Abu Barza al-Aslamiy
Abu Barza Nazla ibn Ubayd ibn al-Horis al-Aslamiy | |
---|---|
Shaxsiy maʼlumotlar | |
Vafoti | milodiy 685-yil (hijriy 65-yil) |
Dini | Islom |
Tanilgan sohasi | sahoba |
Abu Barza al-Aslamiy (arabcha: أبو برزة الأسلمي — Abu Barza Nazla ibn Ubayd ibn al-Horis al-Aslamiy) — sahoba.
Ismi va shajarasi
[tahrir | manbasini tahrirlash]Kunyasi bilan mashhur bo‘lgani uchun o‘zining hamda otasining ismi haqida ixtiloflar mavjud. Nazla ismi Payg‘ambar tomonidan Abdulloh deb o‘zgartirilgani, shuningdek, ismi Xolid, Molik, Saʼid bo‘lgani, otasining ismi esa Amr, Oiz, Nazla, Ubayd yoki Abdulloh bo‘lgani zikr qilingan maʼlumotlar ham bor. Ahmad ibn Hanbal, Yahyo ibn Ma’iyn va yana bir qancha olimlarga ko‘ra esa, ismi va shajarasi yuqorida ko‘rsatilgandek shaklda. U manbalarda o‘rta bo‘yli, soch-soqoli oppoq shaxs sifatida taʼriflangan.
Janglardagi ishtiroki
[tahrir | manbasini tahrirlash]Abu Barza al-Aslamiy ilk musulmonlardan hisoblanadi. Xaybar, Makka fathi va Hunayn kabi bir nechta g‘azotlarda qatnashgan. Rasululloh u bilan Abu Bakra o‘rtasida qardoshlik bog‘ini bog‘laganlar. Makka fath qilinganida o‘lim jazosidan qutulish uchun kaʼbapo‘shning ostiga yashirinib olgan Abduluzzo ibn Xatalni o‘ldirgani zikr qilinadi. Payg‘ambarning vafotlaridan so‘ng Basraga safar qilgan. Xuroson fathida ishtirok etgan. Siffiyn jangida Ali tomonida bo‘lgan, uning xorijiylar bilan qilgan Nahravon jangida hamda Muhallab ibn Abu Sufraning Azoriqa bilan bo‘lgan jangida ishtirok etgan.
Ixtiloflar davri
[tahrir | manbasini tahrirlash]Marvon I va Abdulloh ibn Zubayr davrlarida musulmonlar orasida chiqqan ixtiloflardan va bu ixtiloflar natijasida sodir bo‘lgan ayanchli voqealardan qattiq taʼsirlanadi. Bu tortishuvlarning tashqarisida bo‘lgani kabi atrofidagilarning ham undan uzoqda bo‘lishlariga harakat qiladi. Husayn shahid qilinib, boshi Yazid ibn Muoviyaga keltirilganda Abu Barza al-Aslamiy o‘sha yerda bo‘lgan edi.
Vafoti
[tahrir | manbasini tahrirlash]Abu Barza al-Aslamiy qayerda vafot etgani aniq emas. Yazid ibn Muoviya davrida (680-683-yillar) Basrada yoki 680-yil (hijriy 60-yil)dan avval yoxud 684-yil (hijriy 64-yil)da vafot etganini aytganlar bo‘lgani kabi, qatnashgan janglarining birida shahid bo‘lib Xurosonda, Marvda, Hirotda, Nishopurda, Sijiston bilan Hirot orasidagi Mafozada vafot etganini zikr qiluvchilar ham bor.
Hadislari
[tahrir | manbasini tahrirlash]Faqat Imom al-Buxoriy uni Abdulmalik ibn Marvon xalifaligiga qadar (hijriy 65-yil, milodiy 685-yil) yashaganini aytib o‘tgan. Payg‘ambar va Abu Bakr as-Siddiqdan ham rivoyatlari bo‘lgan Abu Barza al-Aslamiy qirq oltita hadis rivoyat qilgan. Ulardan o‘n yettitasi „Kutubi sitta“da, ikkitasi „Sahӣhayn“da, yana ikkitasi Imom al-Buxoriyda va ikkitasi Imom Muslimning „Sahӣh“larida keltirilgan. Ahmad ibn Hanbalning „Musnad“idan takrorlari bilan birga qirq yetti hadisi o‘rin olgan. Undan hadis rivoyat qilgan o‘g‘li Mug‘iyra va nabirasi Munya bint Ubayddan tashqari Abu Usmon an-Nahdiy, Abdulloh ibn Burayda, Hasan al-Basriy, Abdulloh ibn Mutarrif kabi tobeʼinlar unga shogird bo‘lganlar. Dinni yengil qilib ko‘rsatish asosiy omil ekanini aytgan Abu Barza al-Aslamiy, faqirlar, yetimlar va bevalarga o‘ta marhamatli muomalada bo‘lib, erta-yu kech ularga ehson qilishga harakat qilar edi. Juda ko‘p ibodat qilar, kechalari oila aʼzolarini ham namoz o‘qishga uyg‘otar edi[1].
Adabiyotlar
[tahrir | manbasini tahrirlash]- Imom al-Buxoriy. At-Tarӣx al-kabӣr. — Haydarobod: 1360-80/1941-60. VIII, 118;
- Xalifa ibn Xayyot. At-Tabaqāt. I, 241, 441;
- Ibn Hibbon. As-Siqāt. — Haydarobod: 1393-99/1973-79. III, 419-420;
- Abu Nuaym al-Isfahoniy. Hilya al-avliyā. — Qohira: 1394-99/1974-79. II, 32-33;
- Ibn al-Asir. Usd al-g‘āba. — Qohira: 1285-87. V, 321-322;
- Az-Zahabiy. Siyar. — Bayrut: 1401-1405/1981-1985. III, 40-43;
- Selman Başaran. „Ebû Berze“. TDV İA. — İstanbul: 1994. X, 114-115;
- Ibn Hajar. Al-Isāba. — Qohira: 1328. III, 556-557; IV, 19;
- Ibn Hajar. Tahzӣb at-tahzӣb. — Haydarobod: 1325-27/1907-09. X, 446-447.
Manbalar
[tahrir | manbasini tahrirlash]- ↑ Ислом энциклопедияси (oʻzbekcha,), 2020-yil. ISBN 978-9943-59-267-4.
Ushbu maqolada Islom ensiklopediyasi (2020) maʼlumotlaridan foydalanilgan. |