Qirq qiz

Vikipediya, ochiq ensiklopediya

"QIRQ QIZ" — qoraqalpoq xalq qahramonlik eposi. Qoraqalpoq xalqining madaniy yodgorligi. Qurbonboy baxshi Tojiboy oʻgʻlidan yozib olingan (193940). Asarda tasvirlanishicha, Olloyor boyning yagona qizi Guloyim qirq dugonasi va oʻz oshigʻi Arslon bilan Eron shohi Nodirshoh va qalmoq xoni Surtaysha hujumidan yurtini himoya qilishga otlanadi. Asar erksevarlik, vatanparvarlik va gumanizm gʻoyalari bilan sugʻorilgan. Undagi Guloyim, Ol-tinoy, Oʻtbosgan, Arslon, Sarvinoz kabi obrazlarda jasurlik, vatanga sadoqat, insoniylik, dushmanga shafqatsizlik gʻoyalari mujassamlashgan. Asarning syujet chizigʻi Toʻmaris, saklar malikasi Zarina haqidagi rivoyatlarga oʻxshab ketadi. Asarning qoʻlyozma nusxalari Oʻzbekiston FA Qoraqalpogʻiston filiali kutubxonasida saqlanadi. "Qirq qiz" oʻzbek, turkman, qozoq, qirgʻiz va rus tillarida nashr qilingan. Epos haqida V.M.Jirmunskiy, Q.Maqsetov, N.Dovqorayev va boshqalarning tadqiqotlari bor. Asar syujeti asosida A.Halimov "Qirq qiz" simfonik dostonini yaratgan (1940).