Sanitariya

Vikipediya, ochiq ensiklopediya

Sanitariya (lot. sanitas — sogʻliq) — atrof muhitni sogʻlomlashtirishga qaratilgan amaliy tadbirlar majmui. Epidemiyaga qarshi hamda S gigiyenaga oid talab va meʼyorlarni ishlab chiqadi va amalga tatbiq etadi. Turar joy, sanoat, oziq-ovqat sanitariyasi farq qilinadi.

S.ning i.ch. va mehnat boʻlimi qulay hamda xavfsiz mehnat sharoitini yaratish uchun S. sogʻlomlashtirish tadbirlari kompleksini amalga oshiradi. Sanitariya korxonalari va turar joymaishiy xonalarni gigiyena talablariga koʻra ozoda saqlash, havosini almashtirib turish, yoritish, isitish (makroiqlim) meʼyorlariga mosligi masalalari bilan shugʻullanadi.

S.ning turar joy, kommunal boʻlimi aholi punktlarini rejalashtirish, qurish, koʻkalamzorlashtirish, suv taʼminoti, chiqindilardan tozalash va kanalizatsiya, turar joy va umumiy foydalanish obʼyektlari (hammomlar, umumiy yashash joylari, sartaroshxonalar va dam olishsogʻlomlashtirish maskanlari)ni nazorat qilish, atmosfera havosini muhofaza etish, transport va i.ch. shovqinlariga qarshi kurashish masalalarini oʻz ichiga oladi.

S.ning oziq-ovqat boʻlimi oziq-ovqat mahsulotlarini tayyorlash va qayta ishlash korxonalari hamda tegishli savdo tashkilotlari, shuningdek, ushbu obʼyektlardagi xodimlar salomatligi ustidan nazorat oʻrnatadi. Ratsional ovqatlanish usullarini amaliyotga kiritadi. Oziq-ovqat toksikoinfeksiyasi va intoksikatsiyasidan ogohlantiradi.

S.ning radiatsion gigiyena boʻlimi radiatsiya xavfsizligini nazorat qilishni taʼminlash masalalarini oʻrganadi va tadbirlar ishlab chiqadi.

S.ning maktab gigiyenasi boʻlimi bolalar muassasalarida: maktablar, bolalar yasli bogʻchalari, litseylar, kollejlar, sanatoriy va dam olish maskanlarida muntazam ravishda S. nazoratini oʻrnatish hamda S.epidemiologiya tadbirlari samaradorligini aniqlash vazifalarini bajaradi.

Oʻzbekistonda S. tadbirlarini Oʻzbekiston sogʻliqni saqlash vazirligi davlat sanitariya epidemiologiya nazorati departamenti, Qoraqalpogʻiston Respublikasi, viloyatlar, tumanlar va shaharlarning shu sohaga ixtisoslashgan markazlari amalga oshiradi. S. tadbirlarini oʻtkazish va ularni nazorat qilish barcha tibbiyot xodimlarining, jumladan, S. vrachlarining majburiyati hisoblanadi.

Oʻzbekiston Respublikasining S. qonunlari umumiy va yuqumli kasalliklarni kamaytirish va yoʻqotish, turar joy punktlarini rejalashtirish S. talab meʼyorlarini bajarish, suv havzalari, tuproq va atmosfera havosini muhofaza qilishga qaratilgan keng miqyosdagi rejali sogʻlomlashtirish, epidemiyaga qarshi sanitariya tadbirlarini nazarda tutadi va belgilaydi, shuningdek, S. qonunlari muassasalar, qurilishlar, oziq-ovqat obʼyektlari, bolalar muassasalarida sogʻlomlashtirish tadbirlarini oʻtkazishni va oziq-ovqat mahsulotlari, xalq xoʻjaligi ehtiyoj mollarini ishlab chiqish, saqlash, tashish, shuningdek, chegaralarning sanitariya muhofazasini belgilab beradi.[1]

Manbalar[tahrir | manbasini tahrirlash]

  1. OʻzME. Birinchi jild. Toshkent, 2000-yil