Menejment

Vikipediya, ochiq ensiklopediya
Menejment (inglizcha: management) — boshqarish, tashkil etish) — maxsus boshqarish faoliyati; boshqarish toʻgʻrisidagi fan. Menejmentning holati ishlab chiqarish samaradorligiga, texnika va texnologiya darajasi hamda ishchi kuchining sifatiga taʼsir koʻrsatadi. Menejment fanining mazmuni boshqaruv tizimi va boshqaruv obʼyekti orasidagi oʻzaro munosabat boʻlib, uning asosiy vazifasi boshqaruvning zamonaviy usullarini, rahbarlik sanʼati sirlarini oʻrganishdan iborat. Boshqaruv — tanlov, qaror qabul qilish va uning bajarilishini nazorat etish jarayonidir. Uning asosiy maqsadi bozor munosabatlari sharoitida barcha boʻgʻinlarda ishlay oladigan yuqori malakali boshqaruvchilarni tayyorlashdan iborat. Menejment ijtimoiy-iqtisodiy, ijtimoiy-huquqiy, kibernetika va boshqa fanlar bilan aloqadordir. Menejment dastavval iqtisodiy nazariya fani bilan yaqindan bogʻliq. U iqtisodiy qonunlarni bilib olishga va ularga mos ravishda boshqarish jarayonida iqtisodiy usullarni qoʻllashga, har bir xodimga va jamoaga taʼsir koʻrsatishga asoslanadi. Bir qancha iqtisodiy fanlar: makroiqtisodiyot, mikroiqtisodiyot, statistika, mehnat iqtisodiyoti kabilar ham Menejment fani bilan chambarchas bogʻliqdir. Oʻzbekistonda Menejmentning nazariy asoslari va uning asosiy tamoyillari XIV-XV asrlarda Amir Temur davrida shakllana boshlagan. Buyuk sarkarda "Temur tuzuklari" asarida davlat, qoʻshin va boshqalarni boshqarish sanʼati toʻgʻrisida oʻz qarashlarini bayon etib, izohlab bergan. Menejment fanining nazariy asosini bir necha yuz yillar davomida toʻplangan amaliy tajriba natijalari tashkil etadi, ularni nazariy jihatdan asoslab turli xil konsepsiyalar, nazariy gʻoyalar, ish prinsiplari va uslublari ishlab chiqilgan. Ammo alohida fan sohasi sifatida menejment XIX asrga kelib shakllana boshladi. Boshqarish fanining asoschisi — amerikalik muhandis va tadqiqotchi F. Teylor hisoblanadi. Boshqarish tamoyillarini Teylorning zamondoshi fransuz olimi Anri Fayol ishlab chiqdi. Korxonada amalga oshirilayotgan barcha operatsiyalarni u olti guruh (texnika, tijorat, moliya, mol-mulk va shaxslarni qoʻriqlash, hisobkitob, maʼmuriy)ga boʻlib, boshqarishni 6-guruhga kiritadi. Menejment yoki boshqarishning obʼyekti korxona faoliyati, uning subʼyekti esa boshqarish ishini bajaruvchi idoralar va ularning xodimlaridir. Menejment bilan maxsus tayyorgarlik koʻrgan, boshqarishning qonun-qoidalarini chuqur biladigan malakali mutaxassislar — yollanma boshqaruvchilar — menejerlar shugʻullanadilar. Ular aholining alohida ijtimoiy qatlamini tashkil qiladi. Menejmentning yuqori (firma strategiyasini ishlab chiqish), oʻrta (ishlab chiqarish, sotish, narx belgilash, mehnatni tashkil qilish), quyi (sex, boʻlim doirasida ishni tashkil qilish, kunlik, haftalik, oylik ish topshiriqlari bajarilishini boshqarish) boʻgʻinlari bor. Shunga muvofiq holda menejerlar oliy martabali, oʻrta toifadagi va quyi toifadagi menejerlarga boʻlinadi.

Ayrim tadqiqotlar menejment kishilardan nafli samaralar olish sanʼati, deb hisoblaydilar. Mukammal menejmentning xos belgilari: faoliyatga, izlanishga tarafdorlik; oddiy tuzilma va kamsonli xodimlar; isteʼmolchiga yaqinlik; unumdorlikni taʼminlashda insonning hal qiluvchi oʻrni; tadbirkorlikni ragʻbatlantiruvchi mustaqil idora qilish huquqi; asosiy faoliyat turiga birlamchi eʼtibor; hammadan koʻra yaxshiroq tanish boʻlgan sohaga kirishish; erkinlik va kuchli nazoratni birgalikda qoʻllash.

Firmalarning menejment tizimi umumiy menejment, funksional menejment, moliyaviy menejment, marketing ishi, xodimlar ishini boshqarish, ishlab chiqarish menejmenti, ilmiy-texnika ishlarini boshqarish va boshqalarni oʻz ichiga oladi.

Menejment nazariyasi va amaliyoti evolyusiyasi turli xil qarashlarda oʻz ifodasini topdi. Masalan, XX asrning 50—60-yillarida asosiy eʼtibor boshqarishning tashkiliy tuzilishiga qaratilgan boʻlsa, 60—70-yillarda strategik rejalashtirishdan strategik boshqarishga oʻtish davri boʻldi.

XX asrning oʻrtalariga kelib menejment Oʻzbekistonda tez surʼatlar bilan rivojlandi. 1966-yilda Oʻzbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasi Kibernetika institutining tashkil qilinishi, akademik V. K. Qobulov boshchiligida olib borilgan nazariy, uslubiy, amaliy ilmiy tadqiqot ishlari respublikada M. fanining rivojlanishiga asos boʻldi.

XX asr oxiri XXI asr boshlarida menejment Oʻzbekistonda maxsus fan sifatida oliy oʻquv yurtlarida oʻqitila boshladi, menejmentga doir tadqiqotlar yoʻlga qoʻyildi, darsliklar yozildi.

Adabiyotlar[tahrir | manbasini tahrirlash]

  • Gʻulomov S. S, Abdullayev Yo., Menejment, T., 2002[1].

Manbalar[tahrir | manbasini tahrirlash]

  1. Sadir Salimoye, Dilfuza Rahimova. OʻzME. Birinchi jild. Toshkent, 2000-yil