Tolib Yo‘ldosh

Vikipediya, ochiq ensiklopediya
Tolib Yo‘ldosh
Tavalludi 1918-yil
Toshkent shahri, Chilonzor mavzesi, Gulbozor mahallasi
Vafoti 2002-yil
Fuqaroligi SSSR bayrogʻi SSSROʻzbekiston bayrogʻi Oʻzbekiston
Taʼlimi Toshkent davlat universiteti (hozirgi OʻzMU), „Til va adabiyot“ fakulteti
Kasbi shoir, yozuvchi
Unvoni Oʻzbekistonda xizmat koʻrsatgan madaniyat xodimi (1989-yil)
Mukofotlari "El-yurt hurmati" ordeni (1998-yil)

Tolib Yoʻldosh (19182002) — Oʻzbekistonda xizmat koʻrsatgan madaniyat xodimi, shoir va yozuvchi.

Hayoti va ijodi[tahrir | manbasini tahrirlash]

Tolib Yoʻldosh 1918-yil Toshkentning Chilonzor mavzesi, Gulbozor mahallasida oddiy mehnatkash oilada dunyoga kelgan. U 40 yoshiga qadar savod chiqarmagan. Keyinchalik taʼlim olishga qaror qilib, kechki kurslarda tahsil oladi[1]. Ammo shoirning „Saylayman“ nomli birinchi she’ri 1937-yilda — 18 yoshida eʼlon qilingan. Birinchi sheʼriy toʻplami „Boʻri bilan chol“ esa 1943-yilda chop etilgan. Shoir oʻz tarjimai holida shunday yozadi: „Shundan beri qirqqa yaqin to‘plam nashr ettirdim, yarmi bolalarga, yarmi kattalar uchun“.

Tolib Yoʻldoshning „Baxtiyorlar qoʻshigʻi“, „Porloq erta“, „Polizda“, „Doʻmboqlar“, „Koptok nega qochadi?“, „Oʻsmirlik oʻylari“, „Oq terakmi, koʻk terak“, „Quyosh bilan suhbat“ kabi yigirmaga yaqin she’riy to‘plamlarida begʻubor yoshlar qalbi, orzu-maqsadlari, intilishlari, quvonch va tashvishlari oʻzining yorqin ifodasini topgan. Shoirning bolalarga bagʻishlangan koʻpchilik sheʼrlari Zafar Diyor, Quddus Muhammadiy, Qudrat Hikmat kabi shoirlarning sheʼrlari kabi sodda, ravon va aniq, badiiy ifodaga ega ekanligi bilan eʼtiborlidir.

Qizigʻi shundaki, shoir koʻp sheʼrlarini topishmoq tarzida bayon etadi. Oqibatda, bolaning diqqat-eʼtibori sheʼrga tortiladi, oʻy-xayolga chorlanadi. Topqirlik, sheʼrning maʼno va mazmunini singdirishga imkon yaratiladi.

Tolib Yoʻldoshning bolalarga bagʻishlangan sheʼriyati orasida ertaklar, ertak-dostonlar ham anchagina. Uning „Ovchi“, „Toʻqlikka shoʻxlik“, „Xumcha bilan nimcha“, „Qoʻrqoq quyon“, „Oʻrmonliklar orzusi“, „Toshmat uchgan“ kabi oʻnlab ertaklari xayoliy-sarguzasht janriga xos uslubda yaratilgan.

U, asosan, kattalar uchun falsafiy maʼnodagi to‘rtliklar va sakkizliklar yozgan. Ular „Oshiq koʻngil“ (1974), „Yetuklik“, „Yillar va oʻylar“ kabi sheʼriy toʻplamlardan joy olgan.

Tolib Yoʻldosh ijodida hajv ham katta oʻrinni egallaydi. Bu mazmundagi asarlari "Mushtum" jurnalining arxivida saqlanib kelinadi. Jumladan, „Ajabsanda“ sheʼriy toʻplami alohida mashhur. Toʻplamga kirgan „Hech kim bilmasin“, „Sayoq“, „Moda“, „Jarohat“, „Bali-bali“, „Xushomad“ kabi oʻnlab asarlar tele va radio miniatyuralarning doimiy hajv qoʻshigʻi boʻlib kelmoqda. U, shuningdek, gʻazalshunos sifatida ham tanilgan[2].

Tolib Yoʻldosh shoir sifatida katta meros qoldirgan ijodkordir. Oʻzbekiston xalq yozuvchisi Asqad Muxtor taʼkidlaganidek: „Tolib Yoʻldosh faqat qalb amri bilan, ichki bir ehtiyoj bilan“ ijod qilib, hurmat qozongan adib sifatida adabiy jarayonda oʻz oʻrniga ega…[3]

Asarlari[tahrir | manbasini tahrirlash]

Sheʼriy toʻplamlar[tahrir | manbasini tahrirlash]

  • „Boʻri bilan chol“ (1943)
  • „Baxtiyorlar qoʻshigʻi“
  • „Porloq erta“
  • „Polizda“
  • „Doʻmboqlar“
  • „Koptok nega qochadi?“
  • „Oʻsmirlik oʻylari“
  • „Quyosh bilan suhbat“
  • „Oshiq koʻngil“ (1974)
  • „Yetuklik“
  • „Yillar va oʻylar“
  • „Ajabsanda“

Ertak-dostonlar[tahrir | manbasini tahrirlash]

  • „Ovchi“
  • „Toʻqlikka shoʻxlik“
  • „Xumcha bilan nimcha“
  • „Qoʻrqoq quyon“
  • „Oʻrmonliklar orzusi“
  • „Toshmat uchgan“

Hajviy asarlar[tahrir | manbasini tahrirlash]

  • „Hech kim bilmasin“
  • „Sayoq“
  • „Moda“
  • „Jarohat“
  • „Bali-bali“
  • „Xushomad“

Manbalar[tahrir | manbasini tahrirlash]

  1. „Tolib Yo‘ldosh“. arboblar.uz. Qaraldi: 13-aprel 2024-yil.
  2. „TOLIB YO‘LDOSH (1919-2002)“. ziyouz. Qaraldi: 13-aprel 2024-yil.
  3. „Abdunabi BOYQO’ZIEV USTOZ SHOIR TOLIB YO’LDOSH HAQIDAGI XOTIRALARDAN“. kh-davron.uz. Qaraldi: 13-aprel 2024-yil.