Kontent qismiga oʻtish

Osaka

Vikipediya, erkin ensiklopediya

OsakaYaponiyadagi shahar. Xonsyu orolining janubiy qismida. Osaka prefekturasining maʼmuriy markazi. Aholisi 2,6 mln. kishi (2000). O. — kattaligi va iqtisodiy ahamiyati jihatdan mamlakatda 2-oʻrinni egallaydi. Transport yoʻllarining muhim tuguni. Ichki Yapon dengizi sohilidagi yirik port (yiliga 90 mln. t dan ortiq yuk ortibtushiriladi). Itami aeroporti xalqaro ahamiyatga ega.

O. — mamlakatning savdo-moliya markazi. Fond, sholi, paxta birjalari, banklar bor. Ogʻir sanoat markazi (jumladan, poʻlat, prokat, rangli metall buyumlari ishlab chiqariladi). Aniqmashinasozlik, kemachilik, energetika, priborsozlik va stanoksozlik, toʻqimachilik, kimyo-farmatsevtika, yogʻochsozlik, poligrafiya, sement, oyna-keramika sanoati korxonalari mavjud. 1933-yilda metropoliten qurilgan. 13 universitet va boshqa oliy oʻquv yurtlari, nafis sanʼat muzeyi va boshqa muzeylar, planetariy, teatrlar, botanika va hayvonot bogʻlari bor.

Shahar IV—VII asrlardan tilga olingan. Dastlab Naniva, XV asrdan O. deb atalgan. XVI asr oxiridan O. mamlakat hoki-mining qarorgohi va yirik savdo shahri. Oʻrta asr meʼmoriy yodgorliklaridan ibodatxonalar, qasr va boshqa bor. 1970-yilda shaharda "EKSPO—70" butun jahon koʻrgazmasi boʻlib oʻtgan.[1]

  1. OʻzME. Birinchi jild. Toshkent, 2000-yil