Xuroson (tarixiy viloyat)

Vikipediya, ochiq ensiklopediya
Xuroson
Xuroson

Xuroson (forscha: خراسان‎ / Xorâsân) — Eronning shimoli-sharqiy qismida joylashgan tarixiy viloyat. Xuroson atamasi Sosoniylar davlati davrlaridan beri maʼlum.

Joylashuvi va hududlari[tahrir | manbasini tahrirlash]

Xuroson Eronning shimoli-sharqiy va qisman sharqiy qismini egallagan. Eron 31 ta ustondan, ya'ni viloyatdan iborat. 2004-yilgacha Xuroson ustoni Eronning eng yirik ustoni edi, ammo 2004-yilning 29-sentabr kuni ushbu uston 3ga boʻlindi. Hozirda ushbu hududlar 3 ta ustonga qarashli. Bular: Razaviy Xuroson, Shimoliy Xuroson va Janubiy Xuroson ustonlari.

Xuroson tarixiy viloyatiga shuningdek baʼzi tarixchilar va olimlar Afgʻonistonning shimoli-gʻarbiy, qisman shimoliy va gʻarbiy qismlarini, Turkmanistonning janubi-sharqiy va qisman janubiy qismlarini ham kiritishadi. Baʼzi tarixchi va olimlar ushbu hududga baʼzida butun janubiy Oʻrta Osiyoni ham kiritishadi. Agar Xuroson tarixiy viloyatiga janubiy Oʻrta Osiyo hududlari kiritilsa, Buyuk Xuroson deb ataluvchi tarixiy va madaniy viloyat nazarda tutiladi.

Katta shaharlari[tahrir | manbasini tahrirlash]

Xurosonning eng katta shahri — Mashhad. Shahar aholisi 2 million 700 ming kishidan ziyod boʻlib, Eron shaharlari orasida ikkinchi (Tehrondan keyin) oʻrindadir.

Parfiya podsholigining markazi (miloddan avval 250 — milodiy 224). Xuroson nomi sosoniylar davridan maʼlum. Xuroson 3-asrdan 18-asr oʻrtalarigacha hozirgi Eronning shimoliy-sharqiy qismi, Marv vohasi, hozirgi Turkmanistonning janubiy qismi va Afgʻonistonning shimoliy va shimoliy-gʻarbini oʻz ichiga olgan. Mashhad, Nishopur, Marv, Balx, Hirot, Tuye, Saraxs, Obivard, Niso, Sabzavor Xurosonning muhim shaharlari boʻlgan. VII asr oʻrtalarida uni arablar egallagan. Arab xalifaligi tanazzulga uchragach, Xuroson Tohiriylar, Safforiylar, Somoniylar, Gʻaznaviylar, Saljuqiylar, Xorazmshohlar, Hulokuiylar, Safaviylar tarkibiga kirgan (9 — 14-asrlar). 8-asrdan 13-asrning 20-yillarigacha Xuroson Yaqin va Oʻrta Sharqda iqtisodiy jihatdan eng rivojlangan hududlardan biri boʻlgan. U qoʻshni davlatlarga qishloq xoʻjaligi mahsulotlari, mevalar, ipak, jun, moʻyna chiqargan. Shuningdek, Xurosonda kumush, qoʻrgʻoshin, mis va temir rudalari, oltin, oltingugurt, toʻtiyo, margimush, marmar, malaxit va boshqa qazib chiqarilgan, toʻqimachilik avj olgan. 1220 va 1223-yillarda Xurosonga moʻgʻullar hujum qilib vayron etgan; aholisining koʻpchiligi qirib tashlangan. Shundan keyin Xuroson avvalgi mavqeiga chiqa olmagan. XIV asr oxirida Amir Temur Xurosonni istilo qilgan, 1510 —1736-yillar Safaviylar davlatlariga tobe boʻlgan. Keyinchalik Xurosonning bir qismi (Hirot viloyati va Balx) Afgonistonga, bir qismi Eronga qoʻshilgan.