Burun

Vikipediya, ochiq ensiklopediya

Burun — odam va umurtqali hayvonlar nafas yoʻllarining boshlangʻich qismi va hid bilish aʼzosi. Ovoz chiqarish va soʻzlashda rezonator vazifasini oʻtaydi (ovozni kuchaytiradi va unga ohang beradi); tashqi B., burun boʻshligʻi va B.ning yondosh boʻshliqlariga boʻlinib, yondosh boʻshliqlar B. boʻshligʻiga tor teshiklar orqali ochiladi. Tashqi B. suyaktogʻay skeletidan tuzilgan. Togʻay toʻqima borligi tufayli tashqi B. egiluvchan. B. terisi bagʻrida yogʻ bezlari bor. B. boʻshligʻi (Cavitas nasi) yupqa toʻsiq orqali ikki boʻlakka ajralgan boʻlib, kataklar orqali tashki muhit b-n, xoana orqali esa burunhalqum bilan tutashadi (q. Halqum). B. boʻshligʻining tubi qattiq tanglay suyagi hisoblanib, yuqori devori gʻalvirsimon yupqa suyak plastinkadan iborat, hidlov nervining tolalari shu plastinka teshiklaridan oʻtib, B. boʻshligʻiga kiradi. B. boʻshligʻi devorini hilpillovchi epiteliyli shilliq parda qoplab olgan. Uning tuklari bir maromda tebranib turadi. B. boʻshligʻini ikkiga (oʻng va chapga) boʻlib turgan toʻsiqning orqa qismi suyak toʻqima, old qismi togʻaydan iborat boʻlib, B. boʻshligʻining ichki devorini hosil qiladi. Bu boʻshliqning yon devorida uchtadan B. chigʻanogʻi boʻlib, ular ostidan yuqori, oʻrta va pastki havo yoʻllari oʻtgan. Yuqori va oʻrta havo yoʻlining yon devorida teshikchalar bor, B. boʻshligʻi shular orqali oʻzining yondosh boʻshliqlari bilan tutashadi. Pastki havo yoʻlida yoshB. kanalining teshigi boʻlib, bundan B. boʻshligʻiga yosh oqib tushadi. B.ning yondosh boʻshliqlari toʻrt juft: yuqori jagʻ, peshona, asosiy va gʻalvirsimon boʻshliq. B. boʻshligʻi orqa tomondan halqum (yutqin)ga katta choʻzinchoq teshiklar — xoanalar bilan tutashadi. B. boʻshligʻini qoplagan shilliq pardaning yuqori qismida hidlov nervining oxirlari tarmoqlangan, qolgan qismidagi hilpillovchi epiteliy tuklari B. teshiklari tomon tebranib turadi. B. boʻshligʻi nafas olish, muhofaza, hid bilish va rezonans funksiyalarini bajaradi. Nafasga olingan havo B. boʻshligʻidan oʻtish vaqtida changtoʻzon zarrachalaridan tozalanadi. B. shilimshigʻidagi moddalar B. boʻshligʻiga tushgan mikroblarni bir qadar yuqumsizlantiradi. Sovuq havo B. yoʻllaridan oʻtayotganda isiydi va qon tomirlarga boy boʻlgan shilliq pardalarga tegib namlanadi. Shilliq pardadagi hid bilish nervi hujayralari turlituman hidlarni bir-biridan ajratish imkonini beradi. B. orqali nafas olganda havo B.dan oʻta turib chang va mikroblardan tozalanadi, iliydi va namlanadi. B. kasalliklarini otorinolaringologiya fani oʻrganadi.

Nosir Ahmedov.

Adabiyotlar[tahrir]

  • OʻzME. Birinchi jild. Toshkent, 2000-yil