Botmon

Vikipediya, ochiq ensiklopediya

Botmon (arab.) — ogʻirlik oʻlchov birligi. Yaqin va Oʻrta Sharqmamlakatlari (Arabiston, Misr, Suriya, Iroq, Eron, Turkiya, Hindiston) da, shuningdek Oʻrta Osiyoda koʻllanib kelingan. Shariatga koʻra, B. (manni sharʼiy) asosan 0,832 kg ni tashkil qilgan, lekin turli mamlakatlar va turli davrlarda uning mezoni har xil boʻlgan. Oʻrta Osiyoda ham B.ning vazni oʻzgarib turgan. Maye, 19-asrda Xorazmda B. 20,16 kg dan 40,95 kg gacha, Buxoro va Samarqandda asosan 8 pud (131,044 kg), Fargʻonada 8—10 pud (131,044—163,805 kg) boʻlgan. Bu oʻlchov paxta va mevalarni ulchashda qoʻllanilgan. 1884-yil maʼlumotlariga koʻra, Qoʻqonda 1 B. 10 pudga, yaʼni 163,805 kg ga tent boʻlib, donlarni ulchashda qoʻllanilgan. Toshkent va Chimkentda 1 B. 10,5 pud (171,995 kg) boʻlgan. Oʻrta Osiyoning kup joylarida B. yer sathini oʻlchash birligi sifatida ham qoʻllanilib, 1 B. yer deganda 1 B. don ekiladigan maydon tushunilgan. Masalan, Samarqandda 1 B. (8 pud) bugʻdoy 1,63881 ga yerga sepilganligi sababli, shunday kattalikdagi yer bir B. deb atalgan. Hozirgi vaqtda B. taxminan bir gektarga teng sath oʻlchov birligi hisoblanadi. Baʼzi Sharq mamlakatlarida Bdan ogʻirlik oʻlchov birligi sifatida foydalaniladi.[1]

Manbalar[tahrir | manbasini tahrirlash]

  1. OʻzME. Birinchi jild. Toshkent, 2000-yil