Abdulloh ibn Jubayr

Vikipediya, ochiq ensiklopediya
Abdulloh ibn Jubayr
Shaxsiy maʼlumotlar
Vafoti 624-yil (hijriy 3-yil)
Oʻlim sababi Uhud jangi
Dini Islom
Tanilgan sohasi sahoba

Abdulloh ibn Jubayr (arabcha: عبد الله بن جبير — Abdulloh ibn Jubayr ibn Noʻmon ibn Umayya ibn Imru’ al-Qays ibn Saʼlaba al-Avsiy al-Ansoriy - ? — 3/624, Madina/Uhud) — sahoba.

Hayoti[tahrir | manbasini tahrirlash]

Kunyasi — Abu Munzir. Avs qabilasi­dan bo‘lib, Xavvot ibn Jubayrning tug‘ish­gan birodari. Butlarni yomon ko‘rar, kechalari Sahl ibn Hunayf bilan birga mushrik­larning yog‘ochdan yasalgan butlarini sindirib, yoqish uchun sahobalarga keltirar edi. Abdulloh ibn Jubayr dovyurak va juda mohir mergan bo‘lgan. Birinchi Aqaba bay’atidan keyin musulmon bo‘lgan. Ikkinchi Aqaba bay’ati uchun Makkaga kelgan. Bay’atdan oldin Payg‘ambar bilan uchrashish uchun bir nechta hamrohlari bilan Ul Zot istiqomat qilayotgan amakilari Abbos ibn Abdulmuttalibning uyiga boradi. Abbos Payg‘ambarning madinaliklar bilan bo‘ladigan uchrashuvini qurayshlik­lardan sir saqlash uchun ularga Aqabada ko‘rishishlarini aytadi. Abdulloh ibn Jubayr boshqa ansorlar qatori Aqabada Payg‘ambarga bay’at beradi.

Uhud jangi[tahrir | manbasini tahrirlash]

Abdulloh ibn Jubayr Badr va Uhud g‘azotlarida qatnashgan. Uhud g‘azotida Payg‘ambar Islom qo‘shinlariga orqadan hujum qilinishining oldini olish uchun chap tomondagi Aynayn tepaligiga Abdulloh ibn Jubayrni qo‘mondon etib, ellikta kamonchilarni joylashtiradilar. Rasululloh Abdulloh ibn Jubayrga: „Sizlar bizning orqa tomonimizni muhofaza etasizlar. Dushman g‘alaba qozondimi, mag‘lub bo‘ldimi, mendan xabar kelmaguncha joylaringizdan jilmanglar. Yengilayotganimizni ko‘rsalaringiz ham, yordam beramiz deb o‘rinlaringizni tashlab ketmanglar. Faqat dushman otlariga qarata o‘q otinglar!“, deb turgan joylaridan qo‘zg‘almaslikni buyuradilar. Jangda musulmonlarning g‘olib kelayotganini ko‘rgan kamonchilarning aksariyati mushriklar batamom yengilib bo‘lishdi deb hamda o‘ljadan mahrum qolmaslik uchun joylarini tashlab ketadilar va Uhud tomonni ochiq qoldiradilar. Abdulloh ibn Jubayr ularga Payg‘ambarning buyruqlarini eslatsa ham qarshilik ko‘rsata olmaydi. Yonida birga qolgan o‘nta kamonchilar bilan orqadan hujum qilgan Xolid ibn Valid boshchiligidagi otliqlarga qarshilik qiladi. Abdulloh ibn Jubayr kamon o‘qlari tugagach nayza bilan, nayza ham singach qilichi bilan jang qiladi. Natijada, Ikrima ibn Abu Jahl va sheriklari tomonidan shahid etiladi. Mushriklar Abdulloh ibn Jubayrni o‘ldirish bilan kifoya­lanib qolmay, tana aʼzo­larini bo‘laklarga bo‘lib tashlaganlari haqida maʼlumotlar bor.

Adabiyotlar[tahrir | manbasini tahrirlash]

  1. Ibn Hishom. As-Sӣra. - Qohira: 1375/1955. I, 465, 689; II, 65, 113, 123;
  2. Ibn Saʼd. At-Tabaqāt al-kubrā. - Bayrut: 1388/1968. II, 39-40, 41, 42, 47; III, 53, 475-476; IV, 7; VIII, 31;
  3. Al-Balozuriy. Ansāb al-ashrāf. — Qohira: 1959. 241, 265, 317, 319, 330;
  4. Mustafa Fayda. „Abdullah b. Cübeyr“. TDV İA. — İstanbul: 1988. I, 93;
  5. Shayx Muhammad Sodiq Muhammad Yusuf. Hadis va hayot. Olamlarga rahmat payg‘ambar. Nu­buvvat va risolat. — T.: „Sharq“, 2006. XIX, 278-281.