Roʻzi Nazar

Vikipediya, ochiq ensiklopediya
Roʻzi Nazar
Tavalludi 1917-yil 1-yanvar
Vafoti 2015-yil 30-aprel
Turkiya
Fuqaroligi AQSH bayrogʻi AQSh
Turmush oʻrtogʻi Emelinde Rot
Bolalari Sylvia Nazar
Erkin Nazar
Otasi Jamshid Umrzoq oʻgʻli
Onasi Tojiniso

Roʻzi Nazar (1917-2015[1]), asli oʻzbek boʻlgan AQSh fuqarosi, Markaziy razvedka boshqarmasi agenti. U Markaziy razvedka boshqarmasi agenti sifatida umrining katta qismini SSSRga qarshi kurashga bagʻishladi. Roʻzi Nazar Rossiya inqilobi davrida Sovet oʻrta Osiyosida tugʻilgan. U umrining koʻp qismini tugʻilgan joyidan uzoqda oʻtkazdi. Ikkinchi jahon urushi yillari davomida fashistlar Germaniyasida, keyinroq AQSh va Turkiyada yashagan. 1950-yillarning boshidan Markaziy razvedka boshqarmasi xodimi boʻlib ishlagan. Faoliyatining 11 yilini AQShning Anqaradagi elchixonasida, keyingi 10 yilini esa Bonnda oʻtkazgan. 1979-yilda Tehronda, 1980-yillar boshida esa Afgʻonistonda AQSh nomidan yashirin ishlagan[2].

Yoshligi[tahrir | manbasini tahrirlash]

Roʻzi Nazar 1917-yilda Fargʻona vodiysida joylashgan, Margʻilon shahrida tugʻilgan. Nazarning otasi Jamshid Umirzoqo‘g‘li Marg‘ilonda yuz yillar davomida ipak savdosi bilan shug‘ullangan oiladan bo‘lib, u ham shu hunarni davom ettirgan. Onasi Tojiniso Qo‘qon xonligining ko‘zga ko‘ringan oilalaridan birining qizi bo‘lib, rus bosqinidan oldin millatchilik g‘oyalariga xayrixoh bo‘lgan. Tojiniso XIX asr oxiri va XX asr boshlarida turk oʻlkalarida paydo boʻlgan jadidchilik harakatidan taʼsirlangan va rus bosqiniga qarshi turish uchun modernizatsiya zarurligiga ishongan ayol edi. U oʻgʻliga arab, fors, rus tillarini, shu tillarda adabiy asarlarni oʻrgatgan.

Nazar 10 yoshga toʻlganda, uning katta akasi Yoʻldosh Qori millatchi qarshilik harakatida ishtirok etgani uchun sovet maʼmuriyati tomonidan qatl etilgan. Bu voqeadan so‘ng otasi Nazarning zamonaviy taʼlim olishiga qaror qildi. Dastlab o‘rta maktabni Marg‘ilon shahrida, so‘ngra Toshkentdagi Iqtisodiyot institutini tamomlagan. Bundan tashqari, u kechki maktabga borgan va kimyodan saboq oldi. O‘zbekiston Kommunistik partiyasi yoshlar bo‘limiga aʼzo bo‘lgan Nazar millatchi guruhlar bilan aloqada bo‘lgani sababli vaqtincha partiyadan chetlashtirildi. Moskvaga safari chogʻida u jazoni bekor qilishni soʻrab ariza bilan murojaat qildi va vaqtinchalik boshqa doʻstlari bilan birga partiya aʼzosi sifatida qayta tiklandi.

30-yillarda Turkistonning barcha ko‘zga ko‘ringan yozuvchi va shoirlari, hatto keyinchalik mahalliy Kommunistik partiya rahbarlari ham sovet hokimiyati tomonidan chetlashtirildi. Ular oʻz vazifalaridan ozod qilindi, surgun va qamoqqa hukm qilindi. Nazar bu voqealarni diqqat bilan kuzatib borardi.

Ikkinchi jahon urushi[tahrir | manbasini tahrirlash]

Roʻzi Nazar 1941-yil yanvar oyida armiyaga chaqirilib, oʻsha yilning bahorida fashistlar Germaniyasi va SSSR oʻrtasida urush boshlanganda Ukraina frontiga joʻnatilgan. Bir necha hafta oʻtgach, fashistlar Germaniyasiga yurish paytida u ogʻir yaralanib, oʻz boʻlinmasidan ajralib qoladi. Uni ukrainalik oila asrab qolgan. oʻsha yilning oktyabr oyida u Turkiston legioniga taklif qilinadi. Bu qism qizil armiya safida jang qilgan turkistonlik askarlardan iborat edi. Bu askarlar uchun bu legionlarda boʻlish fashistlar Germaniyasiga xizmat qilishdan koʻra oʻz vatanlari ozodligi uchun kurashishni anglatardi.

Roʻzi Sharqiy frontda jang qilayotganda ikkinchi marta yaralangan. Shundan soʻng Berlinda fashistlar tomonidan tashkil etilgan millatchi Turkiston rahbariyatiga qarashli Turkiston milliy birligi qoʻmitasiga aloqa xodimi etib tayinlanadi. Keyinchalik Turkiston immigratsiya siyosati bilan juda yaqin aloqada boʻldi. Bu orada Berlinda Turkiston millatchilari bilan Vlasov rus qoʻshinlarini qoʻllab-quvvatlagan Himmler va SS oʻrtasida shiddatli toʻqnashuvlar boʻlib oʻtdi. Keyingi yillarda ruslar va chap qanot muxoliflari Nazarni tez-tez SS bilan hamkorlik qilganlikda ayblashardi. Bu yolg‘on daʼvo bo‘lmasada, u va Turkiston milliy birlik qo‘mitasidagi boshqa hamkasblari SSning rus muhojir va qochqin guruhlarini qo‘llab-quvvatlash borasidagi pozitsiyasiga keskin qarshi edilar.

1945-yil bahorida Turkiston legioni Sharqiy frontdan chiqib ketdi va qolgan qoʻshinlar Italiyaning Bolzano yaqinida joylashtirildi. Nazarga shaxsan Germaniya Qurolli Kuchlari Oliy qoʻmondonligi rahbari Vilgelm Keytel ushbu boʻlinmalarni qayta qurish topshirigʻini bergan. Nazar ittifoqchilar Yaltada barcha Qizil Armiya aʼzolari va fashistlar Germaniyasida qolgan Rossiya fuqarolarini oʻz vatanlariga qaytarish toʻgʻrisida qaror qabul qilganidan xabardor boʻldi. U buni oʻz doʻstlari va vatandoshlarining qatl qilinishidan qochish uchun imkoniyat sifatida qaradi, ammo 1945-yil apreliga kelib Amerika armiyasi Italiyaga kirib bordi va nemis ishgʻol maʼmuriyati deyarli butunlay parchalanib ketdi. Shunday qilib, uning hamrohlarini SSSRga qaytarish rejalari barbod boʻldi va u fashistlar Germaniyasiga qaytishga majbur boʻldi.

Germaniyadagi urushdan keyingi hayot[tahrir | manbasini tahrirlash]

Urushning so‘nggi kunlarida ittifoqchilar har tomondan yaqinlashib kelayotgan paytda Nazar Germaniyaga qaytib keldi. U oʻzi va doʻstlari uchun demobilizatsiya hujjatlarini olishga muvaffaq boʻldi. Shunday qilib, ular oʻzlarining huquqiy maqomlarini oʻzgartirdilar. 1945-yilda fashistlar Germaniyasi magʻlubiyatga uchragan va taslim boʻlganida u Bavariyaning Rozenxaym shahrida edi. Ikki nemis oilasining yordami bilan u ittifoqchi askarlardan yashirindi. Agar u qoʻlga olinsa, Sovet Armiyasi tomonidan qatl etilishi muqarrar edi.

Tinchlik oʻrnatilib, Rozenxaym Amerika ishgʻoli ostida boʻlgach, u yashirinishdan voz kechdi. Roʻzi Nazar bavariyalik taniqli anti-natsist katolik sudyasining qizi Emelinde Rot bilan uchrashib yurdi va 1946-yil oxirida ular turmush qurishdi. Keyingi yilning avgust oyida ularning birinchi farzandi Sylvia dunyoga keldi.

1951-yilgacha Roʻzi Nazar juda qiyin hayot kechirdi. U bir tomondan tirikchilik uchun harakat qilsa, ikkinchi tomondan Myunxenda tashkil etilgan Bolsheviklarga qarshi millatchilar tashkilotida bir guruh ukrain va Markaziy Osiyo millatchilari bilan birgalikda SSSRga qarshi kurash olib bordi. Ushbu tashkilot Nazarning doʻstlari Stepan Bandera va Yaroslav Stetsko tomonidan asos solingan boʻlib, rus boʻlmagan xalqlar ozodligi uchun kurashgan.

Markaziy razvedka boshqarmasidagi faoliyati[tahrir | manbasini tahrirlash]

Uning isteʼdodi amerikaliklar tomonidan kashf etilishi uchun ko‘p vaqt kerak bo‘lmadi. Albatta, bunda uning turkistonlik muhojirlar orasiga kirib kelgan sovet josusini fosh qilgani ham o‘z taʼsirini o‘tkazdi. Nazar 1951-yilda AQShning sobiq prezidenti Teodor Ruzveltning o‘g‘li Archibald Ruzvelt tomonidan Kolumbiya universitetining Markaziy Osiyo boʻlimida ishlash uchun AQShga taklif qilingan. U dastlab "Amerika Ovozi" ning oʻzbek boʻlimi nashrlarida ishlagan. Archibaldning katta singlisi Ethel Ruzvelt orqali Roʻzi Nazar 1954-yilda rasman Markaziy razvedka boshqarmasi xodimi boʻldi (bu oiladan Kermit Ruzvelt Markaziy razvedka boshqarmasining Yaqin Sharq va Janubiy Osiyo boʻlimlarini boshqargan)[3] va Vashingtonga koʻchib oʻtdi. 1955-yil aprel oyida u oʻzining yangi ish beruvchisi nomidan Indoneziyada boʻlib oʻtgan Qoʻshilmaslik harakatining Bandung konferensiyasida qatnashdi. Konferensiya davomida u Xitoy va Rossiyadagi boshqa etnik xalqlarning mustamlakachilik holatiga eʼtibor qaratdi. 1955-yil sentyabr oyida u Qoʻshilmaslikning Qohira konferensiyasida qatnashdi. 1959-yil iyul va avgust oylarida Vena shahrida boʻlib oʻtgan VII Jahon talabalar va yoshlar festivalida qatnashdi. Bu yerda Roʻzi Nazar vatanidan surgun qilingan kommunist shoir Nozim Hikmat bilan uchrashdi. Nazar o‘z xotiralarida Nozim Hikmatning siyosatdan va siyosatchilardan uzoqroq turishni maslahat berganini eslaganini aytdi. Maʼlumki, bunday uchrashuvlarda uning vazifasi sovet agentlarini aniqlash, shuningdek, Rossiyadagi boshqa etnik xalqlarning mustamlakachilik holatiga eʼtibor qaratishdir.

Turkiya yillari[tahrir | manbasini tahrirlash]

Roʻzi Nazar 1959-yil oxiridan 1971-yilgacha AQShning Anqaradagi elchixonasida ishlagan. U 1955-yilda Amerika Harbiy Akademiyasini tamomlagan va Vashingtonda NATO Doimiy Qoʻmitasida xizmat qilgan mayor Alparslan Turkesh bilan uchrashdi. Bu yigʻilishda kelajakda 27-may operatsiyasida ishtirok etadigan harbiy attashe Agasi Shen ham ishtirok etdi. Turkiyaga qaytib kelgach, Chanqiriga „Partizanga qarshi muallim“ etib tayinlanadi[3]. U Turkiyaga kelganidan ko‘p o‘tmay, harbiy to‘ntarish sodir bo‘ldi. Pushistlarning eng muhim shaxslaridan biri AQShda yaqin doʻstlik aloqalarini oʻrnatgan polkovnik Alparslan Turkesh edi.

Nazarning Turkiya bilan yaqin do‘stligi 1960-yil 13-noyabrda Turkiston milliy birlik qo‘mitasidan haydalgandan keyin ham davom etdi. Nazarning tarjimai holini yozgan Enver Altayli, Roʻzi AQSh elchisi orqali aralashib, Turkiyalik doʻstlarining Xunta tomonidan qatl qilinishiga toʻsqinlik qilganini aytdi. Soner Yalchin esa, Roʻzi Nazarning „chap xunta“ Jemal Madanogʻlu jamoasi tomonidan oʻldirilishiga AQSh elchisi orqali emas, balki Jemal Gurselning „Qudratli polkovnik“ bosh ad’yutanti Agasi Shen orqali toʻsqinlik qilganini taʼkidlaydi[3].

Chap doiralar tomonidan Markaziy razvedka boshqarmasi agenti sifatida Turkiyadagi haddan tashqari oʻng qanot unsurlarga yordam berganlikda ayblangan Nazar, 1971-yilda harbiy toʻntarish bilan armiyadagi soʻl guruhlarning hokimiyatni qoʻlga kiritishiga yoʻl qoʻymaslikni maqsad qilgan, MITning modernizatsiya qilinishiga yordam bergan (Milliy razvedka tashkiloti), shu tariqa u MITni AQSh nazoratidan operativ ravishda ozod qilganini daʼvo qildi.

1965-yili Turkiyada bo‘lganida Nazarning onasi va singlisi unga Toshkent radiosi orqali qo‘ng‘iroq qilgani Ro‘zi Nazar hayotidagi dramatik lahzalardan biri edi. Bu eʼlon uning oilasi bilan chorak asrdan beri aloqada boʻlmaganiga qaramay, uning tirikligini bilishini anglatardi. Opasi unga vaʼdasiga sodiq boʻlib, oʻz yurtiga qaytishini xohlasa-da, onasi baxtli boʻlishiga ishongan joyda yashashni aytdi.

Nazar Turkiyada ishlagan 11 yil davomida 1962- va 1963-yillardagi Talat Aydemir qoʻzgʻolonlarini yaqindan koʻrgan. U MITning yangi qonunidan tortib Anti-Kommunizm Uyushmasi tashkil etilishigacha koʻp sohalarda faol boʻlgan[3]. U MIT maslahatchisi Mehmet Fuat Doʻgu bilan yaqin doʻstlik oʻrnatgan.

1971-yilgacha Anqarada ishlagandan soʻng, faoliyatining qolgan qismida Vashington va Bonn shaharlarida ishladi. U Zbignev Bjezinskiyning kapitalistik tuzum va sovet kommunistik tuzumi oʻrtasidagi farqlarni ochib beruvchi asarlarini nashr etishda unga yaqindan yordam berdi. U Markaziy razvedka boshqarmasi va AQSH maʼmuriyati kadrlari ichida SSSRda millatchilik oqimlari kuchli ekanligi va SSSRning iqtisodiy zaifligi tufayli qisqa vaqt ichida parchalanishiga ishongan ozchilik guruhi aʼzolaridan biri edi.

Germaniyada Markaziy razvedka boshqarmasi agenti sifatida faoliyat yuritgan yillari Turkiyaning oʻng qanot tashkilotlari bilan yaqin aloqada boʻlib, Yevropada faoliyat yuritayotgan turk oʻng qanot guruhlariga moddiy va fikriy yordam koʻrsatdi[4].

1979-yil — Eronning maxfiy operatsiyalari[tahrir | manbasini tahrirlash]

1979-yilda u Eronga AQShning Tehrondagi elchixonasida garovga olinganlarni qutqarish operatsiyasini baholash uchun nemis gilam sotuvchisi qiyofasida yashirincha kirdi. U Eron inqilobidan keyin Eronga kirgan birinchi AQSh rasmiysi edi. Markaziy razvedka boshqarmasining Argosi (bu operatsiya 2012-yilda Argo deb nomlangan filmning mavzusi boʻlgan, ammo ssenariyda Nazar tilga olinmagan) AQSh elchixonasi ishgʻoli paytida elchixona tashqarisida qolib ketgan olti nafar elchixona xodimini qutqarish boʻyicha yashirin operatsiyada ishtirok etgan.

Afgʻoniston[tahrir | manbasini tahrirlash]

Nazar keyinchalik Sovetlar tomonidan bosib olingan Afg‘onistonga bir necha bor borib, Qizil Armiyadan qochgan asli o‘zbek askarlarini AQSh safiga jalb qilgan. Bu yerda u SSSR bosqiniga qarshi AQSh tomonidan qoʻllab-quvvatlangan islomiy mujohidlar yetakchilaridan biri Gulbiddin Hikmatyor bilan uchrashib, AQShga qaytgach, radikal islomiy guruhlarni qoʻllab-quvvatlamaslik kerakligi haqidagi maʼmuriyatga bergan tavsiyalarini aytdi.

SSSR parchalanganidan keyin[tahrir | manbasini tahrirlash]

1991-yil oktabr oyida SSSR parchalanib, O‘zbekiston mustaqillikka erishgach, yaʼni ellik yillik tanaffusdan so‘ng Nazar o‘z vataniga qaytdi. 1992-yil may oyida Toshkent va Marg‘ilon shaharlarida bo‘lib, omon qolgan oila aʼzolari bilan uchrashdi. Prezident Islom Karimov uni vatanga qaytgan qahramonlardek kutib oldi.

Oilasi[tahrir | manbasini tahrirlash]

Nazarning Sylvia va Erkin ismli ikki farzandi bor. Uning qizi Sylvia Kolumbiya universitetida iqtisodiy jurnalistikadan dars beradi. Sylvia Nazar, shuningdek, 1998-yilda Jon Forbes Neshning hayoti haqidagi biografik romani A Beautiful Mind muallifi, keyinchalik u "Tafakkur o'yinlari„ deb o'zbek tiliga tarjima qilingan.

Vafoti[tahrir | manbasini tahrirlash]

Jurnalist Soner Yalchin, “Sözcü" gazetasidagi maqolasida, Roʻzi Nazarning 2015-yilning 19-aprel kuni o‘g‘li Erkin Nazar tomonidan Fethiye hokimligiga tegishli qariyalar uyiga olib kelinganini va Nazarning bu qariyalar uyida vafot etganini qayd etdi. Roʻzi Nazarning Focha mahallasidagi „Alaviy qabristoni“ deb nomlanuvchi qabristonga yashirincha dafn etilganini, dafn qilingani haqida hech qanday rasmiy qayd etilmagan

Manbalar[tahrir | manbasini tahrirlash]

  1. „Ruzi Nazar vefat etti“. Yeniçağ Gazetesi (2 mayıs 2015). 5-martda asl nusxadan arxivlangan. Qaraldi: 2 mayıs 2015.
  2. Altaylı, E., Ruzi Nazar: CIAʼnın Türk Casusu, İstanbul 2013, ISBN No: 9786050911183
  3. 3,0 3,1 3,2 3,3 „Oyun Masası“ (13 şubat 2015). 29 temmuz 2015da asl nusxadan arxivlangan. Qaraldi: 17 şubat 2015.
  4. Devrimci ve Demokrat. um:ag, Kasım 2019 — 51-53 bet. 

Mavzu boʻyicha nashrlar[tahrir | manbasini tahrirlash]