Xonbozi

Vikipediya, ochiq ensiklopediya

XVIII asr boshlaridan to 1770-yilgacha, yaʼni qo‘ng‘irotlar sulolasi vakillari hokimiyat tepasiga kelgunga qadar Xiva xonligida siyosiy beqarorlik hukm surgan davr bo‘lib, adabiyotlarda uning dastlabki 30 yildan ortiqrog‘i „tumanli“ — mavhum davr, keyingi 40 yilga yaqini esa „xonbozi“ — xon bo‘lish o‘yini yoki taxt o‘yini sifatida tilga olinadi. Ushbu davrda Xiva xonligi boshqa O‘rta Osiyo xonliklari singari chuqur siyosiy inqiroz davriga kirib, bir tomondan xon hukumati va qabila rahbarlari o‘rtasida, ikkinchi tomondan ko‘chmanchi va o‘troq aholi o‘rtasida uzluksiz ichki urushlarni, shuningdek qo‘shni davlatlar bilan qonli to‘qnashuvlarni keltirib chiqardi. Ushbu holatdan qo‘shni mamlakatlar hisoblangan — Eron bilan Rossiya foydalanib qolishga harakat qildi.

Manbashunosligi va tarixshunosligi[tahrir | manbasini tahrirlash]

Xiva xonligi tarixi uzoq yillar mobaynida O‘zbekiston davlatchiligi tarixining eng kam yoritilgan hamda „oq va qora dog‘lar“ bilan qoplangan qismi bo‘lib qoldi. Albatta, buning o‘ziga xos obektiv va subektiv sabablari bor edi. Shu bilan birga, sovet davri tarixshunosligida hosil bo‘lgan ayrim qarashlar ham Xiva xonligi tarixining O‘zbekiston davlatchiligidagi eng kam o‘rganilgan qismlaridan biri bo‘lib qolishiga olib kelgan.

Eronshunos olim B.Mannonov ham o‘z maqolasida solnomalardagi maʼlumotlarning qisqaligi, voqealarning batafsil bayon etilmaganligi, juda ko‘p manbalarning ishlanmaganligi tufayli xonlikning maʼlum bir tarixini tadqiq qilishda mavjud bo‘lgan muammo va kamchiliklar to‘g‘risida fikr bildirgani bejiz emas.

Ushbu davr Xiva xonligi tarixida kechgan siyosiy jarayonlarni o‘rganish hamda uning manbashunosligi va tarixshunosligi masalasi muhim ahamiyat kasb etadi. Shu o‘rinda taʼkidlash joizki, xonlik tarixini o‘rganishga birinchi navbatda mahalliy tarixchilar jiddiy eʼtibor qaratishgan. Ular orasida Xivada yashagan va xonlikda amalga oshirilgan iqtisodiy, ijtimoiy, siyosiy jarayonlarning shaxsan guvohi bo‘lgan Shermuhammad Munis va Muhammad Rizo Ogahiy ("Firdavs ul-iqbol"), Muhammmad Yusuf Abdulkarimbek o‘g‘li Bayoniy ("Shajarayi Xorazmshohiy"), Sayyid Homid to‘ra Komyob („Tavorix ul-xavonin“) kabilarning ilmiy merosi muhim o‘rin egallaydi.

Xiva xonligi tarixini o‘rganish va yoritishga rus hamda ingliz tadqiqotchilari ham katta hissa qo‘shganlar. Ular orasida N.I.Veselovskiy, M.A.Annonepesov, Yu.Bregel, J.Xenvey, W.William, H.Holzwarth, P.I.Richkov, E.K.Betger, A.A.Andreev, A.I.Maksheev, D.Golosov, S.V.Jukovskiy, A.Popov, N.Zalesov, V.V.Velyaminov-Zernov va boshqalarning ijodiy faoliyati muhim ahamiyat kasb etadi.

Mustaqillik sharoitida o‘zbek tarixchilari chorizm va sho‘rolar davridagi tushuncha hamda tasavvurlarni qayta tahlil etib chiqdilar. Ushbu o‘rinda M.Matniyozov, M.Matkarimov, A.Abdurasulov, N.Polvonov, K.Xudoyberganov, O.Qo‘shjonov monografiyalari, G.Ismoilova, M.Madaminov, M.Mamajonov, O.Masaliyeva, O.Mutalov, M.Qayumov, N.Polvonov, M.Matyoqubova, Yu.M.Rahmonova , Yu.M.Rahmonova, Yu.M.Rahmonovalarning dissertatsiyalari va avtoreferatlarini tilga olish o‘rinlidir.

Ichki iqtisodiy, ijtimoiy, siyosiy hayoti[tahrir | manbasini tahrirlash]

Xiva xonligida Abulg‘ozixon va Anushaxon davrida shakllangan boshqaruv tizimi maʼmuriy va ijtimoiy jihatdan yetarli darajada mustahkam emas edi, bundan tashqari bu jarayon keyinchalik qabila yetakchilarining qo‘lida siyosiy hamda iqtisodiy resurslarni to‘planishiga olib keldi. O‘z qo‘llarida tobora kamroq maʼmuriy, harbiy va iqtisodiy boshqaruvni saqlab qolgan xonlar o‘zlarining qonuniy vakolatlari evaziga biron-bir amirni qo‘llab-quvvatlashga majbur bo‘lgan. Natijada, Anushaxon hukmronligining oxirida biz boshqacha siyosiy maydon yuzaga kelganini ko‘ramiz, yaʼni endilikda mamlakat boshqaruvida asosiy shaxs hukmron doira vakili emas, balki u yoki bu qabila boshliqlari edi[1].

Abulgʻozixon portreti Xiva muzeyidan

Abulg‘ozixon davrida boshlangan va uning o‘rnini egallagan Anushaxonning hukmronlik yillarida davom ettirilgan islohotlar xonlikning ichki siyosiy tuzilishini o‘zgartirish va mavjud ijtimoiy-iqtisodiy muammolarni hal qilish borasida olib borilgan birinchi keng ko‘lamli urinish bo‘ldi. Amalga oshirilgan chora-tadbirlar mamlakatdan chiqib ketgan o‘zbek urug‘larini qaytarish va ularning mavqeyini ko‘tarish uchun muhim ahamiyatga ega bo‘lgan. Ushbu islohot nafaqat qabilalar o‘rtasidagi kurashlarga barham berish, balki ko‘chmanchi va yarim ko‘chmanchi qabilalarning o‘troqlashish jarayonini kuchaytirish maqsadini ham ko‘zda tugan edi[2][2]. Shuni alohida taʼkidlash kerakki, ushbu o‘zgarishlar faqat qisqa vaqt ichidagi muammolarni hal qilishga imkon berdi. Keyingi davrlarda esa yaratilgan bu tizim xonlikdagi yuz yil davom etgan siyosiy va ijtimoiy-iqtisodiy inqirozni qamrab olgan qarama-qarshiliklarni keltirib chiqardi.

Bu davrdagi siyosiy jarayonlarning borishi, jamiyatdagi ijtimoiy-iqtisodiy ziddiyatlarning kuchayishi bilan birga sodir bo‘ldi. Dashti Qipchoq, turkman, qoraqalpoq qabilalarining ko‘chmanchi aholisi ekin maydonlarining yetishmasligi sharoitida o‘troq dehqonchilik turmush-tarziga o‘tishi aholining turli guruhlari o‘rtasida iqtisodiy manfaatlar to‘qnashuvini muqarrar qilib qo‘ydi: bir tomondan, ko‘chmanchi aholining turli qatlamlari o‘rtasida, ikkinchidan ko‘chmanchi va o‘troq aholi o‘rtasida. Ushbu ziddiyatlar kelib chiqishining asosiy sababi yer va suv resurslariga egalik qilish edi.

Xiva xonligida nisbatan siyosiy barqarorlik Aminakning so‘nggi avlodlari Abulg‘ozixon va Anushaxonlar davrida saqlanib qolgan bo‘lsa, XVII asrning oxiri va XVIII asr boshlari, alohida qabilalar guruhlar o‘rtasidagi hokimiyat uchun siyosiy kurashlar davri bo‘ldi[3].

Shunisi eʼtiborliki, Anushaxonning hukmronligi haqida Munisning fikricha, u nufuzli hukmdor bo‘lganiga qaramay, davlat boshqaruvini eʼtiborli amir Umboy inoq qo‘liga topshirgan edi. Umboy inoq qatʼiy siyosat yuritgan bo‘lib, u davlat ishlarida tartib o‘rnatgan va farmonlar chiqargan[4].

Tadqiqotchi Vilyam Vudning fikriga ko‘ra, XVIII asrda mintaqadagi barcha o‘zbek xonliklarida uzoq yillar davom etgan ichki siyosiy tuzum va parokandalik tufayli hokimiyat Xiva va Buxoro xonliklaridagi hukmron doira vakillarini tez-tez almashtirgan qabila yo‘lboshchilari qo‘liga o‘tdi[5].

Bu borada Anushaxon vafotidan keyingi 30 yilga, 1689-1715-yillarga, Yuri Bregel tomonidan to‘g‘ri taʼrif berilgan bo‘lib, „Ehtimol, Xorazm so‘nggi tarixining eng tumanli davri“ bo‘lib, bu davrda „11 yoki 13 ta xon almashgan, ularning ikki yoki uchtasi Anushaxonning o‘g‘illari, ikki yoki uchtasi o‘zlarini kelib chiqishini boshqa arabshohiylarga bog‘laganlar, qolganlarining kelib chiqishi haqida esa aniq maʼlumotlar yo‘q bo‘lib, ularning orasida qalloblari ham bo‘lganligi istisno emas[6].

Ushbu davrda markaziy hokimiyatning zaiflashuvidan foydalanib Xorazm vohasining shimolida, Amudaryoning quyi oqimida joylashgan markazi Qo‘ng‘irot shahri bo‘lgan Orol mustaqil bo‘lib oladi.

1687-yilda saroy aʼyonlari uyushtirgan fitnaning qurboni bo‘lgan Anushaxon o‘rniga taxtga o‘g‘li Xudoydod (1687-1688) o‘tkazildi. Yangi xonning hukmronlik davri uzoq bo‘lmadi. Siyosatda bilimdon va xalqqa adolatli xon sifatida obro‘ orttira boshlagan Xudoydodni inisi Arangxon shahid etdi. Arangxon (1688-1695) davrida Xivada amaldor Muhammad Rizo Xo‘jamberdibiyning mavqeyi katta bo‘lib, uning mablag‘i evaziga madrasa bino qilindi. Ammo xonning noto‘g‘ri siyosati oqibatida yurtda ichki nizolar kuchayib, aholining hayoti og‘irlashib bordi[7].

Xiva xonligining nisbatan siyosiy birligi Aminakning avlodlari hukmronligi tugashi bilan tugadi. Ularning oxirgisi Anushaxonning o‘g‘li Arangxon edi. Shunday qilib, yuzaga kelgan ushbu tizimning o‘ziga xos xususiyati uzoq davom etgan siyosiy inqirozlar davriga olib keldi. Bu bir tomondan hukmron doiralarni hokimiyat uchun kurashlari, ikkinchi tomondan ularni qo‘llab-quvvatlagan qabila yo‘lboshchilari vakillarining pozitsiyalarini sezilarli darjada kuchayishi natijasida yuzaga keldi, dastlab ular u yoki bu taxtga daʼvogarlarni qo‘llab-quvvatlagan bo‘lsa, keyinchalik siyosiy va iqtisodiy hokimiyat ularning qo‘liga o‘tgandan so‘ng, taxtga vorislik tartibini mustaqil ravishda belgilagan[8].

1695-yilda Amir Sayyid inoqning o‘g‘li Odina Muhammad boshliq qo‘ng‘irot o‘zbeklari xonga bo‘ysunmay qo‘ydilar. Ular o‘zbeklarning mang‘it, qang‘li, qipchoq, Xo‘jayli urug‘laridan to‘plagan askar va Darg‘onota turkmanlari yordamida  Xivani egalladilar. Arangxon o‘ldirilib, taxtga Xojimxon naslidan bo‘lgan Jo‘jixonni (1695-1698) o‘tkazdilar. Keyingi 15 yilda Xiva xonligi taxtida 10 ga yaqin hukmdorlar almashdi, Valixon (1698-1699), Shohniyozxon (1699-1702), Shobaxtxon (1702-1703), Sayyid Alixon (1703-1705), Musoxon (1705-1706), Yodgorxon (1706-1713) va boshqalar. Siyosiy barqarorlikning yo‘qligi va xalq ahvolining og‘irlashib borayotganligi noroziliklarni haddan tashqari kuchaytirib yubordi[9].   

Keyingi davrlarda, jumladan, Sulton g‘ozining avlodi bo‘lgan — Sherg‘ozixon (1714-1726) hukmronlik yillarida qabila zodagonlarining ayrim vakillari bilan kurash olib borishga majbur bo‘lgan. Ulardan biri mang‘it qabilasining vakili Sherdolibiy bo‘lib, u Orolda Sulton Shoh Temurni hokimiyat tepasiga kelishida qo‘llab-quvvatlaydi. XVIII asrning birinchi yarmida Xiva xonligida kechgan beqaror ichki siyosiy vaziyat Xorazm hududiga qo‘shni bo‘lgan davlatlarni unga qarshi faol siyosiy harakatlar boshlashiga imkon berdi. Jumladan, 1715-1717-yillardagi Aleksandr Bekovich Cherkasskiy tomonidan uyushtirilgan harbiy ekspeditsiya va Eron hukmdori Nodirshoh Afshoriy tomonidan Xiva xonligini bosib olinishini bunga misol qilib keltirsak bo‘ladi[10].

Munisning yozishicha, Xorazmda siyosiy beqarorlik shu darajaga borib yetdiki, Sherg‘ozixondan so‘ng qozoq xoni Abulxayrxonni inisi Sorig‘ Ayg‘ir juma kuni taxtga ko‘tarilgan bo‘lsa, shu kunni o‘zida juma namoziga borayotganda otidan yiqilib o‘ladi. Undan keyin taxtga o‘tirgan Bahodirxon ham Abulxayrxoning inisi bo‘lib, hokimiyatni 6 oy qo‘lda tutib tura oldi[11]. Shuni alohida taʼkidlash kerakki, ularni taxtda qancha vaqt turishi amalda hokimiyatni qo‘lga olgan u yoki bu siyosiy guruhlarning xohishi bilan amalga oshganligini taxmin qilishimiz mumkin.

O‘rta asrlarda davlatning siyosiy maqomi bevosita hukmdorning shaxsiy qobiliyatiga bog‘liq bo‘lganligini qayd etgan A.A. Andreev mamlakatdagi ichki kurashlar kezi kelganda Sherg‘ozixondek kuchli liderni ham tang ahvolga solib qo‘yganligini taʼkidalab o‘tadi. XVIII asr boshlaridagi umumiy holatga baho bergan ushbu muallif, davlat boshqaruvining maʼlum darajada zaifligiga qaramay, Xiva xonligi Nodirshohning yurishiga qadar O‘rta Osiyodagi taʼsiri jihatidan Buxoro xonligi bilan raqobatlasha olar edi deb xulosa beradi[12].

Xiva xonligi hukmdorlari roʻyxati[tahrir | manbasini tahrirlash]

Xonlar Yashagan yillari Hukmronlik yillari
1 Elbars 1456-1518 1511-1518
2 Sulton Xojixon ?-1519 1518-1519
3 Xasanqulixon ?-1519 1519
4 Sufiyonxon ?-1522 1519-1522
5 Budjugaxon ?-1526 1522-1526
6 Avaneshxon ?-1538 1526-1538
7 Kalxon ?-1547 1541-1547
8 Akatayxon ?-1557 1547-1557
9 Doʻstxon ?-1558 1557-1558
10 Xoji Muhammadxon 1519-1603 1558-1603
11 Arab Muhammadxon ?-1621 1603-1621
12 Habash Sulton ?-? 1621-?
13 Elbars Sulton ?-? ?-1623
14 Isfandiyorxon ?-1643 1623-1643
15 Abulgʻozixon 1603-1664 1643-1663
16 Anushaxon ?-1686 1663-1686
17 Xudoydodxon ?-1689 1686-1689
18 Arangxon ?-1694 1689-1694
19 Joʻjixon ?-1697 1694-1697
20 Valixon ?-1699 1697-1698
21 Shohniyozxon ?-1702 1698-1702
22 Shohbaxtxon ?-1703 1702-1703
23 Said Alixon ?-1703 1703
24 Musoxon ?-1704 1703-1704
25 Yodgorxon ?-1714 1704-1714
26 Shergʻozixon ?-1728 1714-1728
27 Elbarsxon II ?-? 1728-1740
28 Abulgʻozixon II ?-? 1742-1745
29 Abulgʻozixon III ?-? 1767-1768
30 Muhammad Amin 1730-1790 1763-1790

Manbalar[tahrir | manbasini tahrirlash]

  1. Alimova D.A. Xorezm v istorii gosudarstvennosti Uzbekistana. 2013. S. 158-159.
  2. Fayziev A.F. Mukminova R.G.  Xorezm v nachale XVI — pervoy polovine XIX v. / Istoriya Uzbekistana. — T. 1993. S. 258-259.
  3. Alimova D.A. Xorezm v istorii gosudarstvennosti Uzbekistana. 2013 °C. 159.
  4. Shir Muhammad Mirab Munis and Muhammad Riza Mirab Agahi. Firdaws al-iqbal: History of Khorezm. Translated from Chaghatay and Annotated by Yuri Bregel. Boston. Koln: Brill, 1999. P. 47
  5. Wood William. The Sariq Turkmens of Merv and tha Khanate of Khiva in the Early Nineteenth Century. Ph. D. Indiana University. P. 11.
  6. Yuri Bregel. The New Usbek States. Bukhara, Khiva and Khoqand: C. 1750-1886. In: The Cambridge History of Inner Asia. The Chinggisid Age. Edited by Nicolla Di Cosmo, Alien J. Frank and Peter B. Golden. Cambridge: Cambridge University Press, 2009. P. 392.
  7. Sheripov U.A. Xiva xonligi tarixi (1511-1920 yy.). Urganch. 2009. 47-b.
  8. Alimova D.A. Xorezm v istorii gosudarstvennosti Uzbekistana. -T.: „Oʻzbekiston faylasuflari milliy jamiyati“. S. 159.
  9. Sheripov U.A. Xiva xonligi tarixi. 47-b.
  10. Alimova D.A. Xorezm v istorii gosudarstvennosti Uzbekistana. -T.: „Oʻzbekiston faylasuflari milliy jamiyati“. S. 160-161.
  11. Munis va Ogahiy. Firdavs ul-iqbol. -T.: „Yangi asr avlodi“. 2010. 101-b.
  12. Andreev A.A. Xivinskoe xanstvo v nachale XVIII veka ili istoriya odnoy nesostoyavsheysya provinsii // Stolitsa i provinsiya. Materiali IV mejdunarodnogo kongressa petrvskix gorodov. -SPb.: Yevropeyskiy dom. 2013. S. 27.

Shuningdek qarang[tahrir | manbasini tahrirlash]

• Матниёзов М. Хива хонлигида яшаган халқлар ва уларнинг хонлик ижтимоий–сиёсий ҳаётида тутган ўрни ва роли (XIX аср —  XX аср бошлари). 2–нашри. —  Урганч, 2004. 23-б.

• Абдурасулов А. Борьба с внешней экспансий в Хивинском Ханстве в первой половине XVIII века // O‘zbekiston tarixi. 2002. №2. С. 7-9.

• Попов А. Сношение России с Хивой и Бухарою при Петре Великом. СПб., 1893 // Туркестанский сборник. –Т. 77. С. 388.

• Веселовский Н.И. Прием в России и отпуск Среднеазиатских послов в XVII-XVIII столетие. СПб. 1877. С. 25.

• Жуковский С.В. Сношение России с Бухарой и Хивой за последнее трехсотлетие. – Петроград, 1915. С. 45-47.

• Ғуломов Х. Россия ва Хива элчилик миссиялари // “Тафаккур”. –Т. 2006. №1. 113-б.

• Мухаммад Казим. Наме-йи аламара-йи Надири. –Ашхабад. 1980. С. 85.

• Худоёрхонзода. Анжум ат-таворих (тарихлар юлдузлари) / Форс-тожик тилидан таржимон Ш. Воҳидов. Масъул муҳаррир. Ҳ. Бобобеков. –Т. 2010. 85-б.

Havolalar[tahrir | manbasini tahrirlash]

http://xorazmiy.uz/oz/pages/view/171?#