Vanuatu

Vikipediya, ochiq ensiklopediya
Jump to navigation Jump to search
Vanuatu Respublikasi
Ripablik blong Vanuatu
République du Vanuatu
Vanuatu davlat bayrogʻi   Vanuatu davlat gerbi
Bayroq Gerb
Shior: Long God yumi stanap
Kelinglar Xudo oldida qatʼiy turamiz
Madhiya: Yumi, Yumi, Yumi
(We, We, We)
Vanuatu Xaritasi
Poytaxt Port-Vila
Rasmiy til(lar) Bislamacha
Fransuzcha
Inglizcha
Hukumat Parlamentlik Respublika
 • Prezident Iolu Johnson Abil
 • Bosh Vazir Sato Kilman
Mustaqillik   Fransiya va Birlashgan Qirolligidan
 • Sana 30 iyul 1980
Maydon  
 • Butun 12,200 km² (162-)
 • Suv (%) ahamiyatsiz
Aholi  
 • 2002 roʻyxat 205,754 (185- oʻrin)
 • Zichlik 16/km²
YaIM (XQT) 2005- yil roʻyxati
 • Butun AQSh$580 mil. (204-)
 • Jon boshiga AQSh$2,819
Pul birligi Vatu (VUV)
Vaqt Mintaqasi (UTC+11)
 • Yoz (DST) (UTC+11)
Qisqartma NH
Internet domen .vu
Telefon prefiksi +678

Vanuatu, Vanuatu Respublikasi (Ripablik blong Vanuatu) — Tinch okeanning janubi-gʻarbiy qismida joylashgan Yangi Gebrid orollari (80 oroldan iborat)dagi davlat. Bu orollarning eng yiriklari Espiritu-Santo, Ambrim, Malekula, Maevo, Efate. Maydon 12 190 km2. Aholisi 189,6 ming kishi (1990-yillar oxiri). Poytaxti — Port-Vila shahri. Maʼmuriy jihatdan 6 provinsiyaga boʻlingan.

Davlat tuzumi[tahrir]

Vanuatu Respublikasi Buyuk Britaniya boshchiligidagi Hamdoʻstlikka kiradi. Amaldagi konstitutsiya 1980 i. 30 iyulda qabul qilingan. Davlat boshligi — prezident. U parlament tomonidan 5 yil muddatga saylanadi. Qonun chiqaruvchi hokimiyatni bir palatali parlament amalga oshiradi. Parlament aʼzolari aholi tomonidan 4 yil muddatga saylanadi. Ijrochi hokimiyatni bosh vazir boshchiligidagi hukumat amalga oshiradi.

Tabiati[tahrir]

Orollar yer yuzasi vulkan jinslaridan tuzilgan togʻlik (eng baland nuqtasi 1810 m). 60 ga yaqin vulkandan 10 tasi harakatda. Orollardagi togʻlar orasida tekis yerlarda dehqonchilik qilinadi. Koʻpgina issiq buloqlar mavjud. Oltingugurt, marganes konlari bor. Iklimi — nam, tropik. Oʻrtacha oylik tempaturasi 20—27°. Yiliga 1000 mm gacha yogʻin yogʻadi. Sershamol sharqiy qiyaliklarda tropik oʻrmonlar, gʻarbda Irak oʻrmon.

Aholisi[tahrir]

Aholisi asosan melanezlar (95% ga yaqini). Inglizlar, mikronezlar, polinezlar, fransuzlar va b. ham yashaydi. Shaharlarda 18,4% aholi istiqomat qiladi. Rasmiy tili — ingliz va fransuz tillari; davlat tili — bislama tili. Dindorlarning aksariyati — xristianlar (aholining 90% i). Yirik shaharlari — Port-Vila, Luganvil.

Tarixi[tahrir]

Vanuatuda bir necha ming yillardan beri odamlar yashaydi. taxminan 4 ming yil avval Yangi Gebrid arxipelagining shimoliy va markaziy orollariga koʻchib kelgan kishilar shu yerda oʻrnashib qoldi. Orollar portugaliyaliklar tomonidan 1606 yilda kashf etilgan. 1774 yilda orollar ingliz sayyohi J. Kuk tomonidan tadqiq etilgan va Yevropadagi Gebrid orollariga oʻxshashligi uchun Yangi Gebrid deb atalgan. 1906 yildan Buyuk Britaniya bilan Fransiyaning mushtarak mustamlakasi boʻlgan. Mahalliy aholining koʻp yillik ozodlik kurashi natijasida Vanuatu 1980 yil 30 iyulda mustaqil deb eʼlon qilindi. Vanuatu—1981 yildan BMT aʼzosi. Milliy bayrami —30 iyul — Mustaqillik kuni (1980).

Siyosiy partiyalari va kasaba uyushmalari. Vanuatu leyboristlar partiyasi, 1986 yil tashkil etilgan; Vanuaku partiyasi, 1971 yil tuzilgan; Milliy demokratik partiya, 1986 yilda asos solingan; Melaneziya taraqqiyparvar partiyasi, 1988 yilda tuzilgan; Xalq demokratik partiyasi, 1994 yilda asos solingan; Milliy birlashgan partiya, 1991 yilda tashkil etilgan; Yangi xalq partiyasi, 1986 yilda tuzilgan; Moʻʼtadil partiyalar ittifoqi, 1980 yilda tuzilgan. Vanuatu kasaba uyushmalari kengashi, 5 tarmoq kasaba uyushmalarini birlashtiradi.

Xoʻjaligi[tahrir]

Iqtisodiyotining asosi — qishloq xoʻjaligi Mehnatga qobiliyatli aholining 70% qishloq xoʻjaligi bilan band. Kokos palmasi, yams, kakao, shakarqamish, kofe, paxta ekiladi. Qoramol, qoʻy, echki, parranda bokiladi, baliqovlanadi. 1995 yil yalpi ichki mahsulotda sanoat ulushi 13% ni tashkil etdi. Unda mehnatga qobiliyatli aholining 3,5% band boʻldi. Qimmatbaho yogʻoch tayyorlanadi. Marganes qazib olinadi (Efate orolda). Shuningdek, neft, oltin, mis zahiralari bor. Qishloq xoʻjaligi mahsulotlarini qayta ishlovchi, toʻqimachilik mahsulotlari, qurilish materiallari ishlab chiqaruvchi korxonalar bor. 80-yillarning oxiridan qurilish avjoldi. Sayyohlik rivojlangan; yiliga oʻrtacha 45 mingga yaqin sayyoh kelib ketadi. Vanuatuda temir yoʻl yoʻq. Avtomobil yoʻllari uz.—1,1 ming km. Asosiy dengiz porti va xalqaro aeroporti Port-Vila shahri. Shuningdek, Luganvil, Palikoulo va Santu dengiz portlari ham bor. Vanuatu chetga kopra, marganes rudasi, baliq, goʻsht, kofe, kakao, yogʻoch chiqaradi. Chetdan oziq-ovqat mahsulotlari, ichimliklar, tamaki, kimyoviy mahsulotlar, dastgoh va transport jihozlari oladi. Tashqi savdodagi mijozlari — Yaponiya, Avstraliya, Yangi Zelandiya, Fransiya, Yangi Kaledoniya, Fiji, Niderlandiya. Pul birligi — vatu.

Madaniyati[tahrir]

Vanuatuda "Vanuatu uikli" (ingliz, fransuz va bislama tillarida, 1980 yildan), "Treyding post" ("Savdo pochtasi", ingliz tilida) haftalik gaz.lari chiqadi. 1987 yildan Paknyus mintaqaviy axborot agentligi mavjud. Vanuatuda "Vanuatu teleradioeshittirish korporatsiyasp" faoliyat koʻrsatadi. Vanuatu radiosi 1966 yildan (ingliz, fransuz va bislama tillarida) ishlaydi.

Vanuatu maktablarida taʼlim ingliz va fransuz tillarida olib boriladi. Oʻqish bepul. Boshlangich maktabga bolalar 6 yoshdan qabul qilinadi. 6 yoshdan 11 yoshgacha boʻlgan bolalarning 85% ga yaqini davlat boshlangʻich maktablariga boradi. Bu maktablarning soni 270 dan ortiq. Oʻrta maktablarga bolalar 12 yoshdan qabul qilinadi; unda oʻqish muddati 7 yil Oʻrta maktablarda 4269 oʻquvchi oʻqiydi. Davlat maktablaridan tashqari, xususiy va missionerlik maktablari ham bor. Boshlangʻich maktab oʻqituvchilarini ped. kollejlari tayyorlaydi. 1989 yil mayda Port-Vila sh.da Jan.-Tinch okeani universitetining filiali ochilgan. Port-Vila sh.da shuningdek, Madaniy markaz hamda uning muzeyi va kutubxonasi bor.[1]

Manbalar[tahrir]

  1. OʻzME. Birinchi jild. Toshkent, 2000-yil