Kontent qismiga oʻtish

Abdujabbor Abdullayev

Vikipediya, ochiq ensiklopediya

Abdujabbor Abdullayev (1946-yil 8-yanvar Baliqchi tumani, Oʻzbekiston SSSR) – oʻzbekistonlik olim, iqtisod fanlari doktori[1], professor (1998). Andijon mashinasozlik instituti Axborot texnologiyalari kafedrasi professori.

Tarjimai holi[tahrir | manbasini tahrirlash]

Abdujabbor Abdullayev 1946-yil 8-yanvar Andijon viloyati, Baliqchi tumanida tugʻilgan. 1970-yilda Toshkent davlat universiteti Mexanika-matematika fakultetini Matematik, Matematika oʻqituvchisi mutaxassisligi boʻyicha tamomlagan. 1972-yilda Rossiya Federatsiyasining Novosibirsk qishloq xoʻjaligi instituti qoshidagi Qishloq xoʻjaligiga iqtisodiy matematik metodlar va hisoblash texnikasi vositalarini qoʻllash sohasida kadrlarning malakasini oshirish 10 oylik kursini tugatgan. 1975-1978-yillarda Oʻrta Osiyo qishloq xoʻjaligi iqtisodiyoti ilmiy-tadqiqot instituti aspiranturasida tahsil olgan.

Mehnat faoliyati[tahrir | manbasini tahrirlash]

Abdujabbor Abdullayev ilk mehnat faoliyatini 1970-yilda Baliqchi tumanidagi 36-maktab oʻqituvchiligidan boshlagan. 1971-1975-yillarda Oʻrta Osiyo qishloq xoʻjaligi iqtisodiyoti ilmiy-tadqiqot instituti Andijon filialida kichik va katta ilmiy xodim, guruh va boʻlim rahbari, 1978-1980-yillarda Toshkent xalq xoʻjaligi instituti hisoblash mashinalari va dasturlash kafedrasi katta oʻqituvchisi, 1980-1992-yillarda Toshkent xalq xoʻjaligi instituti Andijon filiali oliy matematika va ehtimollar nazariyasi hamda iqtisodiy informatika va statistika kafedralari katta oʻqituvchisi, 1992-1995-yillarda Andijon iqtisodiyot va boshqaruv instituti Iqtisodiy informatika va avtomatlashtirilgan boshqarish sistemasi kafedrasi dotsenti vazifalarida ishlagan. 1995-2011-yillarda Andijon muhandislik-iqtisodiyot instituti biznes maktabi va magistratura direktori, Boshqaruvning informatsion asoslari, Iqtisodiyotda axborot tizimlari, Iqtisodiy informatika kafedralari mudiri hamda Matematika va informatika kafedrasi professori lavozimlarida faoliyat yuritgan. 2011-2014-yillarda Andijon mashinasozlik instituti Oliy matematika hamda axborot texnologiyalari kafedralari professori, 2014-2021-yillarda Toshkent axborot texnologiyalari universiteti Fargʻona filiali axborot texnologiyalari kafedrasi professori sifatida talabalarga taʼlim tarbiya berib kelgan.

2021-yildan buyon Andijon mashinasozlik instituti axborot texnologiyalari kafedrasi professori sifatida mehnat qilib kelmoqda.

Ilmiy faoliyati[tahrir | manbasini tahrirlash]

Abdujabbor Abdullayev 1990-yil 5-yanvarda N. A. Voznesenskiy nomidagi Leningrad moliya-iqtisod institutida 08.00.19 –"Ekonomika prirodopolzovaniya" („Tabiatdan foydalanish iqtisodi“) ixtisosligi boʻyicha „Optimizatsiya planirovaniya vodopolzovaniya v usloviyax Ferganskoy dolini“" („Fargʻona vodiysi sharoitida suvdan foydalanishni rejalashtirishni optimallashtirish“) mavzusida iqtisod fanlari nomzodi dissertatsiya ishini himoya qilgan hamda iqtisod fanlari nomzodi ilmiy darajasi ega boʻlgan [2]. 1998-yil 17-iyunda Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Davlat va jamiyat qurilishi boshqaruvi akademiyasida 08.00.05 – „Menejment“ ixtisosligi boʻyicha „Nauchniye osnovi upravleniya v sisteme ekologicheskogo vodopolzovaniya“ („Suvdan ekologik foydalanishning boshqaruvini nazariy asoslari“) mavzusida iqtisod fanlari doktori dissertatsiya ishini himoya qilib, iqtisod fanlari doktori ilmiy darajasini olgan[3]. Shuningdek, Abdujabbor Abdullayev 08.00.13 – „Menejment“ ixtisosligi boʻyicha professorlik ilmiy unvonini olish uchun „Davlat va jamiyat qurilishi tizimini takomillashtirish, qonun ustuvorligi, iqtisodiyotni rivojlantirish va liberallashtirishning ilmiy asoslari va amaliy yoʻnalishlari“ fanidan malakaviy imtihonini muvaffaqiyatli topshirgan. U talabalarga „Texnik tizimlarda axborot texnologiyalari“, „Tizimlar nazariyasi asoslari“, „Operatsion tizimlari“, „Koʻp pogʻonali boshqarish tizimlari“ fanlaridan tarqatma material (taqdimot)lar va oʻquv-uslubiy majmualar tayyorlagan boʻlib, ularni dars mashgʻulotlarida axborot-kommunikatsiya va multimedia taʼlim resurslari orqali yetkazmoqda.

Uning hajmi 210 bosma taboqdan iborat boʻlgan 150 dan ortiq ilmiy, oʻquv-uslubiy ishlari chop qilingan va 100 dan ortiq ilmiy-ommabop ishlari ommaviy axborot vositalarida va Jahon internet tarmogʻi orqali eʼlon qilingan. Jumladan, yakka mualliflikda 1 ta monografiya(„Iqtisodiy ekologik tizimlar faoliyati va ularni samarali boshqarish yoʻnalishlari. Andijon, 2022.“), Oliy va oʻrta maxsus taʼlim vazirligi tomonidan tavsiya etilgan 1 ta darslik, 4 ta (1tasi hammualliflikda) oʻquv qoʻllanmalar va 3 ta hammualliflikda oʻquv va amaliy qoʻllanmalar ishlab chiqilib, chop qilingan. Yuzlab maqolalari chop etilgan[4][5].


Abdullayev Abdujabbor ilmiy rahbarligida 1 ta iqtisodiyot fanlari nomzodi (Abdullayev B.) va 3 ta iqtisodiyot fanlari boʻyicha falsafa doktori (Raxmonazarov P., Nazarova B.,Abdullayev M.) ilmiy darajali mutaxassislarni tayyorlagan. Ilmiy faoliyati davomida 3 ta fan doktori, 3 ta falsafa doktorlariga rasmiy opponent, 20 dan ortiq fan doktori va falsafa doktorlarining dissertatsiya ishlariga rasmiy taqrizchi, 30 dan ortiq avtoreferatlarga taqrizlar bergan.

Yutuqlari[tahrir | manbasini tahrirlash]

Abdujabbor Abdullayev koʻp yillik samarali va halol mehnati hamda oʻz xizmat vazifasiga boʻlgan sadoqati uchun Oʻzbekiston Respublikasi Oliy va oʻrta maxsus taʼlim vazirligining Faxriy yorligʻi bilan mukofotlangan.

1999 va 2006-yillarda Andijon viloyatini iqtisodiy va ijtimoiy jihatdan taraqqiy ettirish, yosh avlodni Mustaqillik gʻoyalariga sadoqat ruhida tarbiyalash ishiga katta hissa qoʻshayotganligi hamda jamoat ishlaridagi faol ishtiroki uchun Andijon viloyati hokimining Faxriy yorliqlari bilan taqdirlangan.

2016-yilda sohadagi koʻp yillik samarali mehnatlari, oʻz kasbiga fidoyiligi, yoshlarni vatanga sadoqatli va malakali mutaxassislar etib tarbiyalash borasidagi ishlarga qoʻshgan munosib hissasi hamda tavallud topgan kunining 70-yilligi munosabati bilan Fargʻona viloyati hokimining Faxriy yorligʻi bilan taqdirlangan.

Manbalar[tahrir | manbasini tahrirlash]