Satira

Vikipediya, ochiq ensiklopediya

Satira (lotincha: satira — qurama) — komiklik turi, tasvir obyektini ayovsiz kulgi vositasi orqali anglash. Voqelikni badiiy aks ettirishning oʻziga xos usuli boʻlib, unda jamiyatdagi bemaʼni, asossiz, notoʻgʻri hodisalar, illatlar fosh qilinadi. Voqealarning real koʻrinishini oʻzgartirib, oshirib, boʻrttirib, mubolagʻa qilish, keskinlashtirish va shartlilikning boshqa koʻpgina turlari yordamida yaratilgan obraz orqali Satira obyektiga „ishlov“ beriladi. Satira muallifi komiklikning boshqa turlaridan (yumor, hikoya va boshqalar) ham foydalanishi mumkin, biroq satira uchun salbiy tus berib, keskin ifodalangan estetik obyekt xarakterli hisoblanadi.

Satira Qadimgi Rimda lirikaning fosh qiluvchi janri sifatida tan olingan. Keyinchalik oʻzining janriy xususiyatlarini yoʻqota borib, koʻpgina janrlar (masal, epigramma, burleska, pamflet, felyeton, komediya va satirik roman)ning oʻziga xos xususiyatini belgilovchi adabiy jinsga oʻxshab qoladi. Satira ijtimoiy kurashning eng muhim vositasi boʻlib, unga tarixiy sharoit, milliy va ijtimoiy taraqqiyot faol taʼsir koʻrsatadi. Satiraning maʼnaviy taʼsir kuchining oʻtkirligi unda inkor qiluvchi kulgu orqali yaratilgan idealning umumxalq va universal boʻlishi bilan belgilanadi. Satiraning estetik vazifasi tubanlik, nodonlik va boshqa ijtimoiy illatlarga qarama-qarshi tarzda kishilarda yuksak insoniy tuygʻularni uygʻotish va qayta tiklashdan iborat. Satirada muallifning individualligi kulgu ostiga olingan obyekt haqida murosasiz fikr aytish, unga aniq gʻoyaviy munosabat bildirish orqali namoyon boʻladi.

Satirik anʼanalar Sharq xalqlari ijodida qadimdan mavjud. Jahon madaniyatiga hissa boʻlib qoʻshilgan va Sharq adabiyoti shuhratini keng yoygan asarlar dastlab folklorda „Ming bir kecha“ zaminida, sanskritcha „Panchatantra“, forscha xalq qissalari, turkumi, Nasriddin haqidagi turk va oʻzbek latifalari asosida yaratilgan. Kitobiy (yozma adabiyotdagi) satiralar ham Sharqda koʻpdan mashhur. Uning gʻoyalari xitoy novellalari, fors adabiyoti ruboiylari va hind qissalari motivlari bilan sugʻorilgan. Rus adabiyotida N. V. Gogol, M.Ye. Saltikov-Shedrin va boshqalar satirani yuksak bosqichga koʻtardilar. Oʻzbek adabiyotida satiraning ilk namunalari dastlab xalq ijodida (terma va aytishuvlar, Nasriddin Afandi, Aldar koʻsa obrazlarida) yaratilgan, keyinchalik yozma adabiyotda taraqqiy etgan. Navoiy, Turdi, Maxmur, Gulxaniy, Hoziq, Muqimiy, Zavqiylar satira janrida ijod qildilar. Satiraning keyingi taraqqiyoti Hamza, Qodiriy, Gʻozi Yunus, Soʻfizoda, Gʻafur Gʻulom, Abdulla Qahhor, Said Ahmad, N. Aminov, S. Siyoyev va boshqa nomi bilan bogʻliq. Satira tasviriy sanʼatda ham qadimdan maʼlum. Qadimgi Rim, Xitoyda satirik terrakota haykallar, vazalarga satirik tasvirlar va boshqa ishlangan. Rassomlik sanʼati (jumladan, grafika)da rivojlangan. F. Goyya, O. Domye, X. Bidstrup va boshqa rassomlar ijodi satira rivojida muhim rol oʻynagan. Oʻzbekistonda satira taraqqiyotiga „Mushtum“ jurnali, „Jangovar qalam“, „OʻzTAG oynasi“ katta hissa qoʻshgan.

Etimologiyasi[tahrir | manbasini tahrirlash]

Satira soʻzi lotin soʻzidan kelib chiqqan satur va keyingi ibora lanx satura. Satur „toʻliq“ degan maʼnoni anglatadi, ammo lanx bilan yonma-yon turish maʼnoni „turli xil yoki aralash“ ga oʻzgartirdi: lanx satura iborasi soʻzma-soʻz „turli xil mevalardan iborat toʻliq taom“degan maʼnoni anglatadi.[1]

Yana qarang[tahrir | manbasini tahrirlash]

Manbalar[tahrir | manbasini tahrirlash]

  1. Kharpertian, Theodore D (1990), „Thomas Pynchon and Postmodern American Satire“, in Kharpertian (muh.), A hand to turn the time: the Menippean satires of Thomas Pynchon, 25–7-bet, ISBN 9780838633618. However, the use of the word lanx in this phrase is disputed by B. L. Ullman, Satura and Satire (Wayback Machine saytida May 5, 2021, sanasida arxivlangan) (Class. Phil. 1913).
  2. OʻzME. Birinchi jild. Toshkent, 2000-yil