Komyob

Vikipediya, ochiq ensiklopediya

Komyob (taxallusi; asl ism-sharifi Sayyid Homid ibn Sayyid Muhammad) (1862.2.9 — Xiva — 1922) — shoir, tarixchi. Otadan yosh yetim qolib, Feroʻz tarbiyasida oʻsgan. Xivadagi madrasada tahsil koʻrgan. K. yoshligidan oʻzbek va fors tillarida sheʼrlar yozgan. Keyinchalik Navoiy, Jomiy, Munis, Ogahiy, Feroʻz, Miskin kabi shoirlarning sheʼrlariga taxmislar bogʻlagan, oʻzi ham koʻplab gʻazal, muhammas, musaddas, murabbaʼ, mustazod, chistonlar yozib, zamonasining taniqli shoiri darajasiga koʻtarilgan. K.ning 2 qismdan iborat sheʼriy devoni bizgacha yetib kelgan ("Tumor ul-oshiqin", "Anis ul-oshiqin"). Mazkur devonda 3 mingdan ziyod misrani tashqil etgan sheʼrlar toʻplangan. Ularda vatanga muhabbat, in-soniy komillik, hayotni sevish gʻoyalari tarannum etilgan.

K.ning "Tarix ul-havonin" ("Xonlar tarixi"), "Muntaxab ul-vaqoye" ("Voqealar toʻplami") nasriy hamda "Xorazm mamolikinda falak hodisasidin voqea ajoyibi zuhur marhalasigʻa kelgonining zikri" nomli esdalik asari ham bor. "Tarix ul-havonin"da Xivaning birinchi xoni yashagan davrdan rus bosqinigacha boʻlgan davr qalamga olingan. "Muntaxab ul-vaqoye"da xonlikdagi madaniy, ijtimoiy-siyosiy, tarixiy, adabiy jarayon toʻgʻrisidagi muhim voqealar, esdaliklarida esa 19-asr oxirida roʻy bergan tabiat hodisalari, turli xil gʻaroyib voqealar jamlangan.

K.ning lirik devonining 4 qoʻlyozma nusxasi, "Tarix ul-havonin", "Muntaxab ul-vaqoye" asarlari va esdalik asari Oʻzbekiston Fanlar akademiyasi Sharqshunoslik instituti fondida (inv. №2627, №3730/ IV, №1257, №1005, №7717, №853/ 111, №3730/1, №3730/111), lirik devonining yana bir nusxasi Rossiya Fanlar akademiyasining Moskvadagi Sharqshunoslik instituti fondida (inv. №2324, №1513) saqlanadi.

Adabiyot[tahrir | manbasini tahrirlash]

  • D avl atyor Rahim, Shihnazar Matrasul, Feroʻz — shoh va shoir qismati, T., 1991.[1]

Manbalar[tahrir | manbasini tahrirlash]

  1. OʻzME. Birinchi jild. Toshkent, 2000-yil