Yanshao madaniyati

Vikipediya, ochiq ensiklopediya
Jump to navigation Jump to search

Yanshao madaniyatiShim. Xitoydagi arxeologik madaniyat (mil. av. 4—3-ming yillik). Xenan, Shansi, Shensi viloyatlari, shuningdek, Xuanxe daryosining oʻrta oqimi boʻylarida tarqalgan. 1921 yil shved arxeologi Yu.G. Anderson tomonidan Yanshao qishlogʻi (Xenan)dan chiqqan topilmalarga koʻra, shunday atalgan. Yanshao manzilgoxlari daryo terrasalarida joylashgan; markazda — jamoa binosi, atrofida — kvadrat va dumaloq shaklda devori boʻlgan, loy bilan suvalgan yarim yertoʻlalar joylashib, ularning usti konussimon tom bilan yopilgan, bolalar uylar oldidagi katta idishlarga, kattalar qishloq yonidagi qabristonga dafn etilgan. Manzilgoh atrofida kulolchilik xumdonlari boʻlgan. Yanshao madaniyati tarqalgan Gansu viloyatidan nefrit (qosh toshi) parchalari qazib olingan. Ichi va tashqi tomoni rangli boʻyama naqshli sopol idishlar, tosh qurollar (pichoq, bolta, yorgʻuchoq, urchuq, paykon) topilgan. Xoʻjalikning asosini — motiga bilan yer haydab dehqonchilik qilish tashkil etgan. Uy hayvonlaridan choʻchqa, it boqilgan, ovchilik, baliq ovlash, termachilik muhim rol oʻynagan. Yanshao madaniyatini jez davrining Lunshan madaniyati egallagan.

Xitoy manbalariga koʻra, Yanshao madaniyati topilgan maskanlarda mil. av. 3—2-ming yillikda dirunglar (turk jangchilari) yashagan.