Qarshi choʻli

Vikipediya, ochiq ensiklopediya
(Qarshi dashtidan yoʻnaltirildi)

Qarshi choʻli
MamlakatOʻzbekiston Oʻzbekiston
regionQashqadaryo viloyati
Maydoni13 ming km² km²
DaryolarQashqadaryo
KanallarQarshi magistral kanali
Yanvar oyi oʻrtacha harorati-1.5°—28° °C
Iyul oyi oʻrtacha harorati28,2°—31,6° °C
Yillik yogʻingarchilik miqdori146-230 mm mm
Qarshi choʻli (Oʻzbekiston)
MamlakatOʻzbekiston Oʻzbekiston

Qarshi choʻli, Qarshi dashti — Oʻrta Osiyoning janubidagi tekislik. Qarshi choʻli zamini paleozoy davrida vujudga kelgan. Keyingi geologik davrlarda bir necha marta suv ostida qolgan. Paleogenning oxiri va neogenning boshlarida dengiz suvi chekinib quruqlikka aylangan. Yer yuzasining ustki qavati, asosan, daryo va soylar oqizib keltirgan oqiziqlar — loyqalar, qumoq va qumloq yotqiziqlar qum bilan qoplangan. Qarshi choʻlida Qoʻngʻirtov, Kosontogʻ, Maymanoqtov, Aloviddin, Doʻltalitov, Qoraqir, Saksondara kabi qirlar, Shoʻrsoy, Choragʻil kabi botiqlar bor[1].

Joylashuvi[tahrir | manbasini tahrirlash]

Qashqadaryo viloyatining gʻarbiy va Turkmanistonning sharqiy qismida joylashgan. Umumiy maydoni 13 ming km² ni tashkil etadi. Sharqda Hisor va Zarafshon togʻlarining togʻ oldi oʻydim-chuqur qiya tekisliklari, shimolida Qarnob choʻli, gʻarb va janubi-gʻarbda Devxona platosi, janubiy va janubi-sharqda Amudaryo va Qashqadaryo havzalarini ajratuvchi tepaliklar bilan chegaralangan. Qarshi choʻlining asosiy qismini Qashqadaryoning deltasi egallagan. Qarnob choʻli bilan Qarshi choʻli oʻrtasidagi tabiiy chegara Shoʻrsoy botigʻidan oʻtadi.

Mazkur choʻlning chegarasi haqida turlicha qarashlar mavjud. Bu borada M.Qoriyev, A.Hisomov, N. N. Hojiboyev, G. A. Mavlonov va I. A. Hasanov izlanishlar olib borgan. Shulardan eng maquli I. A. Hasanovning 1981-yilda oʻtkazgan tadqiqotlariga asoslanadi.

Geologik tuzilishi[tahrir | manbasini tahrirlash]

Qarshi choʻlining asosiy maydoni sinekliza turidagi ichki platforma tuzilmasidan tarkib topgan. Joylashuviga koʻra, choʻl Turon plitasining sharqiy chekka qismida joy olgan. Paleozoy jinslari 4000 metr chuqurlikda joylashgan, uning ustini esa qalin mezazoy choʻkindi jinslari qoplagan. Qarshi choʻlida bir nechta kichik burmali balandliklar, jumladan, Saksondara Oloviddintov, Maymonoqtov, Duldultov, Kosontov, Qoraqir va boshqalar mavjud. Bu balandliklar asosan silur, devon, karbon, yuqori boʻr, poleogen va yuqori neogen jinslaridan tarkib topgan. Shuningdek, platosimon va oddiy qirlar (Saritosh — Jarqoq, Oqjar, Azkamar, Setalantepa, Buyerman va boshqalar) ham mavjud.

Geografiyasi[tahrir | manbasini tahrirlash]

Qarshi choʻlining relyefi, asosan, toʻlqinsimon tekislikdan iborat. Oʻrtacha balandligi sharqiy qismida 400-500 m, gʻarbida esa 200-260 metrni tashkil qiladi. Choʻlning janubi-gʻarbiy va gʻarbiy qismining katta maydonlari qum uyumlari va baland qumtepalardan iborat.

Iqlimi[tahrir | manbasini tahrirlash]

Iqlimi keskin kontinental, qishi qisqa (yanvarning oʻrtacha temperaturasi — 1,5°, eng past temperatura — 28°). Bahor erta keladi, lekin, juda tez issiq boshlanadi. Yozi uzoq davom etib, juda quruq va issiq boʻladi. Iyulning oʻrtacha harorati 28,2°—31,6° ni tashkil qiladi. Eng yuqori harorat 47°. Vegetatsiya davri 226—248 kunga teng.

Yogʻin miqdori[tahrir | manbasini tahrirlash]

Choʻlda yogʻin kam, hudud boʻyicha notekis taqsimlangan (gʻarbida 146 mm, sharqida 230 mm gacha). Yogʻinning asosiy qismi qish va bahor oylarida yogʻadi. Qor qoplami har yili bir xil emas, baʼzi yillar 10—25 kun saqlanishi mumkin. Qor qalinligi 15—20 sm, ayrim yillari 30—40 sm ga yetadi. Shamol va chang toʻzonli boʻronlar boʻlib turadi. Yozda quruq va issiq havo oqimlari („garmsel“) koʻpincha changli boʻronlar bilan birgalikda sodir boʻladi. Shamollar va chang-toʻzonli boʻronlar asosan shimoldan hamda shimoli-garb tomondan esadi. Shamolning issiq davrdagi esish tezligi oʻrtacha 3-4 m/sek ni tashkil etadi[2].

Suv manbalari[tahrir | manbasini tahrirlash]

Choʻlda tabiiy suv manblari kam (Qashqadaryoni hisobga olmaganda). Oʻzlashtirilgan yerlarni suv bilan taʼminlashni yaxshilash va yangi yerlarni xoʻjalik muomalasiga kiritish maqsadida Qashqadaryo havzasida Chimqoʻrgʻon, Pachkamar va boshqalar kichikroq suv omborlari qurilgan. Chimqoʻrgʻon suv omborini suv bilan taʼminlashni yaxshilash uchun Zarafshon daryosidan boshlanuvchi va miloddan avvalgi 2-asrda qazilgan va moʻgʻullar tomonidan koʻmilib tashlangan Eski Anhor kanali 1953—1955-yillarda tiklanib ishga tushirildi. 1972-yilda Qarshi magistral kanali va Tallimarjon suv ombori barpo etildi. Uning uzunligi 78 km ni suv olish qismidagi suv sarfi sekundiga 195 m³ ni tashkil etadi. Bu yerda zich joylashgan kollektor — zovur tarmoqlari mavjud.

Qarshi choʻli Buxoro — Qarshi artezian havzasi tarkibiga kiradi. Havzada yer osti shoʻr suv qatlamlari turli chuqurliklarda, toʻrtlamchi, neogen, paleogen, boʻr, yura va paleozoy davrlari togʻ jinslarida joylashgan. Ularning tarkibida xloridsulfat tuzlari mavjud. Paleozoy davri qatlamlaridagi suvlar yuqori bosimli.

Tuprogʻi[tahrir | manbasini tahrirlash]

Qarshi choʻlining sharqiy va shimoli-sharqiy chala choʻl qismida och tusli boʻz, gʻarbiy hududida shoʻrlanish darajasi har xil boʻlgan taqirli, surqoʻngʻir, Shoʻrasoy, Choragʻil botiqlarida va oʻzansimon pastliklarda shoʻrtob, shoʻrxok, daryo boʻylarida va sugʻoriladigan yerlarda oʻtloqi tuproqlar tarqalgan. Choʻlning sugʻoriladigan yerlarida sizot suvlar yer yuzasiga chiqib tuproqlarning shoʻrlanishiga sabab boʻlmoqda. Shu sababli maxsus meliorativ chora-tadbirlar amalga oshirilmoqda.

Oʻsimliklar dunyosi[tahrir | manbasini tahrirlash]

Bu yerda turli xil oʻsimlik turlari mavjud. Sababi choʻl zonasining relyefi turlicha, shuningdek tuproq qoplamasi ham bir-biridan farqlanadi. Choʻl mintaqasida shuvoq, singren, juzgʻun, quyonsuyak, keyreuq, yantoq va yulgʻun oʻsimliklari keng tarqalgan. Qalin qumliklarda quyonsuyak, juzgʻun, oq saksovul, selin, taqirli tuproqlarda yulgʻun, qora saksovul bilan birga uchrayi. Boʻzqoʻngʻir tuproqlarda partesingren va turli efemerlar tarqalgan. Shoʻrxoklarda, asosan, sarsazan, donashoʻr, ajriq, shoʻralar oʻsadi. Daryo oʻzani yaqinidagi toʻqay oʻsimliklari yulgʻun, yantoq, baʼzan, qora saksovul, turli efemerlardan iborat.

Togʻoldi-adir mintaqasida efemer-efemeroid, yarim buta oʻsimliklari keng tarqalgan. Jumladan, qoʻngʻirbosh, iloq, shuvoq, jinchak oʻsimliklari koʻp uchraydi.

Sanoat markazlashuvi[tahrir | manbasini tahrirlash]

Qarshi choʻli tabiiy gaz va neft zaxiralariga boy. Mashhur Shoʻrtan tabiiy gaz koni, shuningdek, Zevardi, Koʻkdumaloq va boshqalar yirik neft va gaz kondensat konlari bor. Yangi yerlarni oʻzlashtirish, qoʻplab neft va gaz konlarining ochilishi (Muborak, Pomuq atroflarida) bilan Qarshi choʻlida sanoat rivojlandi. Choʻlda Tallimarjon, Muborak, Koson, Kasbi, Nishon kabi yirik maʼmuriy va sanoat markazlari barpo etiddi. Samarqand — Qarshi temir yoʻl (144 km), Buxoro — Qarshi elektr liniyalari qurilib ishga tushirildi. Qarshi choʻlining eng yirik sanoat shahri Qarshidir[3].

Antropogen omilining taʼsiri[tahrir | manbasini tahrirlash]

Qarshi choʻlidan turli maʼdan konlarining ochilishi va sugʻorma dehqonchilik hududlarning tobora kengayib borishi, yaylov chorvachiligi hamda turli xoʻjalik faoliyatlarining rivojlanishi tabiiy muhitga ziyon yetkazmoqda. Atropogen omili taʼsirida suv, tuproq va yaylovlarning tobora qisqarib borishi, sugʻoriladigan yerlarning shoʻrlanishi, eroziyaning kuchayish holatlari kuzatilmoqda.


Manbalar[tahrir | manbasini tahrirlash]

  1. „Qashqadaryo tabiiy geografik okrugi“. geografiya.uz. Qaraldi: 08-2023.
  2. P.Baratov; M.Mamatqulov; A.Rafiqov. O'rta Osiyo tabiiy geografiyasi. Toshkent: O'qituvchi nashriyoti, 2002-yil — 344-351 bet. ISBN 5-645-03879-7. 
  3. "Qarshi choʻli" OʻzME. Q-harfi Birinchi jild. Toshkent, 2000-yil

Adabiyotlar[tahrir | manbasini tahrirlash]

  • Xodjibayev N. N., Mavlyanov E. V.,Altmev S. A., Injenernaya geologiya Karshinskoy stepi, Toshkent, 1976-yil
  • Babushkin L. N., Kogay N. A., Fizikogeograficheskoye rayonirovaniye Sredney Azii i Uzbekistana, Toshkent 1964-yil.