Kisva

Vikipediya, ochiq ensiklopediya
Jump to navigation Jump to search
1910 yildagi Kisva, Usmoniylar Imperiyasi

Kisva (arab. كسوة)Kaʻba devorlarini yopib turadigan choyshab. Paxta aralashgan sakkiz boʻlak qora shoyi matodan tikiladi. Devorning yuqori qismi uchdan bir boʻlagani yopib turuvchi Kisva parchasiga Qurʻoni karimning: "Albatta odamlar ibodat qilishlari uchun qurilgan birinchi uy - Makkadagi muborak va butun olamlar uchun hidoyat (mayogʻi) boʻlgan Kaʻbadurki..." degan oyati (3:96) zarhal yozuvda bitilgan. Shuningdek, Kisvaga Qurʻonning yana boshqa sura va oyatlari yoziladi. Kaʻbaga kiriladigan eshik maxsus zarhal bilan qogshangan boʻlib, unga ham Qurʻon oyatlari bitilgan. Muhammad (sav) hayotliklarida Kisva Yamanda tayyorlanardi. Xalifa Umar zamoniga kelib Kisva Misrda toʻqiladigan boʻldi. Xalifa Maʻmun (813-833) davrida Kisva har yili uch marta yangilab turilgan. Xalifa Mutavakkil (847-861), esa har ikki oyda Kaʻbatullohga yangi Kisva yuborgan. Xalifa Umar boshlab bergan anʻana davom ettirilib, Kisva 1924 yilgacha Misrda tayyorlandi. Har yili yangi Kisva haj safariga chiqqan misrlik ziyoratchilar bilan birga Makkaga keltirilardi. Avvalgi Kisva devordan olinib, Kaʻba xazinabonlari va Makka sharifi ixtiyoriga topshirilardi. 1443-1452 yillari Shohruh Mirzo Misr Kisvasi bilan birga Movarounnahrda tayyorlangan maxsus kaʻbapoʻsh yopilib turishiga erishgan. 1925 yil qirol Abdul Aziz Makkada ixtisoslashgan fabrika ochib, unda qora rangli tabiiy shoyidan Kisva tiktirdi. Shundan boshlab Kaʻba Kisvasi faqat Saudiya Arabistonida tayyorlanadi. Saudiya Arabistoni podshohi Fahd ibn Abdul Aziz Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Islom Karimovga tuhfa qilgan Kisva - Kaʻbapoʻsh parchasi hozir Imom Buxoriy yodgorlik majmuida masjid devoriga osib qoʻyilgan.

Manbalar[tahrir]