Malik Hakimov

Vikipediya, ochiq ensiklopediya
(Hakimov Malik Hakimovichdan yoʻnaltirildi)
Malik Hakimovich Hakimov
Tavalludi 25-oktyabr 1921-yil
Toshkent, Turkiston ASSR, RSFSR
Vafoti 12-may 1980-yil(1980-05-12)
(58 yoshda)
Toshkent, OʻzSSR
Fuqaroligi SSSR bayrogʻi SSSR
Sohasi Davlat huquqi, maʼmuriy huquq
Ish joylari I. M. Moʻminov nomidagi OʻzFA Falsafa va huquq instituti
Taʼlimi Toshkent yuridik instituti
Mukofotlari
  • Oʻzbekiston SSR Oliy Soveti Prezidiumining Faxriy yorligʻi

Malik Hakimovich Hakimov (1921-yil 25-oktyabr, Toshkent 1980-yil 12-may, Toshkent) – huquqshunos olim. Oʻzbekistonda xizmat koʻrsatgan fan arbobi (1972). Yuridik fanlari doktori (1965), professor (1967). Ikkinchi jahon urushi qatnashchisi (1939—1942).

Toshkent yuridik institutini tugatgan (1945). Butunittifoq sirtqi yuridik instituti Toshkent filialining direktori (1949—1950). Toshkent yuridik institutida katta oʻqituvchi (1950-1953). VSSPSning Toshkent oliy maktabida kafedra mudiri va direktor oʻrinbosari (1953—1956). Partiya tarixi institutida sektor mudiri (1956—1957). 1958-yildan umrining oxirigacha Oʻzbekiston Fanlar akademiyasi Falsafa va huquq instituti sektor mudiri[1][2]. Hakimovning ilmiy ishlari davlat huquqi, oʻzbek davlatchiligi tarixiga bagʻishlangan.

Tarjimai holi[tahrir | manbasini tahrirlash]

Malik Hakimov 1921-yilda Toshkentda tugʻilgan[1]. Toshkent moliya-iqtisodiyot institutining ishchilar fakultetini tamomlab, Qizil armiya safiga chaqirilgan[3]. 1939—1942-yillarda 115-oʻqchi diviziyaning 371-artilleriya polki tarkibida SSSR qoʻshinlarining Germaniya va Finlyandiya qurolli kuchlariga qarshi Leningradni mudofaa qilishda Ikkinchi jahon urushi frontlarida[1] jangovar harakatlarda qatnashgan[4]. 1942-yilda ogʻir yaralanganidan keyin demobilizatsiya qilingan[2][5].

1945-yilda Toshkent yuridik institutini imtiyozli diplom bilan tamomlagan[1][3]. 1949-yilda SSSR Fanlar akademiyasining Yuridik institutida aspiranturani tugatib, „Sovet davlati huquqida davlat hokimiyati tushunchasi“ mavzusidagi nomzodlik dissertatsiyasini muvaffaqiyatli himoya qilgandan soʻng, oʻzini butunlay ilmiy—pedagogik faoliyatga bagʻishlagan[2].

M. H. Hakimov 1949—1953-yillarda Butunittifoq sirtqi yuridik instituti Toshkent filialining direktori[1], Toshkent yuridik instituti katta oʻqituvchisi[2]; 1953—1956-yillarda – Butunittifoq professional ittifoqlar markaziy kengashining Toshkent professional harakati oliy maktabi direktorining oʻquv va ilmiy ishlar boʻyicha oʻrinbosari va boʻlim mudiri[1][3]; 1956—1957- yillarda – Oʻzbekiston KP MQ huzuridagi Partiya tarixi instituti partiya tarixi sektori mudiri[1][2].

Malik Hakimovning keyingi faoliyati I. M. Moʻminov nomidagi OʻzSSR Fanlar akademiyasi Falsafa va huquq instituti faoliyati bilan uzviy bogʻliqdir: 1958-yildan – bu institut tashkil etilgan paytdan boshlab va umrining soʻnggi kunlarigacha Malik Hakimovich davlat va maʼmuriy huquq sektoriga rahbarlik qilgan[1][3][2].

1965-yilda M. H. Hakimov „Sotsializmga oʻtish davrida Oʻzbekistonda milliy sovet davlatchiligi rivojlanishining asosiy muammolari“ mavzusida doktorlik dissertatsiyasini muvaffaqiyatli himoya qildi[2]. 1967-yilda professor unvonini olgan[1][2].

Malik Hakimovich davlat va huquq nazariyasi va tarixi[1], Oʻrta Osiyo va Qozogʻiston respublikalarida milliy davlat qurilishining[2] bir qator muhim muammolarini oʻrgangan. Professor Hakimovning bisotida 100 dan ortiq ilmiy ishlari, jumladan „Sotsializmga oʻtish davrida Oʻzbekistonda milliy sovet davlatchiligining rivojlanishi“ (1965)[6], „Partiya va sovet milliy davlatchiligi: KPSS yetakchiligi, Oʻrta Osiyo va Qozogʻiston xalqlarining sovet davlatchiligining yaratilishi va rivojlanishi“ (1980) va boshqalar bor[7].

Malik Hakimov koʻplab yirik asarlarning mas’ul muharriri boʻlgan. Uning rahbarligida akademik Xadicha Sulaymonovaning 3 jildlik toʻplami tayyorlanib nashr etilgan[3]. „Oʻzbekistonda ijtimoiy fanlar“ jurnali tahririyati aʼzosi boʻlgan[2]. Professor Hakimov ilmiy kadrlar tayyorlashga katta hissa qoʻshgan, uning ilmiy rahbarligida 30 ta nomzodlik va 2 ta doktorlik dissertatsiyalari tayyorlangan va himoya qilingan[8][9][10][11][12][13][14][15][16].

Professor Hakimov 1978-yilgi Oʻzbekiston SSR Konstitutsiyasi loyihasining bir qator qonun hujjatlarini ishlab chiqishda bevosita ishtirok etgan[3]. Malik Hakimovich bir necha bor respublika, mintaqaviy, umumittifoq va xalqaro ilmiy forumlarda maʼruza qilgan[3].

1965-yildan M. H. Hakimov „Bilim“ respublika jamiyati davlat va huquq bilimlarini targʻib qilish boʻyicha ilmiy-uslubiy kengashining Plenumi aʼzosi va raisi[3], Xorijiy davlatlar bilan aloqalar boʻyicha Oʻzbekiston doʻstlik va madaniyat jamiyati yuridik boʻlimini boshqargan[2].

Hukumat M. H. Hakimovning ilmiy, pedagogik va ijtimoiy faoliyatini yuksak baholagan. „Oʻzbekiston SSRda xizmat koʻrsatgan fan arbobi“ faxriy unvoni[1], II darajali Vatan urushi ordeni[2], SSSR medallari va Oʻzbekiston SSR Oliy Soveti Prezidiumining Faxriy yorligʻi bilan taqdirlangan[2].

Malik Hakimovich Hakimov 1980-yil 12-mayda toʻsatdan vafot etdi[17]. Atoqli olim va huquqshunos xotirasini abadiylashtirish maqsadida Toshkent shahrining Mirzo Ulugʻbek tumanidagi koʻchalardan biriga uning nomi berildi[1][3]. Keyinchalik koʻcha Oqqoʻrgʻon koʻchasi 4-oʻtish yoʻli deb qayta nomlangan[18].

Adabiyotlar[tahrir | manbasini tahrirlash]

Kitoblar
  • Г. Ахмедов, С. Муминов и др.. Воспоминания о М. Х. Хакимове. Ташкент: Адолат, 2002. 
  • А. Рахмат. Они защищали Ленинград. Ташкент: Литературы и искусства имени Гафур Гуляма, 1984 — 13—27 bet. 
  • Ezgulikka bagʻishlangan umr, T., 2001.
Maqolalar
  • К. Муминов. Доброе имя наставника. — Голос Джиззака, 1995. — Andoza:Бсокр.
  • Малик Хакимович Хакимов (некролог). — Общественные науки в Узбекистане, 1980. — Andoza:Бсокр.
  • Малик Хакимович Хакимов (некролог). — Правда Востока, 1980. — 15 may (Andoza:Бсокр).
  • Ш. Хакимова. Цена Победы: Аккорды памяти. — Агентство новостей Podrobno.uz, 2015.
  • „Юбилейные издания“. Юридическая наука в Узбекистане 158—159. Правоведение (1975-yil 1-fevral). 2015-yil 18-mayda asl nusxadan arxivlangan. Qaraldi: 2014-yil 29-aprel.

Ensiklopediyalar

Avtoreferatlar

Manbalar[tahrir | manbasini tahrirlash]

  1. 1,00 1,01 1,02 1,03 1,04 1,05 1,06 1,07 1,08 1,09 1,10 1,11 Oʻzbekiston milliy ensiklopediyasi.
  2. 2,00 2,01 2,02 2,03 2,04 2,05 2,06 2,07 2,08 2,09 2,10 2,11 2,12 Общественные науки в Узбекистане 1980.
  3. 3,0 3,1 3,2 3,3 3,4 3,5 3,6 3,7 3,8 Воспоминания о М. Х. Хакимове 2002.
  4. Они защищали Ленинград 1984.
  5. Агентство новостей Podrobno.uz 2015.
  6. Юридическая наука в Узбекистане 1977.
  7. Правоведение.
  8. Правовое положение депутатов 1973.
  9. Административная деятельность 1972.
  10. Государственно-правовые взгляды Алишера Навои 1975.
  11. Организационно-правовые вопросы 1983.
  12. Правовое положение субъектов в составе СФРЮ 1979.
  13. Организационно-правовые формы взаимодействия 1980.
  14. Возникновение и развитие советского избирательного права 1971.
  15. Деятельность местных советов депутатов трудящихся 1965.
  16. Развитие общественных начал 1966.
  17. Некролог 1980.
  18. „ИЗМЕНЕНИЯ в названиях улиц, махаллей, других топонимических объектов“. nrm.uz. Norma Online. Qaraldi: 25-noyabr 2023-yil.

Havolalar[tahrir | manbasini tahrirlash]