Kontent qismiga oʻtish

Antiklinal

Vikipediya, erkin ensiklopediya

Antiklinal (anti … va klino — ogʻdiraman) — qavariq tomoni yuqoriga qaragan burmalangan togʻ jinsi qatlami. Antiklinalning qavariq yeri Antiklinal markazi, yon tomonlari qanotlari deb ataladi. Markazida qadimgi jinslar, qanotlarida esa yoshroq jinslar boʻladi. Antiklinal burmalar yon qanotlarining va undagi oʻq tekisligining yotishiga qarab, toʻgʻri, qiyshiq, ogʻma, yotiq Antiklinal burmalarga boʻlinadi. Burma oʻq chizigʻi yoyga oʻxshab qayrilgan boʻlsa braxiantiklinal deyiladi. Antiklinallar katta yoki kichik boʻlishi mumkin. Katta Antiklinal burmalar bir qancha kichik Antiklinal va sinklinallardan iborat boʻladi. Oʻzbekistondagi hamma togʻlar (Shimoliy Nurota, Turkiston, Zarafshon, Chatqol tizmalari) Antiklinal burmalarga kiradi. Metall rudalarining koʻp qismi, neft va gaz konlari ana shu Antiklinal tizmalarda boʻladi.

  • OʻzME. Birinchi jild. Toshkent, 2000-yil