Ruminiya Milliy banki

Vikipediya, ochiq ensiklopediya
Ruminiya Milliy banki
Banca Națională a României
Rasmiy logotipi
Rasmiy logotipi
Domnaya koʻchasidagi BNR saroyi
Domnaya koʻchasidagi BNR saroyi
Bosh qarorgohi Buxarest, Ruminiya
Tashkil etilgan yili 1880-yil aprel oyi
Mulkchilik shakli 100% Davlat mulki[1]
Prezident Mugur Iseresku
Markaziy banki Ruminiya
Valyutasi Ley
Oltin-valyuta zaxiralari €35.709 milliard (2021-yil mart)[2]
Foiz stavkasi 1.25[3]
Veb sayti www.bnr.ro

Ruminiya Milliy banki (rumincha: Banca Națională a României, BNR) — Ruminiyaning markaziy banki boʻlib, 1880-yil aprelda tashkil etilgan. Bankning bosh ofisi poytaxt Buxarestda joylashgan.

Milliy bank rumin leyining chiqarilishi uchun masʼuldir va shuning uchun bank pul-kredit siyosatini belgilaydi, valyuta zaxiralarini saqlaydi va valyuta kursini boshqaradi[4].

Tarixi[tahrir | manbasini tahrirlash]

Bankning birinchi boshqaruvchisi Ion Kampinyanu edi. Yevgeniy Karada ismi ham Milliy bank bilan bogʻlangan, chunki u bank asoschisi boʻlgan va bank direktori etib saylangan, ammo hech qachon bank raisi rolini qabul qilmagan.

1916-yilda Markaziy kuchlarning bosqinidan soʻng, boshqa koʻplab qimmatbaho buyumlar (Ruminiya xazinasi) bilan birga Ruminiya Milliy bankining qimmatbaho buyumlari saqlash uchun Moskvaga yuborilgan, ammo hech qachon qaytarilmagan (Petroasi xazinasi bundan mustasno - hozirda Ruminiya tarixi milliy muzeyida, Milliy bankning numizmatik kollektsiyasida, baʼzi rasmlar va arxivlarda namoyish etilmoqda).

1959-yil 28-iyulda Ruminiya Kommunistik partiyasi apparati aʼzolaridan (Ioanidlar toʻdasi : Aleksandru Ioanid, Pol Ioanid, Igor Sevianu, Monika Sevianu, Sasha Mugat va Haralambie Obedyanu) iborat olti nafar rumin yahudiy qurolli guruhi Ruminiya Milliy bankining zirhli mashinasidan 1 600 000 ley (1959-yil kurs boʻyicha taxminan 250 000 AQSh dollari) miqdorida naqd pulni oʻgʻirlaganlikda gumon qilindi. Bu Sharqiy blokdagi eng mashhur bank oʻgʻirligi edi. Turli mafkuraviy koʻrsatmalarga asoslangan ayblovlardan tashqari, daʼvo qilingan talonchilik yoki uni Ioanid guruhi sodir etganligiga oid sabablar sudda aytilmagan.

Garchi sudda rumin yahudiylari pullarni Isroilga Sionistik tashkilotlarga xayriya qilish maqsadida yuborganlikda ayblangan boʻlsalar ham, oʻgʻirlangan pullar milliy valyutada, leyda boʻlgan va oʻsha paytda uni dunyoning hech bir joyida qattiq valyutaga almashtirishning imkoni boʻlmagan. Bu jihatlarning barchasi, yolgʻon ayblovlar asosida hukm chiqarishning koʻplab holatlari bilan birga, koʻpchilikda qandaydir talonchilik haqiqatda sodir boʻlganligi yoki uni jinoyatda ayblanayotgan shaxslar sodir etganligiga shubha uygʻotdi.

Arxitekturasi[tahrir | manbasini tahrirlash]

BNRning eski saroyi[tahrir | manbasini tahrirlash]

1920-yillarda Ruminiya Milliy bankining bosh binosi (Lipskani koʻchasi).

Milliy bankning Lipskani koʻchasiga qaragan bosh ofisi Ruminiyadagi eng koʻzga koʻringan va yirik bank binolaridan biri boʻlib, bugungi kunda tarixiy, sanʼat yodgorligi hisoblanadi va shu sababli himoya ostiga olingan. U Sherban Kantakuzin (1678—1688) tomonidan qurilgan sobiq mehmonxonaning oʻrnida qurilgan.

1882-yil 26-fevralda meʼmorlar Kassiyen Bernard va Albert Galleronga BNR saroyining loyihasini ishlab chiqish vazifasi yuklatildi. 19-asr oxiridagi eklektik uslubda, baʼzi neo-klassik elementlarga ega bino qurilishi 1884-yil 12-iyuldan (poydevor tosh qoʻyilganda) 1890-yil iyungacha meʼmor muhandis Nikolay Serchez boshchiligida, meʼmor E.Baykonyanu yordami bilan davom etdi.

BNRning yangi saroyi[tahrir | manbasini tahrirlash]

Fasadi Domnaya koʻchasiga qaragan BNR saroyining yangi qanoti Ikkinchi Jahon urushi paytida qurilgan. Uning poydevori 1937-yilda qoʻyilgan.

1942-1944 yillarda arxitektor Ion Davidesku boshchiligida olib borilgan qurilish ishlariga yana ikki meʼmor Radu Dudesku va N. Kretsoyu koʻmaklashgan.

Bino ikki jahon urushining oraligʻida hukmron boʻlgan ratsionalistik taʼsirga ega neo-klassik uslubning ramzi hisoblanadi. U monumental granit zinapoyalari, fasadni tashkil etuvchi ulkan Korinf ustunlari va bino ichidagi oq marmar bilan qoplangan katta zallari bilan hayratda qoldiradi.

Majburiyatlari[tahrir | manbasini tahrirlash]

Ruminiya Milliy bankining asosiy vazifalari quyidagilardan iborat:

  • Pul-kredit siyosati va valyuta ayirboshlash siyosatini belgilash va amalga oshirish;
  • Moliyaviy barqarorlikni taʼminlash maqsadida kredit tashkilotlari faoliyatiga ruxsat etish, tartibga solish va prudensial nazoratni amalga oshirish hamda toʻlov tizimlarining uzluksiz ishlashiga koʻmaklashish va nazorat qilish;
  • Ruminiya hududida qonuniy toʻlov vositasi boʻlgan banknotlar va tangalarni chiqarish;
  • Valyuta kursi rejimini belgilash va unga rioya etilishini nazorat qilish;
  • Ruminiyaning oltin-valyuta zaxiralarini boshqarish.

Galereya[tahrir | manbasini tahrirlash]

Yana qarang[tahrir | manbasini tahrirlash]

  • Ruminiya iqtisodiyoti
  • Ruminiya leyi
  • Ruminiya xazinasi, Ruminiya oltin zaxiralari (boshqa qimmatbaho buyumlar bilan bir qatorda) 1916-yilda (Birinchi jahon urushi paytida) Rossiyaga saqlash uchun yuborilgan va hali qaytib kelmagan (2023 holatiga koʻra)

Manbalar[tahrir | manbasini tahrirlash]

  1. Weidner, Jan „The Organisation and Structure of Central Banks“ (PDF). Katalog der Deutschen Nationalbibliothek (2017).
  2. „Rezervele internaţionale – martie 2021“ (rumincha). bnr.ro (1-aprel 2021-yil).
  3. „Operațiunile de piață monetară (open market)“. Qaraldi: 2023-yil 17-may.
  4. „National Bank of Romania“. The Free Dictionary.

Havolalar[tahrir | manbasini tahrirlash]