Huvaydo
Ushbu sahifani Xo‘janazar Huvaydo bilan birlashtirish taklif etiladi. (munozara) |
Huvaydo (taxallusi; asl nomi Xoʻjanazar Gʻoyibnazar oʻgʻli) (? — Oʻsh shahri — 1780/81, Fargʻona viloyati Chimyon qishlogʻi) — shoir, tasavvuf sheʼriyatining yirik vakili. Qoʻqon madrasalarida oʻqigan. Qishlogʻida maktab ochib, uzoq vaqt maktabdorlik qilgan, kosiblik bilan ham shugʻullangan. Otasi Gʻoyibnazar soʻfi Qash-qardagi Ofoqxoʻja eshonning muridlaridan boʻlgan, Chimyonda masjid va xonaqolar qurdirib, eshonlik qilgan. Huvaydoning devonida keltirilgan bir naqlga koʻra, H.ga "Xoʻjanazar" ismining qoʻyilishi ham Ofoqxoʻja bilan bogʻliq. H. mumtoz sheʼriyatning deyarli barcha janrlarida ijod qilgan. Sheʼrlari xalq orasida juda mashhur boʻlgan. H. axloqiy-didaktik yoʻnalishdagi mazmunan teran, uslubiy goʻzal asarlari bilan adabiy maktab yarata olgan shoir-dir. H. ijodi va dunyoqarashining shakllanishida Yassaviy, Navoiy, Soʻfi Olloyor, Mashrablarning tasav-vufiy, falsafiy fikrlari va asarlarining taʼsiri katta boʻlgan. H. majoziy va haqiqiy ishq haqidagi ori-fona, dunyoviy sheʼrlaridan tashqari zolimlik va mazlumlik, kamolot va axloqiy tubanlik haqidagi sheʼrlarida ham mazkur shoirlar anʼanalarini davom ettirgan va yangi fikrlar bilan boyitgan.
H. sheʼrlari vafotidan soʻng nabi-ralari tomonidan devon holiga keltirilgan. Unga shoirning 351 gʻazal, 28 ruboiy, 41 toʻrtlik, 3 muxammas, 1 musaddas, 1 musamman, 1 mustazod, 3 masnaviy hamda axloqiy-didaktik mazmundagi "Rohati dil" manzumasi kirgan. Devondagi ilk sheʼrlarida roʻza, namoz, zakot, haj, jannat va doʻzax bilan bogʻliq mavzular yoritilgan, gʻurur, manmanlikni tanqid qiluv-chi, tavozeʼ, qardoshlik va toʻgʻrisoʻzlikni ulugʻlovchi hikmatlarga keng oʻrin berilgan ("Darigʻo, hayf, odam...", "Kuygay", "Kimga borib dod etay..." va boshqalar). H.ning sheʼrlarida tasavvufiy unsurlar — nafsni jilovlash va dunyodan oʻzni uzoq tutish bosh gʻoyalardan biri. Dunyo lazzatining in-sonni baxtli eta olmasligiga ishongan shoir Allohga, abadiy baxtga erishmoq uchun inson oʻzligidan kech-mogʻi kerakligini anglaydi (mas, "Ango", "Qilding" radifli sheʼrlari va boshqalar). Shoirning "Rohati dil" axloqiy manzumasi pandnoma turining goʻzal namunasidir. Unda ochkoʻzlik, taʼmagirlik, vafo, boqiylik, foniylik, yaxshilikning foydasi, yomonlikning zarari, goʻzallik va mehnatsevarlik, moddiy va maʼnaviy poklik kabi xilma-xil axloqiy mavzulardagi ibratli hikoyalar keltirilgan. H. diniy-axloqiy mazmundagi "Ibrohim Adham" nomli sheʼriy doston ham yozgan. H. vafotiga bagʻishlab uning shogirdlari, muxlislari tomonidan marsiyalar, taʼrixlar yozilgan. U haqda ibratomuz rivoyatlar, yodnomalar paydo boʻlgan. Shoirning otasi Gʻoyibnazar Eshon shajarasi daxmasi hozir ham ziyoratgoh joylardan hisoblanadi.
"Devoni Huvaydo"ning bir qancha qoʻlyozma nusxalari va litografik nashrlari boʻlib, ulardan chevarasi Salohiddin Soqib (1838—1910) va Mirza Hakim ibn Mirza Umid Margʻiloniylar koʻchirgan nusxasi SamDU kutubxonasida saqlanadi (inv. №3903).
H.ning nabirasi Sirojiy (1877-yil v. e.), chevaralari Samarbonu (1837— 1891), Salohiddin Soqib, Gʻaribiy devon tuzgan shoirlar boʻlib, H. anʼ-analarini davom ettirganlar. H. nomida koʻcha, mahalla va maktablar bor.
Manbalar
[tahrir | manbasini tahrirlash]- Tanlangan asarlar, T., 1960; Rohati dil, T., 1993; Ibrohim Adham, Samarqand, 1995.
Adabiyot
[tahrir | manbasini tahrirlash]- Oʻzbek adabiyoti tarixi [5 j.li], 5-j., T., 1978;Qayyumov P., Tazkirai Qayyumiy, T„ 1999.
Begali Qosimov.
Ushbu maqolada Oʻzbekiston milliy ensiklopediyasi (2000-2005) maʼlumotlaridan foydalanilgan. |
Bu andozani aniqrogʻiga almashtirish kerak. |