Jitomir viloyati

Vikipediya, ochiq ensiklopediya

Jitomir viloyati — Ukrainadagi viloyat. 1937-yil 22-sentabrda tuzilgan. Maydon 29,9 ming km2. Aholisi 1467,9 ming kishi (1997), asosan ukrainlar, shuningdek, rus, polyak, yahudiy va b. ham yashaydi. Jitomir viloyatida 22 tuman, 9 shahar, 40 shaharcha bor. Markazi – Jitomir shahri.

Relyefi tepalik va pasttekisliklardan iborat. Foydali qazilmalari: granit, gneys, labradorit, yashma, topaz, kvarsit, marmar, pirofillit, ohaqtosh, mergel, oxra, kvars qumi, kaolin, oʻtga chidamli tuproq, temir va titan rudalari, qoʻngʻir kumir, torf. Iqlimi muʼtadil kontinental. Yanvarning oʻrtacha tempaturasi –5,7°, iyulniki 18,9°. Yillik yogʻin 570–600 mm. Vegetatsiya davri 240 kun. Daryolari Dnepr havzasiga mansub. Qoratuproq va kulrang oʻrmon tuprogʻi, chimli podzol va botqoq tuproqlar tarqalgan. Viloyat hududi aralash oʻrmonlar (Polesye) va oʻrmonli dasht zonalarida joylashgan.

Asosiy sanoat tarmoqlari: ruda va koʻmir qazib chiqarish, mashinasozlik, toʻqimachilik, avtomobilsozlik va boshqalar Oziq-ovqat sanoati (shakar-qand, spirt-araq, pivo, goʻsht, yogʻ-pishloq, sut, un, sabzavot konserva) rivojlangan. Toʻqimachilik, tikuvchilik, koʻn poyabzal, madaniy mollar ishlab chiqarish korxonalari bor. Elektr asboblari, kimyo sanoati uchun asbob-uskunalar ishlab chiqariladi. Yogʻochsozlik korxonalari va 4 qogʻoz fabrikasi, shu jumladan elektrotexnika sanoati uchun eksportga eng yupqa kondensator qogʻozi ishlab chiqaradigan Malin qogʻoz fabikasi bor. Oynashisha (Jitomir), chinni zavodlari va koʻzgu fabrikasi ishlab turibdi. Kon sanoatida qora metallurgiya sanoati uchun oʻtga chidamli dinas kvarsitlari, titanli ilmenit, pushtirang slanets-pirofillit ishlab chiqariladi.

Qishloq xoʻjaligida zigʻir tola, kartoshka, gʻalla, qand lavlagi yetishtiriladi, oʻrmonlidasht qismida sut-goʻsht chorvachiligi rivojlangan. Bogʻdorchilik va rezavormevachilik ham salmoqli oʻrin tutadi. Asalari boqiladi. Baliqxoʻjaligi bor. Asosiy temir yo'l magistrallari: Kiyev-Brest, Kiyev–Lvov. Asosiy avtomobil magistrali: Kiyev–Lvov. 3 oliy oʻquv yurti, musiqali drama, qoʻgʻirchoq teatrlari, filarmoniya, 8 muzey bor.[1]

Manbalar[tahrir | manbasini tahrirlash]

  1. OʻzME. Birinchi jild. Toshkent, 2000-yil