Kontent qismiga oʻtish

Buyrak

Vikipediya, erkin ensiklopediya
13. Nefron

Buyrak – (ren, grekchanephros) siydik ajratib chiqaruvchi juft aʼzo. U loviyasimon shaklga ega boʻlib, katta odamda uzunligi 10-12 sm, kengligi 5-6 sm, qalinligi 4 sm. Ogʻirligi 120 −200 g. U toʻq qizil rangli, yuzasi katta odamda silliq. Buyrakning oldingi yuzasi (facies anterior) qavariq, orqa yuzasi (facies posterior) yassiroq. Uning yuqori uchi (extremitas superior), pastki uchi (extremitas inferior), qavariq lateral qirrasi (margo lateralis), botiq medial qirrasi (margo medialis) tafovut qilinadi. Medial qirrasining oʻrtasida oldingi va orqa yuzalari bilan chegaralangan botiqlik, buyrak darvozasi (hilus renalis) joylashgan. Bu yerdan buyrak ichiga arteriya va nervlar kiradi, undan esa siydik yoʻli, vena va limfa tomirlar chiqadi. Buyrak darvozasi ichkariga botib kirgan buyrak boʻshligʻiga (sinus renalis) oʻtib ketadi. Buyrak bel sohasida umurtqa pogʻonasining ikki yon tomonida qorin boʻshligʻining orqa devorida qorin pardaning orqasida joylashgan. Buyraklarning yuqori uchlari bir-biriga yaqin joylashsa, pastki uchlari uzoqroq turadi. Chap buyrak oʻngiga nisbatan yuqoriroq turadi. Chap buyrakni yuqori uchi XI koʻkrak umurtqasini oʻrtasida, pastki uchi III bel umurtqasining yuqorigi chekkasi sohasida turadi. Oʻng buyrakning yuqori uchi XI koʻkrak umurtqasining pastki chekkasi sohasida, pastki uchi esa III bel umurtqasining tanasini oʻrtasi sohasida turadi. XII qovurgʻa chap buyrakni orqa yuzasini oʻrtasidan, oʻng buyrakni esa yuqori uchidan kesib oʻtadi. Buyrakning orqa yuzasi pardalari bilan diafragmaga, belning kvadrat mushagi, qorinning koʻndalang mushagi va katta bel mushagiga tegib turadi. Uning yuqori uchida buyrak usti bezi joylashgan. Buyrakning oldingi yuzasi qorinparda bilan qoplangan boʻlib, ichki aʼzolarga tegib turadi. Oʻng buyrakning oldingi yuzasini yuqori uchdan ikki qismiga jigar tegib tursa, pastki uchdan biriga oʻng yoʻgʻon ichak burilish burchagi tegib turadi. Uning medial chekkasiga oʻn ikki barmoqli ichakning tushuvchi qismi tegib turadi. Chap buyrakni oldingi yuzasini yuqori uchdan biriga meʼda, oʻrta qismiga meʼda osti bezi, pastki qismiga och ichak qovuzloqlari tegib turadi. Uning lateral chekkasi taloqqa va chap chambar ichak burilish burchagiga tegib turadi. Buyrakni kesib koʻrganimizda (92-rasm) u ikki xil moddadan: tashqi 0,4-0,7 sm qalinlikdagi poʻstloq va 2-2,5 sm qalinlikdagi magʻiz moddadan iborat. Buyrakning poʻstloq moddasi (cortex renalis) qizgʻish rangda. U buyrakni tashqi qavatini hosil qilib qolmay, magʻiz qismi orasiga botib kirib buyrak ustunlarini (columna renalis) hosil qiladi. Buyrakning poʻstloq qismi bir-biri bilan almashadigan yorugʻ va qoramtir qismlardan iborat. Yorugʻ qismi konus shaklida boʻlib, magʻiz qismidan poʻstloqqa oʻtayotgan nur koʻrinishidagi nurli qismni (pars radiata) hosil qiluvchi buyrakning toʻgʻri naychalari va yigʻuvchi naychalarning boshlangʻich qismlaridan iborat. Qoramtir qismida esa buyrak tanachalari va buralma naychalar joylashib oʻralgan qism (pars convoluta) deb ataladi. Buyrakning magʻiz qismi (medulla renalis) 10-15 ta buyrak piramidalaridan (pyramides renalis) iborat. Har bir piramidaning asosi (basis pyramidalis) poʻstloq moddaga qaragan, uchi buyrak soʻrgʻichini (papilla renalis) hosil qilib, buyrak boʻshligʻiga qaragan. Piramida nefronni toʻgʻri naychalari va yigʻuvchi naychalardan iborat boʻlib, ular oʻzaro qoʻshilib buyrak soʻrgʻchi sohasida 15-20 ta qisqa soʻrgʻich naychalarini (ductuli papillares) hosil qiladi. Ular buyrak soʻrgʻichi sohasi yuzasiga soʻrgʻichsimon teshiklar (foramina papillaria) boʻlib ochiladi. Bu teshiklar hisobiga buyrak soʻrgichi uchi gʻalvirsimon koʻrinishga ega boʻlib, gʻalvirsimon maydoncha (area cribrosa) deyiladi. Buyrak tuzilishi va qon tomirlarining tarqalishiga qarab 2-3 ta buyrak boʻlagini oʻz ichiga oladigan beshta: yuqorigi segment (segmentumsuperius), oldingi yuzaning yuqorigi segmenti (segmentum anterius superius), oldingi yuzaning pastki segmenti (segmentum anterius inferius), pastki segment (segmentum inferius) va orqa yuzadagi segmentlarga (segmentum posterius) boʻlinadi. Buyrak boʻlagi (lobus renalis) buyrak ustunida yotgan boʻlaklararo arteriya va vena bilan chegaralangan buyrak piramidasi va unga yondoshgan poʻstloq moddasidan iborat. Har bir buyrak boʻlagi poʻstloq qismida 600 yaqin poʻstloq boʻlakchasini (lobulus corticalis) oʻz ichiga oladi. Poʻstloq boʻlakchasi ikkita boʻlakchalararo arteriya va vena bilan chegaralangan bitta nurli va oʻralgan qismlarni oʻz ichiga oladi. Buyrakning tarkibiy-vazifaviy birligi nefrondir (nephron). Har bir buyrakda 1 mln. ga yaqin nefron bor. Nefron tarkibiga buyrak tanachasini kapillyar koptokchasini (glomerulus corpusculi renalis) oʻragan ikki qavat devorli, qadahsimon shakldagi koptokcha kapsulasi yoki Shumlyanskiy-Boumen kapsulasi (capsula glomerulli) (1-rasm) kiradi. Kapsulaning ochiq tomonidan ichiga olib keluvchi koptokcha arteriolasi (arteriola glomerularis afferens) kirib kapillyar koptokchani (glomerulus) hosil qiladi. Koptokchadan diametri olib keluvchi arterioladan kichik boʻlgan olib ketuvchi koptokcha arteriolasi (arteriola glomerularis efferens) chiqadi. Bu arteriola chiqqandan soʻng buyrak naychalarini atrofida tarmoqlanadi. Kapsula boʻshligʻi birlamchi buralma naychalarga (tubuli renalis contorti) davom etadi (94-rasm). Naycha piramidaga kirib toʻgʻri naychaga (tubuli renalis recti) aylanadi. U qovuzloq hosil qilib (Genle qovuzlogʻi) poʻstloqqa qaytadi va ikkilamchi buralma naycha nomini oladi. Nefronni distal qismi qoʻshuvchi naycha (tubuli conjunctivis) deb atalib, yigʻuvchi naychaga (tubulus renalis colligenis) quyiladi. Nefron bor boʻyiga unga kelayotgan va yonida turgan qon tomirlar bilan oʻralgan. Bitta nefron naychasining uzunligi 20-50 mm. Ikkala buyrakdagi barcha nefronlarning umumiy uzunligi 100 km ga yaqindir. Nefronning 80% yaqini poʻstloq qavatda joylashgan. 20% nefronni koptokchasi magʻiz moddaga yondoshgan boʻlib, ularning toʻgʻri naychalari va qovuzlogʻi magʻiz moddada joylashadi. Bularni yukstamedullyar nefronlar deb ataladi. Har bir buyrak piramidasining uchidagi buyrak soʻrgʻichi buyrakning kichik kosachasi (calyx renalis minor) bilan oʻralgan. Ularning soni 8-9 ta. Kichik kosachalarning 2-3 tasi oʻzaro qoʻshilib, katta kosachani (calyx renalis major) hosil qiladi. Katta kosachalar joylashiga qarab yuqorigi, oʻrta va pastkilarga (calyx renalis majoris superior, media et inferior) boʻlinadi. Ularning oʻzaro qoʻshilishidan buyrak jomi (pelvis renalis) hosil boʻladi. Buyrak jomini shakli ampula, shoxlangan va aralash koʻrinishlarda uchraydi. Buyrak jomi torayib siydik yoʻliga oʻtib ketadi. Kichik, katta kosachalar va buyrak jomini devori shilliq, mushak va tashqi adventitsial qavatlardan iborat. Kichik kosachalarning devorida ularning gumbazi sohasida (boshlanish qismida) silliq mushak tolalari halqasimon qavat-gumbazning siquvchisini hosil qiladi. Kichik kosachalarning shu qismiga nerv tolalari, qon va limfa tomirlar yaqin yotadi. Ularning hammasi birgalikda buyrakning fornikal apparatini hosil qiladi. Bu apparat buyrak naychalaridan kichik kosachalarga chiqayotgan siydikni miqdorini boshqarib, siydikni orqaga oqishiga qarshilik koʻrsatadi. Buyrak tashqi tomondan uch qavat parda: fibroz, yogʻ moddadan iborat va biriktiruvchi toʻqimali parda bilan oʻralgan. Fibroz parda (capsula fibrosa) buyrak toʻqimasidan oson ajraydi. Fibroz pardani ustidan yaxshi rivojlangan yogʻ moddadan iborat parda (capsula adiposa) qoplagan boʻlib, buyrak darvozasi orqali uning boʻshligʻiga kiradi. Bu parda buyrakning orqa tomonida yaxshi rivojlangan boʻlib, oʻziga xos yogʻ yostiqcha-buyrak orqa yogʻ tanasini (corpus adiposum pararenale) hosil qiladi. Yogʻ moddadan iborat pardani ustidan qoplagan buyrak fastsiyasi (fascia renalis) qorining orqa devoridagi mushak fastsiyasining davomi hisoblanadi. U buyrakning tashqi chekkasida ikki varaqqa ajralib buyrakni oldingi va orqa tamonidan oʻrab oladi. Bu varaqlar buyrakning ichki qirrasida oʻzaro birikmaydi. Fastsiyaning oldingi varagʻi buyrak qon tomirlarini, qorin aortasi va pastki kavak venani old tomondan qoplab, qarama-qarshi tomondagi shunday fatsiya bilan qoʻshiladi. Buyrak fastsiyasining orqa varagʻi oʻng va chap tomonda umurtqa pogʻonasining yon tomonlariga birikadi. Buyrak fastsiyasining olgingi va orqa varaqlari buyrakning yuqori uchi sohasida oʻzaro qoʻshiladi, pastki uchida esa birikmaydi. Buyrak fastsiyasi yogʻ kapsulani teshib oʻtuvchi biriktiruvchi toʻqima tolalari vositasida buyrakning fibroz kapsulasiga birikadi. Buyrakning qon tomirlari. Buyrak qon tomirlaridan sutka davomida 1500-1800 litr qon oʻtadi. Buyrak arteriyasi buyrak darvozasida oldingi va orqa tarmoqqa boʻlinadi. Oldingi tarmoq buyrak jomini oldidan oʻtib, toʻrtta segment: yuqorigi segmentga (a.segmenti superioris), olgingi yuzaning yuqorigi segmentiga (a.segmenti anterioris superioris), oldingi yuzaning pastki segmentiga (a.segmenti anterioris inferioris), pastki segmentga (a.segmenti inferioris) arteriyasiga boʻlinadi. Orqa tarmoq buyrak jomini orqasidan orqa segmentga (a.segmenti posterioris) boʻlib tarqaladi. Segment arteriyalari yonma-yon piramidalar oʻrtasida joylashgan boʻlaklararo arteriyalarga (aa. interlobares) boʻlinadi. Poʻstloq va magʻiz qavatlar chegarasida boʻlaklararo arteriyalar piramidalar asosini ustida yotgan ravoqsimon arteriyalarga (aa.arcuatae) boʻlinadi. Ravoqsimon arteriyalardan poʻstloq moddasiga koʻp sonli boʻlakchalararo arteriyalar (aa.interlobularis) chiqadi. Boʻlakchalararo arteriyalardan chiqqan olib keluvchi arteriola (arteriola glomerularis afferens) kapillyarlarga boʻlinib, qon tomir kapillyarlaridan iborat koptokchani (glomerulus) hosil qiladi. Koptokchadan diametri olib keluvchi arterioladan kichik boʻlgan olib ketuvchi arteriola (arteriola glomerularis efferens) chiqadi. Koptokchadan chiqqanidan keyin olibketuvchi koptokcha arteriolasi kapillyalarga boʻlinib, buyrak naychalarini oʻraydi va ulardan vena kapillyarlari hosil boʻladi. Olib ketuvchi arteriolaning oʻlchami kichik boʻlgani uchun koptokcha kapillyarlarida bosim oshishi natijasida qondan suyuqlik ajralib Shumlyanskiy-Boumen kapsulasiga oʻtadi va unda bir sutkada (150-180 litr) birlamchi siydik hosil boʻladi. Buyrak koptokchasida arteriolani kapillyarga boʻlinib undan arteriola hosil boʻlishini buyrakning ajoyib qon tomir toʻri (rete mirabili)deb ataladi. Shumlyanskiy-Boumen kapsulasida hosil boʻlgan birlamchi siydik nefron naychalaridan oʻtganida undagi suyuqlik naychalar devoridagi vena kapillyarlariga qayta soʻriladi va qoʻshuvchi naychada (1-2 litr) ikkilamchi siydik hosil boʻladi. Buyrakning magʻiz moddasida ravoqsimon va noʻlaklararo arteriyalardan toʻgʻri arteriolalar (arteriolae rectae) chiqib, buyrak piramidasini qon bilan ta]minlaydi. Poʻstloq moddaning kapillyar toʻridan hosil boʻlgan venullalar oʻzaro qoʻshilib boʻlakchalararo venalarni (vv.interlobullares) hosil qiladi. Ularning qoʻshilishidan hosil boʻlgan ravoqsimon venalar (vv.arcuatae) boʻlaklararo venalarga (vv. interlabares) oʻtib ketadi. Ular esa buyrak boʻshligʻda oʻzaro qoʻshilib, buyrak venasini hosil qiluychi yurik venalarga aylanadi. Obzor rentgenogrammada buyraksoyasining quyuqligi atrofdagi toʻqimalarnikiga oʻxshaydi, ammo uni oʻragan yogʻ pardasi rentgenogrammada buyrak atrofida uning chegarasini aniqlovchi yorugʻ hoshiyani hosil qiladi. Yosh bolada yogʻ pardasi yupqa boʻlgani uchun ularda buyrakni aniqlash qiyinroq. Buyrakning medial chegarasi bel yonbosh mushagiga yaqin boʻlib, uning chekkasiga paralel yoʻnaladi va I bel umurtqasi koʻndalang oʻsimtasi sohasiga biroz kiradi. Qalin yogʻ parda boʻlganda undan biroz chekkaroqda turadi. Buyrak chegarasi rentgenogrammada tekis, ravoqsimon chiziq shaklida. Chap buyrakning yuqori chegarasi XI koʻkrak umurtqasi tanasining oʻrtasi sohasida, oʻnginiki esa uning pastki chekkasi sohasida joylashadi. Oʻng buyrakning darvozasi II bel umurtqasi sohasida joylashsa, chap buyrakniki 1-2 sm yuqorida turadi. Rentgenogrammada buyrak ikki turda: keng va tor koʻrinishda uchraydi. Keng turida buyrak loviyasimon shaklda boʻlib, lateral yuza katta egrilik, medial yuzasi esa darvozaning joylashishiga mos katta botiqlik hosil qiladi. Bu turdagi buyraklar erkaklarda va semiz odamlarda uchraydi. Tor shaklli buyrakda medial chegarasi yoʻq boʻlib, lateral egriligi kichik boʻladi. Bu shakl asteniklar va ayollarda uchraydi. Buyrak jomi (pelvis renalis) I-II bel umurtqalari sohasida aniqlanadi. Oʻng buyrak jomi chapidan pastroq yotadi. XII qovurgʻa oʻng buyrak jomini yuqori uchdan birida kesib oʻtsa, chap buyrak jomini oʻrtasidan oʻtadi. Buyrak jomi uch xil: ampula, shoxlangan va ular oʻrtasidagi oʻtuvchi shakllarda uchraydi. Yangi tugʻilgan bola buyragi nisbatan katta va yumaloq shaklga ega. U boʻlaklardan iborat boʻlib, poʻstloq qavati yaxshi rivojlanmagani uchun yuzasi gʻadir-budur (2-rasm). Uning oʻrtacha uzunligi 4,2 sm, kengligi qutblar sohasida 2,2 sm, ogʻirligi 12 g. Ularda poʻstloq qavati qalinligi oʻrtacha 2 mm, magʻiz qavati 8 mm. Yangi tugʻilgan bola buyragini yuqori uchi XII koʻkrak umurtqasini yuqori qirrasi sohasida joylashsa, pastki uchi IV bel umurtqasini pastki qirrasi sohasida joylashadi. Yogʻ pardasi yoʻq, fibroz pardasi yupqa. Yogʻ pardasi yaxshi taraqqiy etmagani uchun buyrak harakatchan. Emizikli davrda buyrak oʻlchamlari 1,5 marotaba kattalashib ogʻirligi 37 g yetadiBu davrda buyrak koptokchalarini koʻpligi va bir-biriga yaqin joylashganiga qaramay poʻstloq qavati yaxshi takomillashmagan, buyrak naychalari yaxshi rivojlanmagan. Bola hayotining birinchi yetti yilida buyrak boʻyiga va eniga bir tekis oʻsadi, shuning uchun u oʻzining yumaloq shaklini saqlab qoladi. Bolalikning birinchi davrida buyrakning uzunligi 7,9 sm, kengligi uchlarida 5 sm, ogʻirligi 56 g boʻlsa, oʻsmirlarda uzunligi 10,7sm, kengligi 5,3 sm, ogʻirligi 120 g ga yetadi. Buyrakning oʻsishi asosan bola hayotining birinchi yili, 5-9 yoshlar va 16-19 yoshlarda poʻstloq moddasi oʻsishi hisobiga boʻladi. Bu davrlarda poʻstloq modda qalinligi 4-marta, magʻiz moddasi esa faqat 2-marta kattalashadi. Yogʻ pardasi bolalikning birinchi davrida paydo boʻlib, 7 yoshda yaxshi bilinadi. Fibroz pardasi 5 yoshda yaxshi bilinib, 10-14 yoshlarda kattalarnikiga oʻxshab qoladi. Yoshga qarab buyrakning joylashishi ham oʻzgaradi. Umurtqalar tez oʻsgani uchun birinchi yilning oxirida uning yuqori uchi XII umurtqa tanasining oʻrtasida boʻlsa, pastki uchi yarim umurtqa yuqori joylashadi. 7 yoshdan soʻng buyrakning umurtqa pogʻonasiga nisbati kattalarnikiga oʻxshab qoladi. Yangi tugʻilgan bola buyrak jomi keng, ampula shaklida boʻlib, koʻpincha buyrak tashqarisida joylashadi. U 3 yoshlarda buyrak toʻqimasi ichiga kiradi.


  • OʻzME. Birinchi jild. Toshkent, 2000-yil