Shargʻ

Vikipediya, ochiq ensiklopediya
Jump to navigation Jump to search

ShargʻBuxoro vohasidagi tarixiy qishloqlardan biri. Zarafshon daryosidan chiqarilgan Rudi Somjan (Somjan anhori; Haromkom daryosi) boʻyida — Iskajkat qishlogʻi roʻparasida joylashgan. Bu ikki qishloq oʻrtasidan oqib oʻtuvchi daryo ustida katta koʻprik boʻlgan.

Narshaxiyning yozishicha, bu qishloqda qadimiy vaqtlarda har yili qishning oʻrtasida 10 kunlik bozor boʻlib, kishilar unga uzoq viloyatlardan kelib savdo qilishgan. Bu joyning oʻzidan shinni bilan tayyorlangan magʻizli holva, tuzlangan baliq va yangi baliq, yogʻoch, qoʻy va qorakoʻl terilaridan tikilgan poʻstinlar sotuvga chiqarilgan, ilk oʻrta asrlarda bu yerda tayyorlangan mis va boʻz uzoqlarga olib ketilgan. Ismoil Somoniy bu qishloqni barcha yersuvlari va daraxtlari bilan sotib olib, Buxoro shahridagi Samarqand darvozasida bino etgan rabotga vaqf mulki qilib bergan. Qoraxoniylardan Arslonxon Muhammad ibn Sulaymon 12-asr boshlarida shahrida katta Jomeʼ masjidi va Iskajkat qishlogʻida rabot qurdirgan. Bu qishloqda katta bir koʻhandiz (qalʼa) ham boʻlgan.

Samʼoniyning yozishicha, Sh. qishlogʻi Buxorodan 4 farsax uzoqlikda boʻlib, bu yerdan oʻrta asrlarda koʻplab islom ulamolari va mudarrislar, jumladan, Imom Abu Bakr Muhammad ibn Ibrohim ashShargʻiy, Abu Hakim Shaddod ibn Said ash-Shargʻiy, Abu Solih Shuayb ibn Lays ash-Shargʻiy al-Kogʻaziy (? — 886), Abul Hasan Ali ibn Hasan ash-Shargʻiy (? — 936), Abu Usmon Said ibn Sulaymon ibn Dovud ash-Shargʻiy (? — 913) yetishib chiqqan.

Manbalar: Narshaxiy, Buxoro tarixi, T., 1996; Abdulkarim as-Samʼoniy, Nasabnoma (Al-Ansob), Buxoro, 2003.