Rossiya fanlar akademiyasi

Vikipediya, ochiq ensiklopediya

Rossiya fanlar akademiyasi - Rossiya Federatsiyasining oliy ilmiy muassasasi. 1991-yil taʼsis etilgan. Tarixi 1724-yilda tashkil etilgan Peterburg Fanlar akademiyasidan boshlanadi. 1917—25 yillarda Rossiya FA, 1925—91 yillarda SSSR Fanlar akademiyasi (oʻzbek olimlaridan O. Sodiqov akademiyaning haqiqiy aʼzosi, S. Yunusov, P. Habibullayev, E. Yusupov muxbir aʼzolari etib saylangan) deb nomlangan. Akademiya prezidiumi 1934-yildan Moskvada. Oʻzini oʻzi boshqaradigan ilmiy tashkilot. Sobiq SSSR Fanlar akademiyasi ning aʼzolari va yangi saylangan akad.lar Rossiya Fanlar akademiyasining aʼzolaridir.

830 dan ortiq haqiqiy, 1090 dan ziyod muxbir aʼzosi, 440 dan xorijiy aʼzosi bor. Fan tarmoq va yoʻnalishlari boʻyicha 13 boʻlimi (matematika; fizika; nanotexnologiyalar va axborot texnologiyalari; energetika, mashinasozlik, mexanika va boshqaruv jarayonlari; kimyo va materialshunoslik; biologiya; fiziologiya; Yer fanlari; ijtimoiy fanlari; global muammolar va xalqaro munosabatlar; tarix va filologiya; tibbiyot; qishloq xo'jaligi), mintaqaviy boʻlinmalari (Sibir, Ural, Sankt-Peterburg, Uzoq Sharq) va ilmiy markazlari, 1000 ga yaqin ilmiy muassasasi, Rossiya fanlar akademiyasi floti bor. Ilmiy adabiyotlar nashr etadi. Ilmiy kadrlar tayyorlaydi. Olimlarning ilmiy ishlari uchun medallar va mukofotlar taʼsis etilgan.

SSSR va Rossiya Fanlar akademiyasining akademik lari I.Ye. Tamm, I.M. Frank, P.A. Cherenkov, N.G. Basov, A.M. Proxorov, P.L. Kapitsa, N.N. Semyonov, I.P. Pavlov, A.I. Soljenitsin, M.A. Sholoxov, A.D. Saxarov, L.V. Kantorovich, J.I. Alfyorov, A.A. Abrikosov, V.L. Ginzburg turli davrlarda Nobel mukofotiga sazovor boʻlishgan. Xalqaro ilmiy alokalar olib boradi. Prezidenta — Yu.S. Osipov (1991-2013),[1] V.E. Fortov (2013-2017), V.V. Kozlov (2017), A.M. Sergeev (2017-2022), G.Ya, Krasnikov[2] (2022-yilning 20 sentyabridan boshlab).

Manbalar[tahrir | manbasini tahrirlash]