Sakkokiy
Sakkokiy | |
---|---|
Tavalludi | maʼlum emas |
Vafoti | maʼlum emas |
Kasbi | shoir |
Ijod qilgan tillari | turkiy til |
Sakkokiy (forscha: سكاكى; XV asr) — shoir.
Hayoti
[tahrir | manbasini tahrirlash]Ismi, tugʻilgan va vafot etgan yillari nomaʼlum. Samarqandda Xalil Sulton (h. 1405–1409) va Ulugʻbek hukmronligi davrida yashab, ijod etgan. Alisher Navoiy Sakkokiy ijodiga yuksak baho bergan:
Sakkokiy xalqining boy ogʻzaki ijodini, salaflari asarlarini puxta oʻrgangan va ijodiy oziqlangan. Turkiy tilda asarlar yaratish, uning boy ichki imkoniyatlaridan foydalanish borasida koʻp ish qilgan. Asarlarida inson muhabbati, orzu-tilaklarini, dard-alamlarini, tabiat goʻzalliklarini tasvirlagan. Gʻazallarida maʼno va shakl birligini saqlab, soʻz oʻyinlari va qochirimlardan unumli foydalangan. Uning lirikasida jaholat va nodonlikka qarshi adolatparvarlik gʻoyalari ilgari surilgan. Bunday gʻoyalar Sakkokiyning qasidalarida ochiqroq namoyon boʻlgan.
Sakkokiy oʻzbek adabiyotida qasida janriga asos solgan shoirlardan. Xoja Muhammad Porso, Xalil Sulton, Ulugʻbek va Arslon Xoja Tarxonlarga bagʻishlab qasidalar yozgan. Qasidalaridan birida Ulugʻbekni xalqning mehribon hukmdori, maʼrifatparvar va buyuk olim sifatida ulugʻlaydi. Shunday maʼrifatparvar podshoh bilan zamondosh boʻlganidan faxrlanib, quyidagicha yozadi:
Meningdek shoiri turku seningdek shohi dononi.
Sakkokiyning adabiy faoliyati zamondoshlari Lutfiy, Gadoiy, Atoiy kabi Navoiy ijodiga ham katta taʼsir koʻrsatgan; oʻzbek dunyoviy lirikasini ham mazmun, ham shakl jihatdan boyitgan. Shoir gʻazallari va qasidalari devon qilib toʻplangan boʻlsada, toʻliq nusxasi bizgacha yetib kelmagan. Sakkokiy devoni Londonda, Britaniya muzeyida va Oʻzbekiston Fanlar Akademiyasining Sharqshunoslik institutida (inv. № 7685) saqlanadi[1].
Manbalar
[tahrir | manbasini tahrirlash]- ↑
„Sakkokiy“, Oʻzbekiston milliy ensiklopediyasi (S-harfi). Toshkent: „Oʻzbekiston milliy ensiklopediyasi“ Davlat ilmiy nashriyoti, 2000–2006-yillar.
Adabiyotlar
[tahrir | manbasini tahrirlash]- Tanlangan asarlar, T., 1960.
- Rustamov E., Uzbekskaya poeziya v pervoy polovine XV veka, M., 1963;
- Mallayev N., Oʻzbek adabiyoti tarixi, 1kitob, 2-nashr, T., 1976;
- Maʼnaviyat yulduzlari, T., 2001.
![]() | Yozuvchi, shoir yoki dramaturgga oid ushbu maqola chaladir. Siz uni boyitib, Vikipediyaga yordam berishingiz mumkin. |
![]() | Ushbu maqolada Oʻzbekiston milliy ensiklopediyasi (2000-2005) maʼlumotlaridan foydalanilgan. |