Xorijiylar

Vikipediya, ochiq ensiklopediya

Xorijiylar (arab. ajralib chiqqan, isyonchi) — islomdatn ilk oqim tarafdorlari. Xalifa Ali bilan umaviylar oʻrtasidagi kurash davomida 7-a.ning 2-yarmi boshlarida vujudga kelgan. Taxt uchun kurashda Ali Muoviya tarafdorlari (umaviylar) bilan muzokara olib borishga koʻngan. Bu hol Ali haqiqiy vorislik huquqiga ega deb hisoblagan tarafdorlarining oʻrtasida norozilik tugʻdirgan. Qoʻshinning bir qismi (12 ming kishi) Alini kelishuvchilikda ayblab, undan ajralib chiqqan va keyinchalik Aliga ham, umaviylarga ham babbaravar qarshi kurash boshlagan. Ana shu guruh tarafdorlari X. deb nom olgan. X. harakati arablar tomonidan boʻysundirilgan Iroq va Eron aholisi, oddiy arabmusulmonlar manfaatini ifodalagan. Ular oʻzlarini haqiqiy musulmon deb hisoblagan. X. "dindan qaytgan" deb eʼlon qilingan siyosiy va gʻoyaviy raqiblarga nisbatan murosasiz boʻlgan. X. taʼlimotiga koʻra, xalifa diniy jamoa tomonidan saylanadi va jamoaga boʻysunadi; har qanday taqvodor musulmon (hatto qul yoki qora tanli boʻlsa ham) xalifa boʻlib saylanishi mumkin; agar xalifa jamoa manfaatlarini himoya qilmasa, vazifasidan boʻshatiladi va hatto qatl etiladi. X. fikricha, eʼtiqod amaliy faoliyat bilan mustahkamlanishi lozim. Eʼtiqod, gunohkor kishilarni jazolash masalalarida X. murjiʼishshrta qaramaqarshi turgan. Keyinchalik X. bir necha mayda guruhlarga boʻlinib ketgan. Umaviy va abbosiy xalifalar 7—9-a.larda X.ga qarshi keskin kurash olib bordi. Buning natijasida X.ning koʻpi qirib tashlandi, qolganlari Shim. Afrikada oʻz davlatini vujudga keltirdi. X. xalifalikdagi koʻpgina qoʻzgʻolonlar (Zanjilar qoʻzgʻoloni, Abu Muslim qoʻzgʻoloni va boshqa qoʻzgʻolonlar)da qatnashgan. Hozirgi davrda X.ning ibodiylar firqasi magʻrib mamlakatlarida (Jazoir, Tunis va boshqa mamlakatlarda), Ummon, Tanzaniyada uchraydi.