Sumsarshertogʻ togʻlari

Vikipediya, ochiq ensiklopediya
Sumsarshertogʻ togʻlari
Joylashuvi Qashqadaryo daryo havzasi
Balandligi 2262 metr

Sumsarshertogʻ togʻlari — Qashqadaryo daryo havzasining yuqori qismida joylashgan togʻlar hisoblanadi. Bu togʻlar Zarafshon va Hisro tizmalarini oʻzaro bogʻlab turadi.

Joylashuvi[tahrir | manbasini tahrirlash]

Mazkur hududda Sumsarshertogʻ togʻliklari Zarafshon va Hisor tizmalarini tutashtirib turadi. Shimoliy qismidan Qashqadaryo qaryosining chap irmogʻi Jinnidaryo (uzunligi 57 km), janubiy va janubi-sharq qismidan esa Qashqadaryoning eng sersuv irmogʻi Oqsuv daryolari (uzunligi 62 km) oqib oʻtadi. Togʻlarni bir biridan Qorasuv daryosi (uzunligi 33 km) (Oqsuvning oʻng irmogʻi) ajratib turadi.

Hosil boʻlishi[tahrir | manbasini tahrirlash]

Sumsarshertogʻ togʻliklari gersin togʻ burmalanishi vaqtida paydo boʻlgan. Gersin burmalanishi quyi va oʻrta toshkoʻmir davrlarida oʻta kuchli boʻlgan. Sumsarshertogʻ togʻliklari, Birdak va Sangtor dovonlarida boʻr, paleogen va neogen davriga xos boʻlgan choʻkindi jinslari mavjudligi aniqlangan.

Tuzilishi[tahrir | manbasini tahrirlash]

Sumsarshertogʻ togʻlari kenglik boʻylab choʻzilgan. Eng baland joyi 2262 metrni tashkil etadi. Oʻrtacha balangligi 2000 metrdan kam emas. Tizmalarda Birdak (uzunligi 1647 metr), Sangtor kabi dovonlar mavjud boʻlib, ular Oqsuv, Jinnidaryo va Qashqadaryo vodiylarini bir biri bilan bogʻlaydi.

Tarkibi[tahrir | manbasini tahrirlash]

Tektonik jihatidan antiklinal struktura, silur, devon, boʻr, paleogen davrlari slanets, qumtosh, konglomerat, ohaktosh, gil, gips, diorit, granit, granodiorit togʻ jinslaridan tashkil topgan.

Geografiyasi[tahrir | manbasini tahrirlash]

Sumsarshertogʻ Qashdarayo tabiiy geografik okrugi hududida joylashgan[1].

Iqlimi[tahrir | manbasini tahrirlash]

Iqlimi togʻ iqlimiga hos boʻlib, yozi issiq, quruq va davomli, qishi nisbatan iliq kechadi. Sumsarshertogʻ togʻliklarida iyulning oʻrtacha harorati 20-25°C, yanvarning oʻrtacha harorati esa −5 −7 °C ni tashkil etadi.

Yogʻin miqdori[tahrir | manbasini tahrirlash]

Yillik yogʻin miqdori 600-700 mm atrofida boʻladi. Togʻ yaqinidagi daryo tarmoqlari zich joylashgan. Yogʻin miqdorining yuqoriligi sababi ham Oqsuv va Jinnidaryo suvlari shu togʻ yaqinida toʻlib oqadi.

Tuprogʻi[tahrir | manbasini tahrirlash]

Toʻq boʻz, togʻ jigarrang, togʻ oʻtloq tuproqlar, baland togʻ oʻsimliklari, efemerlar, bugʻdoyiq, betaga, togʻ arpa oʻsimliklari, butalar, siyrak oʻrmonlar keng tarqalgan. Togʻ yon bagʻirlari, asosan, yaylov sifatida keng foydalaniladi[2].

Oʻsimlik dunyosi[tahrir | manbasini tahrirlash]

Sumsarsher togʻ dorivor, efir moyli, mevali daraxtlar, yem-xashak va boshqa maqsadlarda foydalaniladigan oʻsimliklarga boy. Bahorda efemer va efemeroidlar, bugʻdoyiq, shuvoq koʻproq oʻsadi. Soʻnggi yillarda insonlarning mazkur hududga qilgan safarlari va tabiatga ziyonlari sababli ham, oʻsimlik dunyosi va hayvonot dunyosiga keskin zarar yetmoqda.

Hayvonot dunyosi[tahrir | manbasini tahrirlash]

Sumsarsher togʻda yovvoyi hayvonlarning ham koʻp turlari keng tarqalgan. Togʻ oldi va togʻ hududlarida boʻri, tulki, boʻrsiq, kiyik, togʻ takasi, togʻ qoʻyi; qushlardan burgut, lochin, kaklik; kemiruvchilardan esa kalamush, qoʻshoyoq, yumronqoziq singari jonivorlar koʻplab topiladi.

Adabiyotlar[tahrir | manbasini tahrirlash]

Manbalar[tahrir | manbasini tahrirlash]

  1. „Qashqadaryo tabiiy geografik okrugi“. geografiya.uz. Qaraldi: 08-2023.
  2. "Sumsarshertogʻ togʻlari" OʻzME. S-harfi Birinchi jild. Toshkent, 2000-yil