Qissa

Vikipediya, ochiq ensiklopediya

Qissa — badiiy adabiyotda epik janr turlaridan biri. Gʻarbiy Yevropa va Amerika adabiyotida povest maʼnosidagi Q. tushunchasi yoʻq, nasrning romandan boshqa barcha janrlari "novella" termini orqali ifodalanadi. Rus va oʻzbek adabiyotlarida Q.ning hozirgi va qadimgi maʼnolari oʻrtasida farq bor. Mas, qadimgi rus adabiyotida har qanday nasriy asar povest (Q) deb atalgan. Oʻzbek adabiyoti tarixida rivoyat usulida nasr yoki nazmda yozilgan tarixiy-afsonaviy asarlar q. deb yuritilgan. Mas, "Qissai Sayfulmuluk", "Qisasi Rabgʻuziy" va boshqa Hozirgi maʼnodagi oʻzbek Q.si rus adabiyotidagi "povest" terminiga toʻgʻri keladi va, asosan, roman bilan hikoya oraligʻidagi oʻrtacha hajmli nasriy janrni ifodalaydi.

Q., odatda, bir va bir necha shaxslar taqdiriga oid turli voqealarni oʻziga asos qilib olishi bilan epik turning hikoya, hajmi va mazmunining nisbatan cheklanganligi bilan romandan farq qiladi. q. hayot murakkabliklarini hikoyaga nisbatan kengroq, xarakter hamda voqelik koʻlamini romanga qaraganda kamroq qamrab oladi. Q.da u yoki bu shaxs hayotining maʼlum bir davri xronikal tarzda bayon qilinadi. Q.da lirizm hikoya va romandagidan kuchliroq boʻlishi mumkin.

Roman kabi Q.ning ham avtobiografik (Oybek, A.Qahhor, N.Safarov), tarixiy (Mirkarim Osim, Ya.Ilyosov va boshqalar), fantastik (T.Malik, H.Shayxov, M.Mahkamov va boshqalar) turlari bor. Hozirda Q. nasrning eng faol janrlaridan boʻlib, unda yosh yozuvchilar ham samarali ijod qilmoqdalar.

Adabiyot[tahrir]

  • Abrorov A., Oʻzbek povesti, T., 1973; Timofeyev L.I., Osnovm teorii literaturi, 5-izd., M., 1976; Normatov U., Goʻzallik bilan uchrashuv, T, 1976.