Boborahim Mashrab

Vikipediya, ochiq ensiklopediya
Boborahim Mashrab
Tavalludi 1640-yil (yoki 1653, 1657)
Namangan viloyati
Vafoti 1711-yil
Balx
Sohasi shoir
Mashhur ishlari „Qissai Mashrab“, „Koshki“, „Oʻzum“,„Qolmadi“
Dini Islom

Boborahim Mulla Vali oʻgʻli yoki taxallusi boʻyicha Mashrab (1640 yoki 1653 yoki 1657-yil, Namangan – 1711-yil Balx) – oʻzbek shoiri va mutafakkiri, tasavvuf adabiyotining yetuk namoyondasi.

1665-yilda Qashqarga Ofoq Xoʻja huzuriga borib bilimini yanada chuqurlashtiradi. 1673-yildan boshlab umrining oxirigacha qalandarlarcha hayot kechiradi. Balx hokimi qatagʻon tomonidan 1711-yil dorga osiladi.

Mashrab nomi XVIII XIXasrlarda tuzilgan tazkira va tasavvufiy yoʻnalishdagi asarlarda zikr etiladi (masalan, Bade Samarqandiyning „Muzokir ul-as'hob“ida). Ammo ularda shoir hayoti va ijodiy faoliyati haqida keltirilgan maʼlumotlar nihoyatda kam. Mashrabning qoldirgan adabiy merosi xususida ham aniq maʼlumot beruvchi manba yoʻq. Uning oʻz asarlarini toʻplab, devon yoki biror majmua tuzganligi maʼlum emas. Faqat „Devoni Mashrab“, „Devonai Mashrab“, „Eshoni Mashrab“, „Hazrati shoh Mashrab“ nomlari ostida xalq orasida qoʻlyozma va toshbosma shaklida tarqalgan qissalardagina (ularning kim tomonidan va qachon tuzilganligi nomaʼlum) shoirning hayot yoʻli va ijodiy faoliyati maʼlum tartib va izchillikda bayon etiladi, shu jarayonda asarlaridan namunalar ham keltiriladi. Qissalar keyinchalik oʻzgartirish va tuzatishlarga duch kelgan, turli toʻqimalar, yangi-yangi rivoyat, nakdlar, sarguzasht va latifasimon lavhalar bilan toʻldirila borilgan. Natijada qissalarda tarixiy Mashrab va uning ijtimoiy va ijodiy faoliyati xalq tasavvuridagi toʻqima Mashrab hamda u haqidagi sarguzasht-rivoyatlar bilan qorishib ketgan. Shunday boʻlsada, Mashrab haqidagi qissalar shoir hayot yoʻlini nisbatan toʻla va bosqichma-bosqich bayon etuvchi, shuningdek, yaratgan asarlarining koʻpgina qismini oʻzida jamlovchi adabiy-tarixiy manba sifatida ilmiy ahamiyat kasb etadi.

Quyidagi asarlarda ham Mashrab haqida ayrim maʼlumotlar uchraydi:

  • „Tazkirat ul-avliyo“ (Majzub Namangoniy),
  • „Tazkirai qalandaron“ (Is'hoq Bogʻistoniy),
  • „Muzakkiri as'hob“ (Maleho Samarqandiy),
  • „Muntaxab ut-tavorix“ (Hakimxon Toʻra),
  • „Ansob us-salotin“ (Mirzo Olim).

Mashrab haqida mukammalroq tasavvur hosil qiluvchi manba – „Qissai Mashrab“dir (boshqa nomlari „Shoh Mashrab“, „Devonai Mashrab). Uning koʻpgina qoʻlyozma va toshbosma nusxalari mavjud.

Hayoti[tahrir | manbasini tahrirlash]

Boborahim Mashrab qachon tugʻilgani borasida olimlar orasida har-xil fikrlar mavjud. Mashrab otadan yosh yetim qoladi, oilaning moddiy qiyinchiliklari yanada ortadi. Onasi ip yigirib tirikchilik oʻtkazadi. Mashrab din asoslari va falsafadan yaxshi xabardor boʻlgan So'fi Eshon Mulla Bozor Oxund (xoʻja Ubaydullo) qoʻlida diniy taʼlim oladi, so'fiy tariqatlar boʻyicha bilimini oshiradi, forsiy tilni oʻrganadi.

Taxminan, 1665-yillarda Mulla Bozor Oxund tavsiyasiga koʻra, oʻsha zamonda katta obroʻga ega boʻlgan yirik din arbobi qashqarlik Hidoyatullo Ofoq Xo'ja eshon huzuriga boradi. Shoir adabiy merosidagi diniy mazmun va tasavvufiy yoʻnalish ruhidagi sheʼrlarning koʻpchilik qismi Ofoq Xo'ja dargohida va uning targʻibot saboqlari taʼsirida yaratilgan. Ofoq Xo'ja shaxsiy xislat-fazilatlarini madh etuvchi, uni „pir-u rahbar“ deb tan oluvchi bayt-misralar mujassam boʻlgan gʻazal va muxammaslar ham („Koshki“, „Oʻzum“ radifli gʻazallar, „Qolmadi“ radifli muxammas) shu muridlik yillari mahsulidir.

Mashrab taxminan 1672–1673-yillarda Ofoq Xo'ja dargohini tark etadi. Qissalarda qayd etilishicha, bunga Mashrabning piri dargohidagi kanizaklarning biriga koʻngil qoʻygani, sevib-sevilgani sabab boʻlgan. Ammo Mashrabning ogʻir jismoniy jazolanib quvilishi zaminida pir bilan murid oʻrtasida jiddiy gʻoyaviy ziddiyatlar boʻlgan deyilsa, haqiqatga muvofiq boʻladi.

Mashrab piri dargohidan ketgach, deyarli 40 yillik umrini doimiy safarda, turli oʻlkalarda darbadarlikda oʻtkazadi. Qoʻnimsiz hayotga yuzlangan shoir, asosan, ijodiy ish bilan shugʻullanadi. Oddiy xalqning qashshoq hayoti, zulm-u sitam ostidagi oh-u nolasi shoir qalbini larzaga soladi („Dili tigʻi sitamdin pora boʻlgʻon xalqni koʻrdum“…).

Mashrab asarlarining aksariyati chuqur ijtimoiy yoʻnalishga ega boʻlib, oʻsha davr hayoti, jamiyatdagi voqea-hodisalar bilan chambarchas bogʻliq. Xususan, u baʼzi ruhoniylarning kirdikorlari va hiylagarliklarini fosh etadi, tekinxoʻr mulkdorlar va johil amaldorlarning zoʻravonlik faoliyatlarini tanqid qiladi. Mashrabning bu tur asarlari qoʻldan qoʻlga, ogʻizdan ogʻizga oʻtib, tez tarqalgan. Xuddi shuning uchun ham Mashrabning biror qishloq yoki shaharga kelishi izsiz qolmagan, odil kambagʻal xalq uni quvonch-xursandchilik va qiziqish bilan qarshi olgan. Shoir qoʻnimsiz hayotining soʻnggi manzili Balxda ham hokim tabaqa va mutaassib shayx-mullalar Mashrabni jisman yoʻqotish payiga tushadilar. Shu teskarichi guruhlarning rasmiy fatvosi va Mahmudbiy qatagʻonning hukmi bilan dorga osiladi.

Ijodi[tahrir | manbasini tahrirlash]

Mashrab qoldirgan badiiy meros hajm va janrlar jihatidan hanuzgacha aniqlangan emas. Ammo bizga hozircha maʼlum asarlarining oʻzi ham Mashrabning favqulodda noyob isteʼdod egasi ekanligidan dalolat beradi. Mashrab ijodi sheʼriyatning yanada kengroq ijtimoiy mazmun va jangovar ruh kasb etishida, adabiyotdagi xalqchillik va dunyoviylikning chuqurlashuvida, lirik turlarning takomillashuvi hamda badiiy sanʼatning kamolotga erishuvida yangi bir yuqori bosqichni tashkil etadi.

Mashrabning mohiyatan inson qadri-sharafi va maʼnaviy kamolotini ulugʻlashga, ezgulik va goʻzallikni madh etishga bagʻishlangan sheʼriy merosida gʻazal, mustazod, murabba, muxammas, musaddas, musabba, masnaviy, ruboiy, taʼrix kabi janr turlarida bitilgan yetuk namunalarni uchratamiz. Ammo Mashrab, avvalo, mohir gʻazalnavis hamda koʻplab shoʻx va jarangdor mustazodlar, oʻynoqi va jozibador murabba' hamda xalq gʻam-u hasratiga hamdardlik hissi bilan yoʻgʻrilgan muxammaslar ijodkori sifatida keng dovrugʻ chiqargan. Mashrabning juda koʻp gʻazallari xalq qoʻshiqlaridek sodda va jarangdor, joʻshqin va taʼsirchandir.

Mashrab oʻzbek adabiyoti tarixida eng koʻp mustazod yozgan ijodkorlardan biri. Shoir mustazodlari ham, xuddi gʻazallari kabi shoʻx va jarangdor, nafis va zavqbaxshdir.

Mumtoz sheʼriyatda murabba' turining uzil-kesil mustahkamlanishi va takomilida Mashrab ijodining oʻrni katta.

Mashrabning romantik koʻtarinkilik ruhi ufurib turgan asarlarini adabiyot tarixida murabba turida yaratilgan eng yetuk namunalar jumlasiga kiritish mumkin. Mashrabning gʻazal, mustazod va murabba'larida ishq-muhabbat vafo-sadoqat mavzui yetakchi oʻrinda tursa, muxammas va musaddaslarida chuqur ijtimoiylik ustunlik qiladi, taqdirning kemtikligi va hayotning nosozliklaridan, davr (charx, falak) va adolatsiz muhitning shaxs boshiga tinimsiz keltirayotgan jabr-u jafosidan shikoyat, taʼqib-tazyiqidan norozilik dardli, ammo qatʼiy va keskin ifodalanadi.

Mashrab qoldirgan ijodiy merosda diniy va tasavvufiy gʻoyalar ham, oʻsha zamonda keng tarqalgan qalandarlik tariqatining ayrim ohang-taʼkidlari ham sezilarli oʻrin egallaydi. Shoir sheʼrlarida Allohning mavjudligi, bor-u birligi, barcha jonli va jonsiz mavjudotni yaratganligi uzil-kesil va qatʼiy tan olinadi, Xudoning kuch-qudrati, taqdirning oʻzgarmasligi va Mahshar kuni haqidagi taʼlimot toʻla-toʻkis qabul qilinadi.

Mashrab fors tilida ham bir necha sheʼriy turlarda yetuk namunalarni yaratgan. Mashrab ijodi keyingi asrlar adabiyotiga sezilarli taʼsir koʻrsatgan. Nodira, Huvaydo, Qoriy, Furqat, Hamza kabi shoirlar uning gʻazallariga taxmis va naziralar bogʻlashgan.

Mashrab qoldirgan adabiy meros toʻla aniqlanib, oʻrganilgan emas. Baʼzi tadqiqotchilar juda koʻp sheʼriy hikoyat va gʻazallarni oʻzida jamlovchi „Mabdai nur“ nomli yirik asarni shoirga nisbat beradilar. Shoir merosi, asosan,„Qissai Mashrab“asari orqali yetib kelgan. Asarda Rindiy, Umar, Mahvash, Zinda va Mansur taxalluslari ham uchraydi.

„Mabdai nur“ va „Kimyo“ asarlari muallifligi borasida munozara mavjud. 1997-yilda „Mabdai Nur“ (Jaloliddin Rumiy „Masnaviyi maʼnaviy“siga sharh) Boborahim Mashrabning asari sifatida chop etildi.

Mashrab ijodini oʻrganish[tahrir | manbasini tahrirlash]

Mashrab ijodi haqida rus sharqshunoslari N.I.Veselovskiy, N.S.Likoshin, V.L.Vyatkin; oʻzbek adabiyotshunoslari Izzat Sulton, V.Zohidov, I.Moʻminov, Gʻafur Gʻulom, A.Hayitmetov, V.Abdullaev, A.Abdugʻafurov, E.Shodiev, I.Abdullaev, J.Yusupovning tadqiqot va maqolalari bor. Mashrab hayoti va ijodi haqida bir necha badiiy asarlar (roman, qissa, dostonlar va sahna asarlari) yaratilgan, shoirning asarlaridan namunalar qator xorijiy tillarga tarjima qilingan. Mashrab asarlari bir necha marta chop etilgan (1958, 1960, 1963, 1971, 1979, 1990).

Xotira[tahrir | manbasini tahrirlash]

Oʻzbekistonning turli shahar va viloyatlarida Mashrab nomida istirohat bogʻlari va kinoteatrlar, maktab va kutubxonalar, koʻchalar va jamoa xoʻjaliklari bor. Afsuski, 2019-yilda Toshkentda tashkil qilingan shoirlar xiyobonida boshqa shoir va yozuvchilar qatorida Mashrabga haykal qo'yilmadi.

  • Mashrab. "Mabdai Nur". -T.: 1994;

Adabiyotlar[tahrir | manbasini tahrirlash]

  • Muhsin Zokiriy, Boborahim Mashrab, T., 1966; Abdugʻafurov A.,