Zamaxshar

Vikipediya, ochiq ensiklopediya
(3umukshirdan yoʻnaltirildi)
Zamaxshar
forscha: زمخشر‎, turkmancha: Yzmykşir
Muqobil nomlar Zmuxshir, Zumukshir
Manzilgoh Xorazm
Turi Qadimiy shahar (qishloq)
Tarix
Tashkil etilgan mil. avv. III asr
Tashlab ketilgan XIV asr
Davrlar Oʻrta asrlar
Makon qaydlari
Arxeologlar M. V. Voyevodskiy (1934), Yahyo Gʻulomov (1936), S. P. Tolstov (1938)
Vaziyat Vayron qilingan

Zamaxshar, Zmuxshir, Zumukshir (forscha: زمخشر‎, turkmancha: Yzmykşir) — qadimiy va oʻrta asrlarda Xorazmda mavjud boʻlgan shahar, baʼzi maʼlumotlarga koʻra qishloq. Zamaxshar Islom ulamosi Mahmud ibn Umar Zamaxshariyning vatanidir. U hozirgi Turkmanistonning shimolidagi Toshhovuz viloyati Taxta tumanidagi qishloq oʻrnida boʻlgan.

Tarixi[tahrir | manbasini tahrirlash]

Zamaxshar miloddan avvalgi III asrdan mavjud boʻlgan[1]. Milodiy birinchi asrlarda bu hududdagi eng yirik aholi punktlaridan biriga aylangan[2]. Zamaxshar savdo yoʻllari va tabiiy sugʻoriladigan togʻ oldi hududlarida joylashgan qishloqlardan biri edi[3]. Mesopotamiyadan savdo yoʻli Niso, Qoraqum va Zamaxshar orqali Gurganjga oʻtgan, u yerda bir qancha yoʻllar birlashgan, soʻngra Ustyurt orqali Volga va Qora dengizning oʻng qirgʻogʻigacha borgan[4]. Shahar X asrda Oʻrta Osiyoda sirlangan buyumlar kulolchiligi gullab-yashnagan davrda kulolchilik ishlab chiqarish markazlaridan biri boʻlgan[5][6]. Zamaxsharning eng gullab-yashnagan davri IX—X asrlarga toʻgʻri keladi[1].

Al-Muqaddasiy (X asr) maʼlumotlariga koʻra, oʻrta asrlarda Zamaxshar kichik shahar (Kat, Gurganj va mintaqadagi boshqa shaharlardan ancha kichik) boʻlgan[7]. Ibn Battuta (XIV asr) bu qishloq Gurganjdan 4 chaqirim uzoqlikda joylashganligini yozgan[8]. Zamaxshar Xorazmning 1315-yilda chingiziy Bobo-oʻgʻul (Chingizxonning ukasi Joʻji-Xasorning avlodi) tomonidan vayron qilingan shaharlari sirasiga kiradi[9]. XIV asrdan keyin yozma manbalarda shahar haqida tilga olinmagan[8].

Al-Muqaddasiy Zamaxshar haqida yozgan[14]:

Zamaxshar — devorlari, ariqlari, zindonlari, darvozalari temir bilan qoplangan, har kechasi koʻtarilib turuvchi koʻprikli kichik (qishloq). Katta yoʻl shaharni kesib oʻtadi. Masjidi goʻzal (u bozorning chetida joylashgan).

_____________________________________________________________

Asl matn (arabcha): زمخشر: صغيرة عليها حصن و خندق و محبس و أبواب محددة و الجسور ترفع كل ليلة و الجادة تشق البلد، و الجامع ظريف بطرف السوق.

— „Ahsan at-takasim fi marifat al-akalim“

Zamaxshar arab geografi Muqaddasiy asarida yana shunday taʼriflangan: "…uncha katta boʻlmagan qishloq, unda devor, xandaq, qamoqxona, temir bilan qoplangan darvozalar, har kecha koʻtarib qoʻyiladigan koʻpriklar bor. Uni katta yoʻl kesib oʻtadi; jome masjidi chiroyli. U bozorning chetiga joylashgan". V. V. Bartold fikricha, Zamaxshar Xivadan 80, Koʻhna Urganchdan 125 chaqirim keladigan Zumukshir xarobalari oʻrnida boʻlganTurkmanlar uni Izmixshir deb atashgan[10].

Xarobalari[tahrir | manbasini tahrirlash]

Zamaxshar qalʼasi xarobalari Turkmanistonning Toshhovuz viloyati Goʻroʻgʻli shahridan 26 km gʻarbda joylashgan[11]. Xarobalardan unchalik uzoq boʻlmagan joyda Gerelde (janubdan 0,5 km) va Yzmikshir (gʻarbdan 1,2 km) qishloqlari joylashgan. Bu xarobalar 1873-yil 4—11-avgustda hududda razvedka olib borgan chor generali M. D. Skobelevning „Ot Zmukshira do kolodsev Orta-kuyu“ asarida tilga olingan. Zamaxshar xarobalarini M. V. Voyevodskiy (1934), Yahyo Gʻulomov (1936), S. P. Tolstov (1938) boshchiligidagi ekspeditsiyalar tekshirgan[12].

Qalʼa devorlarining ayrim qismlari va loy gʻishtdan qurilgan darvozalari hozirgi kungacha saqlanib qolgan. Devorlarning umumiy uzunligi 1500 m ni tashkil qiladi. Qalʼani oʻrab turgan xandaqning chuqurligi 16 m, kengligi 15 m gacha[1].

Yana qarang[tahrir | manbasini tahrirlash]

Manbalar[tahrir | manbasini tahrirlash]

  1. 1,0 1,1 1,2 Luckow B.. Turkmenistan: versunkene Wüstenstädte an der Seidenstraße. Trescher Verlag, 2012 — 195 bet. ISBN 9783897942103. 
  2. Неразик Е. Е.. Сельское жилище в Хорезме I—XV вв.: Из истории жилища и семьи. Наука, 1976 — 16 bet. 
  3. Труды южно-туркменистанской археологической комплексной экспедиции, Ашхабад, 1963 — 301 bet. 
  4. Институт истории АН УзССР. История Хорезма: с древнейших времён до наших дней. Фан, 1976 — 70 bet. 
  5. Пугаченкова Г. А.. Искусство Туркменистана: очерк с древнейших времён до 1917 г.. Искусство, 1967. 
  6. История Туркменской ССР. Издательство АН ТССР, 1955 — 238 bet. 
  7. Средневековый город Средней Азии 1973.
  8. 8,0 8,1 Bosworth C. E. „Zamak̲h̲s̲h̲ar“,. Encyclopaedia of Islam, Second Edition. 
  9. Бартольд В. В.. Работы по исторической географии. Восточная литература РАН, 2002 — 54 bet. ISBN 9785020182950. 
  10. OʻzME. Birinchi jild. Toshkent, 2000-yil
  11. Известия АН Туркменской ССР: Серия биологических наук. Ылым, 1982 — 40 bet. 
  12. Ўзбек совет энциклопедияси. Ташкент: Ўзбек Совет Энциклопедияси Бош редакцияси, 1971 — 426 bet.