Oʻzfan
Oʻzfan (rus. Uzbekskiy filial Akademii nauk SSSR soʻzlaridan), SSSR Fanlar akademiyasining Oʻzbekiston filiali — 1940—43 yillarda Oʻzbekistondagi ilmiy tekshirish markazi. 1940-yil 9-yanvarda Fan komiteti negizida tashkil etilgan. Tarkibiga dastlab geol., tarix, til va adabiyot, suv xoʻjaligi muammolari, botanika, kimyo ilmiy tekshirish institutlari, tuproqshunoslik, zool., fizikamat. fanlari sektorlari, Toshkent Astronomiya rasadxonasi va uning huzuridagi Kitob kenglik st-yasi, iqtisodiy tadqiqotlar hamda xaritagrafiya byurolari kirgan. Asosiy vazifasi respublikada fanning turli sohalarini taraqqiy ettirishdan iborat boʻlgan. Tashkil etilgan yili Oʻzbekistonda 70 ga yaqin ilmiy tashkilot boʻlib, ularga rahbarlik qilish OʻzFAN zimmasiga yuklatilgan. Ikkinchi jahon urushi yillari Oʻ. ilmiy tadqiqot muassasalari faoliyatini respublika tabiiy boyliklari va resurslarini qidirib topish va ulardan mudofaa maqsadlarida foydalanishga qaratdi hamda respublikada ogʻir sanoat va qishloq xoʻjaligini rivojlantirish vazifalarini hal etishda yetakchi rol oʻynadi. Natijada Oʻzbekistonda Fanlar akademiyasining ochilishi uchun yetarli darajada ilmiy va ilmiy texnika bazasi vujudga keldi. 1943-yil Oʻ. negizida Oʻzbekiston Fanlar akademiyasi tashkil etildi (qarang Oʻzbekiston Respublikasi Fanlar Akademiyasi).
Ushbu maqolada Oʻzbekiston milliy ensiklopediyasi (2000-2005) maʼlumotlaridan foydalanilgan. |
Bu andozani aniqrogʻiga almashtirish kerak. |