Oʻn ikki barmoqli ichak saratoni

Vikipediya, ochiq ensiklopediya
Oʻn ikki barmoqli ichak saratoni
Oʻn ikki barmoqli ichak adenokarsinomasining endoskopik tasviri
Mutaxassislik Gastroenterologiya, xirurgiya, onkologiya
Alomatlar Qon qusish, axlatda qonning aniqlanishi

Oʻn ikki barmoqli ichak saratoni — bu ingichka ichakning bir qismi, yaʼni oʻn ikki barmoqli ichakda joylashgan oʻsmadir. Oʻn ikki barmoqli ichak saratoni oshqozon saratoni va kolorektal saratonga nisbatan kamroq uchraydi. Uning gistologiyasi tekshirib koʻrilganda odatda adenokarsinoma ekanligi aniqlanadi.

Bu saratonning rivojlanishida adenomatoz polipoz (FAP), Gardner sindromi, Linch sindromi, Muir-Torre sindromi, celiac kasalligi, Peutz-Jeghers sindromi, Kron kasalligi, yuvenil polipozi sindromi kabi simptom va kasalliklar xavf omili hisoblanadi[1].

Oʻn ikki barmoqli ichak — ingichka ichakning birinchi qismi boʻlib, oshqozon va och ichak oʻrtasida joylashadi. Oziq-ovqatlar oshqozon kislotasi bilan aralashganidan soʻng, ular oʻn ikki barmoqli ichakka tushadi. U yerda jigar tomonidan ishlab chiqariladigan safro kislotalari va meʼda osti bezining ovqat hazm qilish suyuqligi bilan aralashadi.

Simptomlari[tahrir | manbasini tahrirlash]

Saraton massasi oziq-ovqatning ingichka ichakka tushishiga toʻsqinlik qiladi. Agar oziq-ovqat ichakka kira olmasa, buning natijasida ogʻriq, kislotali oqim va vazn yoʻqotilishi kelib chiqadi. Chunki oziq-ovqat tanada qayta ishlanishi va soʻrilishi kerak boʻlgan ichak qismlariga yetib bora olmaydi.

Oʻn ikki barmoqli ichak saratoni bilan ogʻrigan bemorlarda qorin ogʻrigʻi, koʻngil aynishi, qusish, surunkali oshqozon-ichakdan qon ketishi va vazn yoʻqotilishi belgilari kuzatiladi.

Davolash[tahrir | manbasini tahrirlash]

Bu kabi saraton kasalliklarida odatda rezeksiya amaliyoti qoʻllaniladi[2]. Ammo oʻn ikki barmoqli ichak saratonini jarrohlik yoʻli bilan olib tashlash qiyin.Chunki u joylashgan sohada koʻplab muhim ahamiyatli qon tomirlari mavjud. Baʼzida saratonni rivojlanib ketishini oldini olish maqsadida kimyoterapiya ham qoʻllaniladi. Bundan tashqari ichaklar orasida anastomoz hosil qilish amaliyotlari ham bajariladi.

Whipple protsedurasi — bu saraton kasalliklarida qoʻllaniladigan amaliyot turlaridan biridir. Ushbu protsedurada odatda oʻn ikki barmoqli ichak, oshqozon osti bezining bir qismi (bosh) va oʻt pufagi rezeksiya qilinadi. Ingichka ichak pilorik qismga (oshqozon pastki qismidagi qopqoq) va jigar, oshqozon osti bezidan ajralib chiqqan sekretsiya mahsulotlarini olib keluvchi kanallar esa pilorik qismga ulangan ingichka ichakka olib kelinadi.

Oshqozon osti bezining bir qismini olib tashlash koʻpincha fermentlar yetishmovchiligini yuzaga keltiradi va buning natijasida fermentlarni oʻrnini bosish uchun enteral dori vositalari buyuriladi.

Manbalar[tahrir | manbasini tahrirlash]

  1. "Duodenal carcinoma at the ligament of Treitz. A molecular and clinical perspective". BMC Gastroenterol 10: 109. 2010. doi:10.1186/1471-230X-10-109. PMID 20849628. PMC 2949773. //www.pubmedcentral.nih.gov/articlerender.fcgi?tool=pmcentrez&artid=2949773. 
  2. "Utility of a prognostic nomogram designed for gastric cancer in predicting outcome of patients with R0 resected duodenal adenocarcinoma". Annals of Surgical Oncology 14 (11): 3159–67. November 2007. doi:10.1245/s10434-007-9542-1. PMID 17680313.