Abdulhalim Mahmud

Vikipediya, ochiq ensiklopediya
Abdulhalim Mahmud
Shaxsiy maʼlumotlar
Tavalludi 1910-yil 12-may
Vafoti 17-oktabr 1978-yil
Dini Islom
Tanilgan sohasi Azhar shayxi, mutasavvif

Abdulhalim Mahmud (arabcha: عبد الحلیم محمود — (12.05.1910 — Misr — 17.10.1978) — Azhar shayxi, mutasavvif. Misr Respublikasi Sharqiyya viloya­tining Bilbis shaharchasiga qarashli Abu Ahmad qishlog‘ida tug‘ilgan.

Taʼlimi[tahrir | manbasini tahrirlash]

Al-Azhar universitetini bitirgan otasi Muhammad Abduhning talabasi bo‘lgan. Ilk tahsili va hofizlikni qishlog‘idagi mahalla maktabida olgan. 1923-yilda Qohiraga borib al-Azhar universitetining litse­yiga o‘qishga kiradi. 1928-yilda litseyni, 1932-yilda al-Azhar universitetini tamomlagan. Ustozi Mustafo Abdurroziqning taʼsirida falsafa va tasavvufga qiziqib qoladi. Talabalik yillarida „Musulmon yoshlar jamiya­ti“da („Jam’iyyat ash-shubbon al-muslimiyn“) Ahmad Muhammad al-Gʻamroviyning anjumanlariga qatnashadi. Al-Azhardagi ustozlari orasida eng ko‘p taʼsir ko‘rsatganlardan yana biri Muhammad Farid Vajdiydir.

Abdulhalim Mahmud 1932-yilda Fransiyaga borib falsafa bo‘yicha tahsil oladi. U yerda „Horis ibn Asad al-Muhosibiy“ mavzuidagi ilmiy ishini himoya qilib, doktor unvonini oladi (1940-yil).

Mehnat faoliyati[tahrir | manbasini tahrirlash]

Fransiyadan qaytganidan so‘ng, Qohirada istiqomat qilayotgan Abdulvohid Yahyo bilan tanishadi. Al-Azhar universitetining arab tili va adabiyoti fakultetida psixologiya fanidan dars bergan. 1951-yilda mazkur universitetning Ilohiyot (Usul ad-din) fakultetida falsafa ustozi, 1964-yilda dekan lavozimiga tayinlanadi. Keyinchalik al-Azhar universiteti tarkibidagi „Islomiy tadqiqotlar akademiyasi“ga („Majmaʼ al-buhus al-islamiyya“) aʼzosi, so‘ng bosh kotib etib tayinlangan. „Islomiy tadqiqotlar akademiyasi“ 1961-yil „al-Azhar universitetini rivojlantirish xususida“gi 103-raqamli qonunga asosan tashkil etilgan bo‘lib, ushbu akademiya islomiy tadqiqotlar uchun oliy hay’at hisoblanadi. Unga al-Azhar universiteti shayxi (rektori) raislik qiladi. Akademiya Misr va Islom olamidagi 45 nafar mutaxassis olimni o‘z ichiga oladi. Ularning barchalariga yangi vujud­ga kelgan ishlarda va yangi narsalarda ijmo bilan fatvo chiqarishdagi tadqiqot va taftish ishlari mas’uliyati topshirilgan.

Abdulhalim Mahmud 1970-yilda al-Azhar universiteti rektorining yordamchisi, bir muddat Vaqf ishlari vaziri vazifasini bajargan. 1973-yilning martida al-Azhar universitetining 40-shayxi (rektori) bo‘lib tayinlangan. Yuqorida zikr qilingan qonunda qayd qilinganidek, „Islomiy tadqiqotlar akademiyasi“ning raisi ham al-Azhar universiteti shayxi hisoblanadi. Doktor Abdulhalim Mahmud bu mansabda Doktor Mahmud Hasabullohdan keyin faoliyat olib borgan ikkinchi shaxs hisoblanadi hamda vafotiga qadar ushbu lavozimlarda faoliyat olib boradi.

Abdulhalim Mahmud Ilohiyot fakulteti dekani lavozimida ishlayotgan vaqtida Qur’oni karimni yod olishni misrlik talabalarga majburiyat sifatida joriy qilgan. „Islomiy tadqiqotlar akademiyasi“dagi faoliyati davomida u yerda boy kutubxonaga asos solgan va islomiy ilmlarga oid birlamchi manbalar nashriga eʼtibor qaratgan. Vaqf ishlari vazirligidagi faoliyatida hofizi Qur’onlar yetishtirish maqsadida mamlakat bo‘ylab mingdan ortiq maxsus muassasalar tashkil etgan. Shu bilan birga, Afrikaning eng qadimiy masjidi hisoblangan Fustot masjidini taʼmirlatgan va Misrda 1500 taga yaqin yangi masjidlar qurdirgan. Al-Azhar universitetining rektori vazifasidagi fao­liyatida universitetga bog‘liq radio stansiya­sini barpo qilib, unda doimiy ravishda Qur’oni karim tilovati berib borilishini taʼminlagan. Islom oila huquqining amaliyotdagi ijrosini to‘xtatilishiga bo‘lgan harakatlarga qarshi chiqqan va Gʻarb madaniyati qonunining joriy qilinishini oldini olgan. Al-Azhar universiteti mavqeini orttirish va universitet rektorini bosh vazir lavozimiga teng­lashtirish borasidagi harakatlarda ishtirok etgan. Bu uning o‘limidan ke­yin qonunga kiritilgan va ijrosi taʼminlangan.

Ijodi[tahrir | manbasini tahrirlash]

Oltmishta asar yozgan Abdulhalim Mahmud shoziliyya tariqatiga mansub bo‘lgan. Shu bois asarlarining aksariyati tasavvufga bag‘ishlangan.

Asarlari[tahrir | manbasini tahrirlash]

  • Al-Mohasibi, un mystique musul­man religieux et moraliste“ (doktorlik dissertasiyasi, Parij 1940-yil). Bu tadqiqot „Ustāz ash-shā’irӣn al-Hāris bin Asad al-Muhāsibӣ“ nomi bilan 1973-yil Qohirada arab tilida nashr bo‘lgan;
  • „At-Tasavvuf al-islāmӣ“ (Qohira 1968-yil);
  • At-Tavhӣd al-xālis av al-islām va-l-’aql“ (Qohira 1974 y.);
  • Falsafa Ibn Tufayl“ (Qohira 1965-yil);
  • At-Tafkӣr al-falsafӣ fi-l-islām“ (Qohira 1968-yil);
  • Avrӯba va-l-Islām“ (Qohira 1972-yil);
  • Ar-Rasӯl“ (Qohira 1965, 1966-yil);
  • As-Sunna fӣ tarӣxihā va fӣ makānatihā“ (Qohira 1967-yil);
  • Dalāil an-nubuvva va mu’jizāt ar-rasӯl“ (Qohira 1973-yil);
  • Abӯ Zarr va-sh-shuyӯ’iyya“ (Qohira 1975-yil);
  • Al-Islām va-sh-shuyӯ’iyya“ (Qohira 1975-yil).
  • Uning fransuz tilidan axloq va falsafa mavzulariga oid baʼzi tarjimalari hamda Sufyon as-Savriy, Abdulloh ibn Muborak, Zunnun al-Misriy, Boyazid Bistomiy, Bishr al-Hofiy, Abu Bakr ash-Shibliy va Ibrohim ibn Adham kabi qator olimlarning tarjimai hollari yoritilgan yigirmaga yaqin asarlarining barchasi nashr etilgan.

O‘zining yuksak maqomiga, egallab tur­gan lavozimiga mag‘rurlanmagan hol­da Islom va musulmonlarga xizmat qi­lishni hayotidagi mas’uliyat deb bilgan holda kechirgan Abdulhalim Mahmud hijriy 1397-yil, zul-qa’da oyining o‘n beshinchisi, seshanba kuni vafot etgan[1].

Adabiyotlar[tahrir | manbasini tahrirlash]

  1. Ali Abdulazim. Mashӣxa al-azhar munzu inshāihā hattā al-ān. -Qohira: 1979. II, 287-461;
  2. Abdulhalim Mahmud. Hāzihi hayātӣ. — Qohira: 1985;
  3. Al-Azhar ash-sharӣf fӣ ’ӣdih al-alfӣ. — Qohira: 1983. 262;
  4. Hasan Kâmil Yilmaz. „Abdülhalîm Mahmûd“. TDV İA. — İstanbul: 1988. I, 213;
  5. Shayx Muhammad Sodiq Muhammad Yusuf. Misrdagi islomiy tadqiqotlar akademiyasi.

Havolalar[tahrir | manbasini tahrirlash]

  1. http://fiqh.uz/fiqh-uz/fiqh-akademiya/529;
  2. http://siyrat.uz/maqola/9232;
  3. https://ar.wikipedia.org.

Manbalar[tahrir | manbasini tahrirlash]

  1. Ислом энциклопедияси (oʻzbekcha,), 2020-yil. ISBN 978-9943-59-267-4.