Abdulla Qodiriy nomidagi Madaniyat va istirohat bog‘i

Vikipediya, ochiq ensiklopediya

Abdulla Qodiriy nomidagi Madaniyat va istirohat bogʻi (Zarqaynar koʻchasi, 6) – Toshkentning shimoli-gʻarbiy qismida, Olmazor tumani, Sebzor dahasi, Eskijoʻva bozori va Toshkent sirki oʻrtasida joylashgan bogʻ. Umumiy maydoni 19,8 gektar. Oʻz vaqtida bogʻda xalq sayillari va madaniy-maʼrifiy tadbirlar oʻtkazilgan. Bogʻda ochiq tomoshagoh (amfiteatr), planetariy, 11 ta attraktsion, kurash maydoni, stol tennisi va shaxmat-shashka paviloni, ovqatlanish va salqin ichimliklar bilan savdo qilish shoxobchalari boʻlgan. Bogʻ orqali „Chorsu“ va „Gʻafur Gʻulom“ metro bekatlariga, Zarqaynar, Abdulla Qodiriy va Gʻafur Gʻulom koʻchalaridagi avtobus bekatlariga chiqish mumkin.

Tarixi[tahrir | manbasini tahrirlash]

Abdulla Qodiriy byusti

Bogʻ 1932–1934-yillarda yoshlar tashabbusi bilan bunyod etilgan. Joyning tarixiy nomidan kelib chiqib, xalq orasida „Jangob“ („Janggoh“) deb atalgan. 1932–1936-yillarda Akmal Ikromov, 1936–1938-yillarda Mirmuhsin Shermuhamedov nomlarida boʻlgan. 1939-yilda rus shoiri Aleksandr Pushkin nomi berilgan, 1992-yildan Abdulla Qodiriy nomida (Abdulla Qodiriy bobolarining shahar hovlisi Jangobning shimoli-gʻarbiy tarafida boʻlgan, yozuvchi shu joyda tugʻilgan).

Bogʻda chinor, qaragʻay, archa, tol, akatsiya kabi daraxtlar oʻsadi, har yili gulzorlarga 10000 tupdan ziyod gul koʻchatlari ekiladi. Abdulla Qodiriyning tugʻilganiga 100 yil toʻlishi munosabati bilan 2001-yilda tasdiqlangan loyiha asosida bogʻda bunyodkorlik ishlari olib borildi (meʼmor A. Narutskaya). Bogʻdan oʻtgan ariq va sunʼiy choʻmilish havzasi tosh bilan bezatildi, 2 ta favvora qurildi. Bogʻ hududida ertak qahramonlariga haykallar qoʻyildi. Maysazor va gulzorlar barpo qilindi. Bogʻning Eskijoʻva bozori tomonidan kiraverishdagi maydonga yozuvchi haykali oʻrnatildi (2004-yil, haykaltarosh Jaloliddin Mirtojiyev).

Bogʻning holati[tahrir | manbasini tahrirlash]

Abdulla Qodiriy nomidagi Madaniyat va istirohat bogʻidagi yoʻlak, qurilishlar sababli ikki tomoni devorlar bilan toʻsilgan (2022-yil yanvar holati)

Bogʻ toʻliq rekonstruktsiya qilinib, 2005-yil avgustda qayta ochildi. 2011-yilda bogʻ yana qaytadan toʻliq rekonstruksiya qilindi[1]. 2018-yil Oʻzbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev bogʻda olib borilayotgan koʻkalamzorlashtirish ishlari bilan tanishdi va u yerda Abdulla Qodiriy haykalini oʻrnatish va bogʻni turistik manzilga aylantirish haqida topshiriq berdi[2]. Abdulla Qodiriy nomidagi Madaniyat va istirohat bogʻini turistik manzilga aylantirish maqsadida 2020-yil Yaponiyaning H.I.S. Hotel Holdings Co. Ltd kompaniyasi kiritgan investitsiya asosida bogʻning 0,5 ga qismida 4 yulduzli mehmonxona qurish ishlari boshlab yuborildi[3], oqibatda qurilish maydoni oʻrnida boʻlgan koʻplab daraxtlar kesib tashlandi. 2021-yilda bogʻning 0,75 ga maydonida Qozogʻistonning BI Group kompaniyasi Hampton by Hilton Tashkent Park Abdula Kodiri deb nomlangan mehmonxona qurish ishlarini boshlab yubordi[4]. Bogʻning ahvoli yomonlashishda davom etaverdi.

Abdulla Qodiriy nomidagi Madaniyat va istirohat bog‘i hududida qurilayotgan mehmonxona. 2023-yil aprel oyidagi holati

2021-yilning yoz oylariga kelib bogʻning holati talabga javob bermas darajaga tushib ketdi. Bogʻda chiqindilar toʻplandi, suvsizlik oqibatida koʻplab daraxtlar va oʻt-oʻlanlar qurib qoldi[5][6]. Bogʻning holatini oʻrgangan Oʻzbekiston Ekologik partiyasi investorlarga berilgan qismlardagi daraxtlarning qurib qolganligi va hududda chiqindilar koʻpayayotgani yuzasidan masʼullarga qonuniy chora koʻrish talabini qoʻydi[7] va holatni quyidagicha baholadi:

Yanada achinarlisi, yaqin yillar davomida oʻz koʻrki va chiroyi bilan insonlarni oʻziga jalb qilgan mazkur bogʻ bugunga kelib, yongʻin kelib chiqishi mumkin boʻlgan chiqindixonaga aylangan. Bogʻdagi bunday holatning yanada achinarli tus olishiga yaqinda ushbu hududdagi avtomobillarni vaqtincha saqlash maydonida sodir boʻlgan yongʻin ham sabab boʻlgan. Ekologik reyd natijasi boʻyicha shu yerning oʻzida masʼullar ishtirokida bayonnoma rasmiylashtirildi[7].

2022-yilga kelib bogʻdagi chiqindilar kamaytirildi, yoʻlaklar tozalandi, yoʻlaklarning ayrim qismlari yangilandi, yangi daraxtlar ekildi, baʼzi daraxtlarning shoxlari butaldi. Lekin, bogʻ hududidan qurilish uchun yer sotib olgan Xitoyning Wan Li firmasi avvalroq xatlangan 177 tup daraxtdan 64 tupini qish oylarida boshqa yerga koʻchirib oʻtqazdi[8]. Toshkent shahar Ekologiya boshqarmasi bogʻdagi 64 tup daraxt koʻchirilishi noqonuniy amalga oshirilganini maʼlum qildi va tadbirkorga nisbatan maʼmuriy chora koʻrdi[9].

2022-yilning 7-mart kunidan boshlab Olmazor Business City maʼmuriyati bogʻda navbatdagi rekonstruksiya ishlari boshlanishini va bogʻ attraksionlarsiz ekobogʻga aylantirilishini maʼlum qildi[10].

Shundan keyin, yuqorida aytilgan sanadan boshlab maʼlum muddat bogʻda taʼmirlash ishlari olib borildi. Ammo moliyalashtirishdagi kechikishlar tufayli bu ishlar ham toʻxtab qoldi[11].

Galereya[tahrir | manbasini tahrirlash]

Manbalar[tahrir | manbasini tahrirlash]

  1. „ABDULLA QODIRIY MADANIYAT VA ISTIROHAT BOG'I“. Chilla Fest. 2022-yil 12-aprelda asl nusxadan arxivlangan.
  2. „Abdulla Qodiriy bog'i turizm maskaniga aylantiriladi“. Uzreport. Qaraldi: 2018-yil 10-avgust.
  3. „Япония компанияси Тошкентдаги Абдулла Қодирий боғида меҳмонхона қурмоқда“. Kun.uz. Qaraldi: 2020-yil 11-sentyabr.
  4. „Абдулла Қодирий боғида яна битта меҳмонхона қурилади“. Kun.uz. Qaraldi: 2021-yil 20-mart.
  5. „Istirohat bogʻlaridagi ahvol talabga javob beradimi?“. Yangi Oʻzbekiston. Qaraldi: 2021-yil 7-avgust.
  6. Бобур Акмалов. „Сотилган ва унутилган: Тошкентдаги Абдулла Қодирий боғидан қайғули репортаж“. Kun.uz. Qaraldi: 2021-yil 1-oktyabr.
  7. 7,0 7,1 „“Абдулла Қодирий боғи чиқиндихонага айланган” — Экопартия“. Kun.uz. Qaraldi: 2021-yil 25-iyun.
  8. Бобур Акмалов. „Абдулла Қодирий боғида 64та дарахт кўчирилди, яна бир боғнинг тақдири номаълум“. Kun.uz. Qaraldi: 2022-yil 14-fevral.
  9. „Абдулла Қодирий боғида дарахтлар ноқонуний кўчирилгани маълум бўлди“. Kun.uz. Qaraldi: 2022-yil 15-fevral.
  10. „“Аттракционсиз, экобоғ бўлади” — Абдулла Қодирий боғида реконструкция бошланмоқда“. Kun.uz. Qaraldi: 2022-yil 5-mart.
  11. Акмалов, Бобур. „Абдулла Қодирий боғининг таъмири нима бўлди?“. Kun.uz (2022-yil 2-iyul). Qaraldi: 22-aprel 2023-yil.