Kirovograd viloyati

Vikipediya, ochiq ensiklopediya

Kirovograd viloyati - Ukrainadagi viloyat. 1939 yil 10 yanvarda tashkil etilgan. Maydoni 24,6 ming km². Aholisi 1211,2 ming kishi (1997), asosan, ukrainlar; shuningdek, rus, belorus, yaxudiy, moddavanlar ham yashaydi. Shaharliklar 52%. 21 tumanga boʻlingan, 12 shahar, 26 shaharcha bor. Markazi — Kirovograd shahri

Kirovograd viloyati Dnepr boʻyi qirlarining jan. qismida, Yer yuzasi daryo vodiylari va jarlar oʻyib yuborgan toʻlqinsimon tekislik. Foydali qazilmalari: qoʻngʻir koʻmir, grafit, nikel rudasi, qurilish materiallari, torf, temir rudasi. Iqlimi moʻʼtadil kontinental. Yanv. ning oʻrtacha temperaturasi —5,4° dan —5,6° gacha, iyulniki 20—21,4°. Yillik yogʻin 450 mm. Vegetatsiya davri 200—210 kun. Daryolari: Dnepr, Ingul, Sinyuxa va Jan. Bug . Kirovograd viloyati hududida Kremenchug , Dneprodzerjinsk va boshqa suv omborlari bor. Tuprogʻi, asosan, qoratuproq. Oʻrmon va butazorlar mavjud.

Kirovograd viloyati sanoatining yetakchi tarmoqlari: oziq-ovqat, mashinasozlik, yonilgʻi va rangli metallurgiya. Energetika xujaligini bir qancha GES va issiqlik elektr st-yasi tashkil etgan. Oziq-ovqat sanoatida shakarqand, yogʻ-moy, spirt, goʻsht, un, moy-sir, meva-sabzavot konservalari ishlab chiqariladi. Mashinasozlik va metallsozlik sanoati, asosan, qishloq xoʻjaligi mashinalari va ji-hozlar ishlab chiqarishga ixtisoslashgan. Yoqilgʻi sanoatida qoʻngʻir koʻmir qazib olinadi va qayta ishlanadi. Rangli metallurgiya rivojlanmokda. Yengil sanoat korxonalari (tikuvchilik, poyabzal, paypoq, koʻn zavodi, yogʻochsozlik, mebel k-tlari) bor. Qurilish materiallari ishlab chiqaradigan yirik korxonalar mavjud.

Qishloq xoʻjaligida gʻalla, qand lavlagi, koriandr, koʻngaboqar ekiladi, chorvachiligi goʻsht-sut yetishtirishga ixtisoslashgan. Bogʻdorchilik va rezavor mevachilik salmoqli oʻrin tutadi. Hovoʻz baliqchiligi rivojlangan. Kirovograd viloyati, avtomobil yoʻllari zich, aeroport bor. Dnepr daryosida kema qatnaydi.[1]

Manbalar[tahrir]

  1. OʻzME. Birinchi jild. Toshkent, 2000-yil