Enterit
Enterit (yun. — ichak) — ingichka ichakning yalligʻlanishi. Odatda, E. yakka holda kechmay, aksari ingichka va yoʻgʻon ichaklarning baravar yalligʻlanishi — enterokolit yoxud ichak va meʼdaning bir vaqtda yalligʻlanishi — gastroenterit koʻrinishida uchraydi. Oʻtkir va surunkali E. farqdanadi. Oʻtkir E. aksari yoz va kuzda (koʻproq issiq vaqtda) kuzatiladi. Odamda, ovqatdan boʻladigan toksikoinfeksiyalar (yaʼni buzilib qolgan goʻshtli taomlar, chala, xom pishirilgan ovqat, toza yuvmay yeyilgan meva, sabzavot va hokazo), baʼzi kimyoviy moddalar (simob, yod, ayrim sanoat zaharlari), shuningdek, baʼzi doridarmonlardan zaharlanish, ayrim mevachevalarning organizmga allergik taʼsiri, badhazm ovqatlarni koʻp yeyish va boshqalar oʻtkir E. ga sabab boʻladi. Organizmning qizib ketishi yoxud sovuq qotishi, jazirama issiqda muzdek ichimliklar ichish, ichakda gijja boʻlishi va hokazo ham oʻtkir E. kelib chiqishiga olib keladi. E., shuningdek, baʼzi yuqumli kasalliklar (ich terlama, paratiflar va boshqalar) oqibatida paydo boʻlishi mumkin. Ichaklarning yalligʻlanish tarziga koʻra, E.ning bir necha xili (kataralfollikulyar, yiringli, yarali) farq qilinadi. Kataral shakli koʻp uchraydi. E.da ichak shilliq qavati qizarib, shishadi va unga donadona qon quyiladi; ichak devoridan koʻp shilimshiqajraladi, epitelial qavati koʻchib tushadi. E.da toʻsatdan qorin va kindik atrofi sanchib ogʻriydi, quldiraydi, tez-tez (sutkasiga 5—10-marta) ich suradi, bemorning koʻngli aynib, qayt qiladi. Baʼzan qusuqqa shilimshiq va qon aralashadi, bemor isitmalab, ishtahasi yoʻqoladi, terlaydi, ogʻzidan suv keladi. Agar ingichka ichak koʻproq zararlangan boʻlsa, kuniga 4—7-marta ich suradi, axlat dastlab quyuq, koʻp, qoʻlansa, keyin suyuq, koʻpirib (baʼzan achimsiq hidli) keladi, ich kelgandan soʻng ogʻriq toʻxtaydi. Kasallik, aksari yoʻgʻon ichakda boʻlsa vaqtbevaqt yoʻgʻon ichak boʻylab ogʻriq tutadi, sutkasiga 10—15-marta ich ketadi, axlatda koʻp shilimshiq, baʼzan qon boʻladi. E.da koʻp qusish va ich ketishi tufayli organizm suvsizlanadi (bemorning terisi quruqshaydi, ogʻzi qurib, hidlanadi, tili karashlanib, lablari qovjiraydi, qorni dam boʻladi va hokazo), yurak faoliyati susayadi, qon bosimi va gavda temperaturasi pasayib, bemorning rangi ketadi, koʻzlari kirtayadi; ogʻirroq hollarda oyoqqoʻllari muzlab, tortishibtortishib turadi. Oʻtkir E., toʻla va toʻgʻri davolansa bemor sogʻayib ketadi. Aks hodda surunkali tus oladi. Surunkali E.ning kelib chiqish sabablari oʻtkir E.nikiga oʻxshash. Shuningdek, bu E. baʼzan meʼda, oʻt qopi, jigar yoki meʼda osti bezi kasalliklarida ichak devorining zararlanishi yoki ovqatda vitaminlar tanqisligi va boshqalar oqibatida paydo boʻladi. Bunda ingichka va yoʻgʻon ichaklar devorining hamma qatlami shikastlanadi; ichak devorining soʻrish va harakat funksiyasi buziladi. Surunkali E. goh zoʻriqib, goh bosiladi.
Davo bemorning umumiy ahvoli va kasallik belgilariga qarab tayinlanadi. Surunkali E.ni davolashda, asosan, parhez va vaqtida qatʼiy rejim bilan ovqatlanish yaxshi foyda beradi. Oshlovchi moddalar tutgan (behi, nok va hokazo) mevalar suvidan ichib turish, kasallik zoʻriqqanda yumshoq taomlar yeyish, vitaminlar qabul qilish tavsiya etiladi. Oldini olish: doim oziq-ovqatlarni yaxshilab pishirib yeyish, toʻgʻri ovqatlanish, shaxsiy gigiyena qoidalariga rioya qilish, pashshalarni qirish va hokazodan iborat.
E. hayvonlarda ham uchraydi, yosh mollarda ogʻir oʻtadi. E. birlamchi va ikkilamchi, oʻtkir va surunkali, difterik, gemorragik, yarali, flegmonoz va kataral boʻladi. Birlamchi E. doim bir xil, sifatsiz, chirigan va zamburugʻ bosgan ozuqa bilan boqishdan, ikkilamchi E. infeksion va invazion kasalliklar natijasida kelib chiqadi. Kasal hayvonning ishtahasi yoʻqoladi, shilliq pardalari sargʻayadi. Yoʻgʻon ichagi yalligʻlanganda ichi ketadi, keyinchalik ichi qotadi. Kasallik ogʻir oʻtganda hayvon nobud boʻladi. Davolash: ichni yumshatuvchi dorilar (natriy va magniy sulfat), antibiotiklar va boshqalar beriladi. Ichaklarni dezinfeksiyalovchi dorilar ichiriladi.
Oldini olish: chorva mollari sifatli yemxashak bilan boqiladi, oziqlantirish rejimiga rioya qilinadi.
Ushbu maqolada Oʻzbekiston milliy ensiklopediyasi (2000-2005) maʼlumotlaridan foydalanilgan. |
Bu andozani aniqrogʻiga almashtirish kerak. |