Xerson viloyati

Vikipediya, ochiq ensiklopediya

Xerson viloyati — Ukrainadagi viloyat. 1944 yil 30 martda tashkil etilgan. Maydoni 28,5 ming km². Aholisi 1145,4 ming kishi (2004), ukrain, rus, belorus, yahudiy va boshqa yashaydi. 18 maʼmuriy tumanga boʻlingan, 8 shahar va 29 shaharcha bor. Shahar aholisi 59%. Markazi — Xerson shahri. Muhim shaharlari — Xerson, Kaxovka, Syurupinsk.

Tabiati[tahrir | manbasini tahrirlash]

Viloyat Ukrainaning janubida. Qrra dengizboʻyi pasttekisligida joylashgan. Janubidan Qora va Azov dengizlari bilan oʻralgan. Yer yuzasi tekislik, janubiga tomon bir oz qiya. Kumli orollar, qum tillari, kichikroq qoʻltiqlar uchraydi. Iqlimi moʻʼtadil kontinental. Yanvarning oʻrtacha tempaturasi janubida −3° dan shimolida −5° gacha, iyulniki janubida 21,5° — 23,5°. Yozi issiq va quruq, ayrim vaqtda boʻronlar boʻlib turadi. Vegetatsiya davri 215-230 kun. Yillik yogʻin 300-400 mm. Asosiy daryolari: Dnepr, uning oʻng irmogʻi — Ingulets. Tuproqlari janubida chirindisi kam qoratuproq, toʻq kashtan tuproqlar dengiz sohilida kashtan, shoʻrtob va shoʻrxok tuproqlar. Viloyat hududida Askaniya Nova, Qora dengiz qoʻriqxonalari, shuningdek, AzovSivash qoʻriqxonaovchilik xoʻjaligi bor. Viloyat hududining 2,6% oʻrmon va butazor.

Iqtisodiyoti[tahrir | manbasini tahrirlash]

Mashinasozlik va metallsozlikda kemasozlik zavodlari, kombayn, kardan vallari va elektr mashinasozlik (Xerson), elektr payvandlash jihozlari va avtomobil taʼmirlash zavodlari (Kaxovka) bor. Xersonda neftni qayta ishlash zavodi va Ukrainada shisha idishlar ishlab chiqaruvchi eng yirik zavodlardan biri, Syurupinskda sellyulozaqogʻoz kombinati, Novaya Kaxovkada mebel fabrikasi ishlab turibdi. Yengil sanoatda toʻqimachilik yetakchi oʻrinda (Xerson ipgazlama kombinati). Ipgazlama ishlab chiqarish boʻyicha Xerson viloyati Ukrainada 1oʻrinda. Oziq-ovqat sanoati konserva, un va yorma, goʻshtsut, baliq va boshqa tarmoqlardan iborat.

Qishloq xoʻjaligida gʻallachilik, sabzavotchilik, polizchilik, tokchilik, bogʻdorchilik va goʻshtsut chorvachiligi rivojlangan. Gʻalla, kartoshka va sabzavot, yemxashak ekinlari ekiladi. Chorvachiligi goʻshtsutga ixtisoslashgan, choʻchqachilik va mayin junli qoʻychilik, pillachilik, baliqchilik rivojlangan (9 baliqchilik xoʻjaligi bor). Transport yoʻli uzunligi 1100 km. Avtomobil yoʻllari uzunligi 6 ming km. Muhim portlari: Xerson, Skadovsk, Genichesk, Xorli. Dneprda kema qatnaydi. Aeroport bor. 4 oliy oʻquv yurti, 2 muzey, 2 teatr, filarmoniya, telemarkaz faoliyat koʻrsatadi.[1]

Manbalar[tahrir | manbasini tahrirlash]

  1. "Xerson viloyati" OʻzME. X-harfi[sayt ishlamaydi] Birinchi jild. Toshkent, 2000-yil