Mulla Bozor Oxund ziyoratgoh majmuasi

Vikipediya, ochiq ensiklopediya
Mulla Bozor Oxund ziyoratgohi

Mulla Bozor Oxund maqbarasi
Joylashuv Namangan viloyati, Namangan shahri
Binokor

Abdujabbor Abdug‘afforov

Odiljon Qodirov
Turi Ziyoratgoh
Material pishiq g‘isht, temir-beton
Qurila boshlagan 1993-yil 25-dekabr(qayta qurilish)
Qurilish tamomlangan 1994-yil 18-may
Xarita
Koordinatalari 41°0′41″N 71°40′30″E / 41.01139°N 71.67500°E / 41.01139; 71.67500 G OKoordinatalari: 41°0′41″N 71°40′30″E / 41.01139°N 71.67500°E / 41.01139; 71.67500 G O

Mulla Bozor Oxund ziyoratgoh majmuasi — Namangan viloyati Namangan shahrining Labbaytog‘a dahasi, Kurashxona mavzeyida, Namangansoy sohilida joylashgan ziyoratgoh[1]. Ziyoratgoh shoir Boborahim Mashrabning ustozi, XVII asrning yirik olimlaridan biri Xoja Ubaydulloh ibn Sulton Muhammad Bobur Qoraxon Mulla Bozor Oxund nomi bilan chambarchas bogʻliq. Muqaddam xozirgi maqbara oʻrnida mavjud boʻlgan pishiq gʻishtdan tiklangan madrasa va kichik maqbara 1930-yillarda buzib yuborilgan. 1990-yilda mahalla aholisi masjid va maqbarani qayta tiklandi[2].

Tarixi[tahrir | manbasini tahrirlash]

1990-yilda mahalliy aholi hashar yo‘li bilan Mulla Bozor Oxund majmuasi qurilishini boshlab yubordi. Biroq, iqtisodiy tanglik tufayli bu qurilish nihoyasiga yetmay qoldi. Avval bu yerda mavjud bo‘lgan madrasa va maqbara XX asrning 30-yillarida nivelirlash „siyosati“ natijasida buzib yuborilgan edi. 1993-yilda meʼmoriy majmuani qayta tiklash to‘g‘risida qaror qabul qilindi. O‘sha yilning 25-dekabrida majmua asosiy darvoza qismiga qoziq qoqildi. Qurilish ishlari 1994-yilning 18-mayida tugatildi[3]. Uni Namangan bosh me’mori Abdujabbor Abdug‘afforov boshchiligidagi yosh, iqtidorli meʼmor Odiljon Qodirov amalga oshirdi. Majmua qurilishida Usta Fozil Namangoniyning farzandi Usta Turg‘unboy Fozilov hamda Usta Neʼmatulla Qo‘chqorovlar yetakchiligida eng malakali quruvchilar ishtirok etdilar[4][1].

Ushbu meʼmoriy yodgorlik Namangan viloyati hokimining 2006-yil 5-maydagi 200-sonli qarori bilan mahalliy toifadagi madaniy meros ob’ekti sifatida davlat muhofazasiga olingan[5].

Qurilishi[tahrir | manbasini tahrirlash]

Mulla Bozor Oxund ziyoratgoh majmuasi oʻz ichiga masjid, asosiy katta xona — yertoʻlali xonaqoh va darvozaxonani oladi[3]. Jome masjidning asosiy katta xona — xonaqohi yerto‘lali, pishiq g‘isht va temir-beton paneldan qurilgan. O‘lchami 30×24 metr. Sathi 720 metr2. Uch tomoni ayvon. Ustunlar va peshtoqi milliy bezaklar berib pishiq g‘ishtdan tiklangan. O‘lchami 36×6 metr va 24×6 metr, sathi 576 m2. Asosiy darvozadan kirishda — qibla tomonda ayvonga tutash holda 16 metrli mezana-minora pishiq g‘ishtdan bezakli qilib tiklangan, „Alloh, Muhammad“ degan yozuvlari bor. Masjid 3 ming namozxonga mo‘ljallangan[3].

Mulla Bozor Oxund maqbarasida olim dafn etilgan. Asosining o‘q chizig‘i 6 metr, umumiy balandligi 24 metr. Besh qirrali ko‘pburchak shaklida avval 8 metr va keyin yetti qirrali ko‘pburchak shaklida prizma qilib qurilgan. Ustiga doira shaklidagi qism va gumbaz barpo etilgan. Maqbara ko‘rinishi va tuzilishi islomdagi shariat, tariqat qonunlarini ramziy tarzda ifoda etadi. Maqbaraning dastlabki besh qirrali qismi islomdagi 5 amalni, keyingi 7 qirrali qismi imondagi 7 shartni, doira shaklidagi 40 ta qirra 40 farzni ifodalaydi. Bu qismga „Bismillahir rahmonir rohiym, Alloh“ deb yozilgan. Maqbara qurilishida pishiq g‘isht, temir-beton, sopol koshinlar, yog‘och eshik va panjaralardan foydalanilgan. Gumbazi metaldan yasalib, sirtiga maxsus qorishmali bo‘yoq berilgan. Maqbara ichidagi Mulla Bozor Oxundning ramziy qabriga "Xoʻja Ubaydulloh ibn Sulton Muhammad Bobur Qoraxon Mulla Bozor Oxund 1079-yilda vafot etgan (milodiy 1668-yil)" deb yozilgan. Shuningdek, marmar lavhaga Mashrabning quyidagi bayti bitilgan:

Maʼrifat ishq gulzori Mulla Bozor devona,

Oshiqlarning sardori Mulla Bozor devona.

Maqbara tashqarisining shimoli-sharqiy tomonida 2 ta qabr bor. Biri Mulla Bozor Oxundning ustozi va safdoshi Domla Niyoz Oxund ibn Jaloliddin Zominiy qabri. Ikkinchisi shu yerda shahid bo‘lganlardan biriniki. Bu noʻmalum qabr ulug‘ mutafakkirning otasi dafn etilgan qabr bo‘lishi ham mumkin. Bu marhumlar xoki qurilish ishlari jarayonida topilib, qayta dafn etilgan. Rus sharqshunosi N. S. Likoshinning Nodir Namangoniydan olgan maʼlumotlari ichida Mulla Bozor Oxund otasi yoniga dafn etilgani aytiladi. 1990-yilda Mulla Bozor Oxund maqbarasi taʼmirlana boshlanadi. Ammo tez orada qurilish toʻxtatiladi — pul yetishmaydi va u 1993-yilda davom etadi va keyingi yilning may oyida tugaydi va bu safar juda muvaffaqiyatli boʻladi. 2007-yil mart oyida mazkur majmuada hashar yo‘li bilan taʼmirlash ishlari amalga oshirildi.

Galereya[tahrir | manbasini tahrirlash]

Manbalar[tahrir | manbasini tahrirlash]

  1. 1,0 1,1 „Mulla Bozor Oxund maqbasi“ (2015-yil 17-iyul). 2022-yil 24-sentyabrda asl nusxadan arxivlangan. Qaraldi: 2023-yil 8-iyun.
  2. "Namangan viloyati madaniy merosi". Ruzinov B., Razhabova S., Ismoilov Yu., Kosimov A. (2013). 
  3. 3,0 3,1 3,2 „MULLA BOZOR OXUND MASJIDI“ (2021-yil 19-yanvar).
  4. Ravshanovich A. Z. (2021). Issues Of Improving Tourism Opportunities In Namangan Region. International Journal of Progressive Sciences and Technologies, 26(2), 40-44. 
  5. Odilov Z. R. (2022). NAMANGAN VILOYATI MADANIY MEROS HAZINASINI ASRASH MILLIY KADRIATLARIMIZING ASOSIDIR. TA'LIM VA RIVOJLANISH TAHLILI ONLAYN ILMIY JURNALI, 69-73 betlar..