Qutayba ibn Muslim

Vikipediya, ochiq ensiklopediya

Qutayba ibn Muslim (669—715) — 704—715-yillarda Umaviylar sulolasidan, arab xalifaligi hukmronligi davrida Xuroson hokimi.

Biografiyasi[tahrir | manbasini tahrirlash]

Qutayba ibn Muslim arab qabilalaridan boʻlib, Arab xalifaligidagi yurishlarida ishtirok etgan. Tashkilotchilik qobiliyati va harbiy mahorati tufayli 704-yilda Xurosonga hokim etib tayinlanadi. U arablarning Oʻrta Osiyoga yurishlarining asosiy rahbari va ijrochisi boʻlgan. Qutayba o‘zidan oldin mamlakatni boshqargan davlat rahbarlari va sarkardalardan farqli ravishda Movorounnahrni zabt etishda katta muvaffaqiyatlarga erishadi. 708-yilda Kesh, 709-yilda Buxoro, 712-yilda Xorazm va Samarqand[1], 713-yilda Choch (Toshkent)ni fath qilgan. 714-yilda uning qoʻshinlari Fargʻona vodiysini egallashga muvaffaq boʻladi.

Harbiy harakatlari[tahrir | manbasini tahrirlash]

Buxoro vohasining zabt etilishi[tahrir | manbasini tahrirlash]

Qutaybaning sarkardalik faoliyatidagi ilk yurishlaridan biri Axarun va Shuman knyazliklari (zamonaviy hududlar, Tojikistondagi Hisor va Dushanbe)ga qaratilgan edi. Bu yurishga Balx qoʻshinlari ham qoʻshiladi, bu esa asli qo'shin tortib borish ishlari aslida al-Muffadal tomonidan rejalashtirilganini, Qutayba esa oldindan rejalashtirilgan vazifani bajarganini koʻrsatadi. Amudaryo yoqasida Qutayba qo'shinini Saganyan (Chag'anyan, Surxondaryo vodiysi viloyati) hukmdori Bish Krivoy sovg'alar va poytaxtning ramziy kalitlari bilan kutib oladi. Bish Qutaybadan Araxun va Shuman hukmdori Gushtaspning hujumlaridan shafoat so'raydi, Qutayba ham uning iltimosni qabul qiladi. Poytaxt qamal qilinganidan keyin Gushtasp taslim boʻlishga va tovon toʻlashga rozi boʻladi.

Marvga qaytgach, Qutayba mamlakat atrofidagi hududlarda tartib o'rnatishga kirishadi. Bag'dis hududi egasi Tirek-Tarxan esa qaramlikdan xalos bo'lishga harakat qiladi. Voqea tafsilotlari bizagcha yetib kelmagan, ammo o'sha vaziyatda musulmonlar garovga olinadi. Qiyin muzokaralar davomida Tirek Qutaybadan shaxsiy daxlsizlik kafolatini oladi, Marvga shaxsan tashrif buyuradi va o'ziga bildirilgan qulay shartlarga rozi bo'ladi: Arab xalifaligining jangda ishtirok etishi uchun qo'shimcha jangchilarni yetkazib berishga, Xalifa esa Bag'disning ichki siyosatiga aralashmaslikni va'da qildi.

706-yilning bahorida Qutayba Amudaryoga yurish olib borish uchun yangi qo'shin to'play boshlaydi, Tirek esa uning bu ishida qo'shimcha askarlar yetkazib berish bilan yordam beradi. Amudaryoga qilingan bu yurishdan maqsad Oʻrta Osiyoning savdo yoʻlida joylashgan, sharqda Xitoyga (hech boʻlmaganda Qashgʻarga) yetib boradigan yirik savdo shahri Paykent (Baykend)ni qo'lga olish edi. Bilvosita belgilarga ko'ra, mashhur "savdogarlar shahri" o'zini-o'zi boshqaradigan jamoa bo'lib, Buxoro vohasi shaharlariga qaram bo'lmagan va shuning uchun ham Qutayba ushbu hududni bosib olishga va hududdan turli maqsadlarda foydalanishni istagan. Paykentliklar arablarning hujumidan oldindan xabar topib, turklar va sugʻdlardan yordam soʻrashga muvaffaq boʻladilar. Bunday vaziyatni kutmagan Qutayba Xurosonda nima bo'layotganini bilmay qoladi. Vaziyatdan foydalangan paykentliklar xabarchiga pora berib, u orqali Qutayba homiysi al-Xajjojning chetlatilishi haqida yolg‘on xabar tarqatadilar. Quta

yba bu xabarni jiddiy qabul qiladi, biroq chekinish o‘rniga (qo‘shinning ruhiyatini buzmaslik uchun) xabarchini qatl qilishni buyuradi va hal qiluvchi jangni boshlab yuboradi. Kechga yaqin shahar aholisi bo'ysundiriladi va Qutayba bosib olingan hududda kichik qo'shin qoldirib, zudlik bilan Xurosonga qo'shinlarni qaytarib olib keta boshlaydi. Ushbu vaziyatni ko'rgan Paykent aholisi esa ikkinchi kuni qoʻzgʻolon koʻtarib, butun qo'shinni oʻldirishadi, oʻliklarning burun va quloqlarini kesib tashlashadi; Vaziyatning bu tomonga o'zgarib ketganini eshitgan Qutayba yana Paykentga qaytib keladi. Paykentga Ikkinchi qamal bir oy davom etadi, hech qanday muzokaralar haqida gap bo'lmaydi. Hujumni amalga oshirganidan so'ng, barcha himoyachilar istisnosiz o'ldiriladi, shahar talon-taroj qilish uchun topshiriladi.

Oʻldirilishi[tahrir | manbasini tahrirlash]

715-milodiy yilning ikkinchi yarmida xalifa Valid vafot etib, hokimiyat uning ukasi Sulaymon qo‘liga o‘tadi. Tarixchilarning yozishicha, xalifa Sulaymon binni Abdulmalikning yonidagilar Qutaybaga qarshi kishilar edi. Qutayba bu xususda o‘z qo‘shini boshliqlari bilan maslahat qilganda ular sarkardani qo‘llab­-quvvatlamaydilar. Bundan jahli chiqqan Qutayba qo‘mondonlarini qattiq mazammat qiladi. Shunda qo‘mondonlar Qutaybaning chodirini o‘rab oladilar. Qutaybaning yaqinlari xavfni sezib, uni qochishga undaydilar, ammo sarkardaning oti bezovtalanib, egarga minishiga monelik qiladi. Natijada tamimiylar qabilasi boshlig‘i Voqi’ binni Abu Suud va boshqalar Qutayba, uning ukalari va o‘g‘illarini qatl etishadi. Ayrim maʼlumotlarga ko‘ra Qutayba ibn Muslimni o‘ldirish uchun xalifa Sulaymon o‘zi maxsus ko‘rsatma bergan ekan.

Qutayba ibn Muslimning Oʻzbekiston hududiga islom nuri va maʼrifatini olib kirgani yuksak tahsinga sazovor. Biroq sarkardaning bu hududiga kirib kelgan paytda shafqatsiz urushlari, minglab aholini beomon qatl etgani, ayollar va bolalarni asir qilgani, madaniy yodgorliklarni tag-tugi bilan yo‘qotishga uringani ham tarixiy haqiqat.

Arab muarrixi Abu Jaʼfar Tabariyning yozishicha, arablarga jiddiy qarshilik ko‘rsatgan Toxaristonning Tallikon shahrida juda katta qirg‘in yuz bergan. Qutayba ibn Muslim shaharni egallagach, qo‘li qilich tutishga qodir bo‘lgan barcha odamlarni o‘ldirishga buyuradi. Tallikonga olib boruvchi yo‘lning ikki chetidagi daraxtlarga isyonchilarni osib chiqadilar. Tarixiy manbalarda yozilishicha, 4 farsax (24 kilometr) masofadagi yo‘lning ikki tarafidagi yong‘oq daraxtlariga jasadlar osib chiqilgan ekan.

Ushbu tarixchining yozishicha, janglarning birida Qutaybaning huzuriga to‘rt ming asirni olib kelishadi. Taxt ustida o‘tirgan Qutayba asirlarni taxtining to‘rt tarafiga mingtadan joylashtirishni buyuradi, so‘ng o‘z askarlariga asirlarining barini qilichdan o‘tkazishga amr etgan.

Abu Rayhon Beruniy „Osor ul-boqiya“ asarida Xorazmni fath etgan Qutayba qadimgi xorazmiy tilidagi bitiklarning barchasini yig‘ib yoqishni buyurgani, bu tilni biladigan olimlarni qatl etganini yozib qoldirgan.

Tarixchi Tabariyning yozishicha, unga qarshilik ko‘rsatgan mahalliy odamlardan har birining boshi uchun o‘z askarlariga 100 dirhamdan mukofot vaʼda qilgan. Qutayba bir jangda shunday xitob qilgan ekan: "Agar umrimdan uchtagina so‘z aytish imkoni qolganda „uqtuluhu, uqtuluhu, uqtuluhu“ (ularni o‘ldiring, o‘ldiring, o‘ldiring!) degan bo‘lardim".

Qutayba ibn Muslim hayotiga oid bunday raqamlarni yana ko‘plab keltirish mumkin. Fransuz adibi Victor Hugo yozganidek, tarixning chiqindi qutisi bo‘lmaydi. Binobarin, o‘zimizga yoqmagan, ammo rad etib bo‘lmaydigan tarixiy fakt va raqamlarni ham tan olishga majburmiz.

Qutayba ibn Muslim dinimiz ravnaqi uchun juda ko‘p ishlar amalga oshirgan va o‘sha davr vaziyati uni keskin choralar ko‘rishga majbur qilgan.

Tarixchilar u haqida[tahrir | manbasini tahrirlash]

Tarixchi shaxs Muhammad Narshaxiyning yozishicha, Qutayba ibn Muslim ibn Umar ibn Husayn ibn Robiya ibn Xolid ibn Usayd al-Xayr milodiy 661-yilda Shomning Boxiliy degan joyida tavallud topgan. Manbalarga ko‘ra, u intizomli, isteʼdodli, qatʼiyatli va irodasi mustahkam sarkarda bo‘lgan, har qanday ishni maslahat ila amalga oshirgan.

Qutayba ibn Muslimni milodiy 691-yili umaviylar xalifasi Abdurahmon ibn Marvon Xurosonga noib etib yuborgan. Qutayba qoʻl ostidagi hududni shariat asosida boshqarish barobarida, xalifalik yerlarini sharqqa tomon kengaytirishga katta hissa qo‘shgan. 706-yili u Zarafshon vodiysi tomon yurish qilib, Poykentni zabt etadi. 708-yili Marv va Keshni, 709-yili Buxoroni egallaydi. 712-yilda Xorazm va Samarqandga kirib boradi. 713-yilning bahorida esa Toshkent (Shosh)ni egallab, keyin Farg‘ona vodiysi tomon yo‘l oladi. Sarkarda o‘zi zabt etgan hududlarga islom ahkomlarini yoyib, xalqni hidoyatga daʼvat etadi.

U qaysi shaharni zabt etsa, o‘sha yerda masjid, madrasa va minoralar qurdirgan. Movarounnahrdagi ilk masjid ham uning boshchiligida, Buxoro shahrida 712-yilda qurilgan. Bugungi kungacha yetib kelgan Samarqanddagi Hazrati Xizr masjidi ham aynan uning ko‘rsatmasiga binoan barpo etilgan.

Ismoil Haqqiy oʻzining „Tafsir ul-rux ul-bayon“ kitobida yozishicha, "Qutayba ibn Muslim hazratlari Jayhun qirg‘oniga kelganida o‘z askarlariga qarata: „Ey birodarlar! Qalbingizda zarracha dunyo havasi bo‘lsa, shu qirg‘oqda qoling, niyatingiz Allohning roziligi va uning dinini yetkazish bo‘lsa, menga ergashing“, — deya xitob qilgan. So‘ng qo‘lini duoga ochib, parvardigorga yuzlangan: „Yo Robbim! O‘zing guvohsan, bizlarning qalbimizda zarracha dunyo umidi bo‘lsa, shu daryoda cho‘ktirgin, qalbimizda faqat sening diningni insonlarga yetkazish bo‘lsa, bizlarga shu daryodan najot bergin“. U shunday deya daryoga ot solgan va butun askarlari bilan narigi qirg‘oqqa sog‘-salomat chiqqan.

Xabarlarga ko‘ra, Qutayba Samarqandni egallaganidan keyin shahar maʼmurlaridan biri boʻlgan sarkarda bu shaharga shar’iy talablarga zid tarzda kirganini daʼvo qilib, qoziga arz qiladi. Qutaybani ham daʼvogarning yonida turg‘izib qo‘yadilar.

Islomiy harb ahkomlariga ko‘ra Qutayba shahar ahliga yo islomni qabul qilish, yo jizya to‘lash, yo urushni taklif qilishi lozim edi. Qutayba esa shahar ahlini ogohlantirmasdan, qo‘qqisdan hujum qilgan va g‘alaba qozongan edi. Qozi daʼvogarning arzini puxta o‘rganib chiqib, Qutayba ibn Muslim shaharni chindan ham makr-hiyla bilan egallagan deya hukm chiqaradi va sarkardaning bu harakatini qattiq qoralaydi.

Qozining hukmiga ko‘ra, Qutayba musulmonlar shaharni tark etadilar. Taomilga binoan shahar ahliga yuqoridagi shartlar taklif etiladi. G‘olib sarkardaning mag‘lub yurt vakili oldida mahkamada yengilishi tarixda kuzatilmagan edi. Shu hodisaning o‘zidan islomning naqadar haq va adolatli din ekani haqida xulosa chiqargan shahar ahli yoppasiga islomni qabul qilgan ekan.

Qutayba ibn Muslim ko‘p tarixiy kitoblarda g‘ayratli, uddaburon lashkarboshi, adolatli peshvo, xiyonatni sevmagan, maʼrifatga, sheʼriyatga yaqin noziktaʼb inson sifatida gavdalanadi.

Qutayba ibn Muslimni Xurosonga noib qilib tayinlagan xalifa Abdulmalik ibn Marvon o‘z davrida Usmon ibn Affon, Abu Hurayra, Abu Said, Ummu Salama singari ulug‘ zotlarning nasihatlarini eshitgan edi.

Xotira[tahrir | manbasini tahrirlash]

Bugun Oʻzbekiston o‘zining ko‘hna tarixi, beqiyos tabiati, mehmondo‘stligi bilan dunyo ahlini o‘ziga jalb etmoqda. Hududga kelayotgan sayyohlar oqimi tobora ortib bormoqda. O‘z navbatida joylarda sayyohlar uchun zarur shart-sharoitlar yaratish, tarixiy qadamjolarni obod maskanlarga aylantirishga katta eʼtibor berilmoqda.

Shu maʼnoda Jalaquduqdagi Qutayba ibn Muslim maqbarasining qayta tiklanishi musulmon mamlakatlaridan kelayotgan sayyohlar diqqatini o‘ziga tortishi shubhasiz, chunki sarkarda islom tarixida o‘z o‘rniga ega siymolar qatoridan joy olgan.

Film[tahrir | manbasini tahrirlash]

1995-yilda Qutayba ibn Muslim to'g'risida "Ajdodlar chorlovi: So‘g‘diyona” deb nomlanuvchi film suratga olinadi. Filmda Qutayba ibn Muslim roli M. Hamed Benguettaf tomonidan ijro etiladi.

Adabiyotlar[tahrir | manbasini tahrirlash]

  • Narshaxiy, Buxoro tarixi, T., 1966; Beruniy, Qadimgi xalqlardan qolgan yodgorliklar, t. 1, T., 1968; Istoriya at-Tabari, T., 1987.

Qahramon Rajabov.

Manbalar[tahrir | manbasini tahrirlash]

  1. Istoriya at-Tabari. Perevod s arabskogo V. I. Belyaeva, O. G. Bolshakova, A. B. Xalidova Tashkent. Fan. 1987, s. 126—145