ma’lumot mavjud emas. Ammo «Musnad»ning bir necha qoʻlyozmasi Turkiyaning Salimogʻa, Tubqubusaroy va Fayzulla afandi kutubxonalarida saqlanmoqda. Bu asar Abu Hanifaga nisbat berilgan oʻn besh musnaddan biri hisoblanadi. Abdulloh Subazmuniyning mazkur «Musnad» asari keyinchalik boshqa hanafiy muhaddislari tomonidan qayta ishlangan. Ulardan biri Muso ibn Zakariyo Xaskafiy Qozi Sadruddindir (vaf. 1252-yil). U ustozning asarini muxtasar holatga keltirgan. Bu asarning qoʻlyozmasi «al-Azhar» universiteti kutubxonasida «311832» raqami ostida (176 varaqdan iborat) saqlanib, asar «Hofiz Abu Muhammad Horisiy musnadi» deb atalgan. Bu asarni Abu Muhammad Asyutiy tadqiq qilib, xatolarini toʻgʻrilagan va hadislarining manbasini keltirib, 2008-yilda Bayrutdagi «Dor al-kutub al-ilmiya»da nashr qildirgan. Xaskafiydan soʻng uning kitobini shayx Muhammad Obid ibn Ahmad Sindiy Madiniy (vaf. 1839-yil) fiqhiy masalalar tartibiga koʻra joylashtirgan. Bundan koʻzlangan maqsad, Abu Hanifaning ustozlarini bilmagan tolibi ilm undan hadislarni topishi qiyin boʻlgan, shu bois undan osonlik bilan foydalanish uchun fiqhiy tartibda joylashtirib chiqqan. Asarda besh yuzdan ortiq hadis oʻrin olgan boʻlib, u «Sindiy musnadi» nomi bilan yuritiladi. Bu asarga Ali Qoriy tomonidan yozilgan sharh Hindistonda 1894-yili Haraviy tomonidan nashr qilingan. Shuningdek, Sindiyning oʻzi asarga «al-Mavahib al-latifa fi-l-Haram alMakkiy bi sharh Musnad al-Imom al-Xaskafiy» nomi bilan sharh ham yozgan. Musnadlar orasidagi eng katta sharh ehtimol shu boʻlishi mumkin. Shu bilan birga, Muhammad Hasan Sunbuhaliy (vaf. 1887-yil) Sindiyning asarini «Tansiq an-nizom bi sharh Musnad al-Imom» nomi bilan sharhlagan va uning muqaddima qismida asardagi roviylar haqida qimmatli ma’lumotlar keltirgan. Ikkinchi olim Mahmud ibn Ahmad ibn Mas’ud Jamoluddin Qunaviy Dimashqiy (vaf. 1369-yil) ham Abdulloh Subazmuniyning asarini muxtasar qilib, uni «al-Moʻʻtamid li muxtasar al-Musnad» (Musnadning muxtasariga tayanch) deb nomlagan. U asarni fiqhiy masalalar tartibiga koʻra oʻttiz uch bobga boʻlib chiqqan. Soʻngra uni «al-Mustanid sharh al-Moʻʻtamid» nomi bilan sharhlagan. Mavridi kelganda aytish kerakki, bu olim tafsir, kalom, fiqh va boshqa sohalarda ham qalam tebratgan serqirra faoliyat sohibidir. Uchinchi olim esa, Zaynuddin Qosim ibn Qutlubugʻo (vaf. 1474-yil) boʻlib, u ham Horisiyning asarini Abu Abdulloh Muhammad ibn Husayn ibn Xusrav Balxiy (vaf. 1183-yil) orqali boblarga boʻlgan holda rivoyat qilgan va u «Ibn Qutlubugʻo Musnadi» deb yuritiladi. Agar Xaskafiyning muxtasarida hadislar bir necha bor takror kelgan boʻlsa, bir hadis keltirilib, qolganlarida isnodning oʻzi zikr qilinadi va bu bilan boshqalar ham bu hadisni naql qilganini bildiradi. Muxtasar qilingan joyda «Qola Abu Muhammad...» (Abu Muhammad dedi...) deb ta’kidlangan oʻrinlar koʻp uchraydiki, bular orqali Subazmuniy keltirgan isnodlarning oʻrnini koʻrish mumkin. Abdulloh Subazmuniyning «Musnad» asari boshqa olimlar tomonidan qayta ishlab chiqilgani muhim bir holdir. Afsuski, yuqorida zikr etilgan manbalardan, Xaskafiyning asarigina bizgacha yetib kelgan. Lekin shunday boʻlgan taqdirda ham Xaskafiyning muxtasariga «sharh» bitilganini mamnuniyat bilan qayd etish lozim. Yuqorida keltirilgan ma’lumotlardan Abdulloh Subazmuniyning asari ustida olib borilgan ishlar koʻlami naqadar keng ekani ma’lum boʻlmoqdaki, bundan Subazmuniyning «Musnad»ini bizning olimlarimiz tomonidan tadqiq qilinishi muhimligi kelib chiqadi. Ayniqsa, Sindiy asaridagi roviylarni chuqur oʻrganish yurtimizdan yetishib chiqqan barcha hanafiy muhaddislarni toʻliq ravishda aniqlash imkonini beradi. Abdulloh Subazmuniyning ikkinchi yirik asari «Kashf al-osor fi manoqib Abi Hanifa»dir. Unda hanafiy roviylar, shu mazhabda hujjat sifatida istifoda etiladigan hadislar, Imom Abu Hanifa manoqibi va turli olimlar tomonidan aytilgan fatvolar jamlangan. Mazkur manba hanuzgacha hatto nashr qilinmagan va tizimli oʻrganilmagan edi. Asarni ilmiy asosda chuqur tadqiq qilish, umuman, yurtimizdagi ilm-fan tarixi, ayniqsa, Buxorodagi hadis ilmini yoritishda, bu shaharda yashagan koʻplab olimlar va hanafiylik ta’limoti bilan bogʻliq boʻlgan faqih va muhaddislar faoliyatini oʻrganishda beqiyos ahamiyat kasb etadi. Masalaning yana bir muhim tomoni shundaki, hozirgi ma’lumotlarga koʻra, «Kashf al-osor» asarining Toshkent Davlat Sharqshunoslik instituti huzuridagi Abu Rayhon Beruniy nomidagi Sharq qoʻlyozmalari markazining qoʻlyozmalar fondida 3105-raqami ostida saqlanayotgan XIII asr oʻrtalariga mansub qoʻlyozmasi yurtimizdagi yagona nusxasi hisoblanadi. Abdulloh Subazmuniyning «Kashf al-osor» asari haqida juda qisqa ma’lumot Hoji Xalifaning «Kashf az-zunun» asarida ham keltirilgan boʻlib, unda kitob «al-Osor ash-sharifa» (sharafli Osor) deb ta’riflangan. Imom Subazmuniyning mazkur asarni yozishdan maqsadi Imom Abu Hanifaga nisbatan aytilgan «sahih hadislarni yaxshi bilmaydi» qabilidagi va boshqa shunga oʻxshash turli tuhmatlarga «raddiya» berishdan iborat boʻlgan. Abdulloh Subazmuniy «Kashf al-osor» asarining asosiy manbasi roviylardan eshitilgan rivoyatlar hisoblanadi. Shundan kelib chiqqan holda asardagi rivoyatlarni quyidagi mavzularga boʻlish mumkin: Paygʻambar hadislari va sahobiylarning soʻzlari; tobe’iylar va ulardan keyingi Imom Subazmuniygacha boʻlgan turli tabaqadagi roviylarning fatvolari; Imom Abu Hanifa va ustozlari hamda shogirdlarining manoqiblari; buxorolik oʻn uch roviy biografiyasi. Asarda toʻrt mingga yaqin rivoyat uchraydi. Ularning aksariyati hadislar, manoqib va fatvolardir. «Kashf al-osor» asari oʻz hajmi, rivoyatlarning boyligi va uslubiga koʻra, mintaqamizda, umuman, hanafiy mazhabida oʻzidan avval hadislar bilan jamlangan manoqiblar sohasida yaratilgan qimmatli asarlardan biridir. Mustaqillik davrida bu asar oʻrganildi, tadqiqotlarga jalb etildi va nihoyat ilmiy muomalaga kiritildi.[2]

Manbalar[tahrir | manbasini tahrirlash]

  1. Oʻrta asr sharq allomalari va mutafakkirlarining tarixiy-falsafiy merosi ensiklopediyasi. — Samarqand. Imom Buxoriy xalqaro markazi, 2016. — B. 618-621.
  2. Yurtimiz allomalari, mas’ul muharrir U. Uvatov. -„Nihol“, Toshkent, 2014. 6-bet, ISBN 978-9943-23-095-8