Lashkar qushbegi

Vikipediya, ochiq ensiklopediya
Jump to navigation Jump to search

Lashkar qushbegi (? - 1842) - Toshkent hokimi (1810—40); Chitrol viloyatidan chiqqan eroniy qullardan. Koʻqon xonligi davrida yuqori lavozimlarni egallagan. 1809 yilda Olimxon Toshkentni bosib olgach, Lashkar qushbegini devonbegi lavozimida shahar hokimi etib tayinlagan. 1810 yil Olimxon oʻldirilgach, taxtga utirgan Umarxonni Toshkent zodagonlari sovgʻalar bilan dabdabali kutib olishgan. Lashkar devonbegi va uning oʻgʻillari xon tomonidan alohida taqdirlangan. Xon unga qushbegi unvonini bergan. 1816 yil Turkiston shahrini Umarxon tomonidan egallanishida Lashkar qushbegi muhim rol uynagan. Lashkar qushbegi qozoklardan tashkil topgan qoʻshini bilan 1818 yilda Umarxonning Oʻratepa va Jizzaxga (1819) qilgan yurishida qatnashgan. 1830 yil sentabrda Lashkar qushbegi 15 ming qushini bilan Muhammad Alixonning Qashqarga qilgan yurishida ishtirok etgan. Qoʻqon qoʻshini Sharqiy Turkistondagi Yangi Hisor, Yorkend, Xoʻtan shaharlarini egallab Oqsuv va Uchturfonga qadar yetganlar, kup qiyinchiliklardan sung Qashqar viloyatidagi Gulbogʻni qamal qilishgan. 3 oy davom etgan qamaldan soʻng , koʻp sonli Xitoy koʻshini yaqinlashayotganidan xabar topgan qoʻqonliklar 70 ming qashqarlikni uzlari bilan olib qaytganlar. Lashkar qushbegi ularning bir qismini Toshkentga keltirib joylashtirgan (shaharning Qashqar mahallasi nomi shundan). 1841 yilda Qoʻqonda umumxalq qoʻzgʻoloni boshlangan. Xalq aybdorlarni jazolashni soʻrab turgan vaqtda, xonning qabulida Toshkentdan kelgan Lashkar qushbegi boʻlgan. Xon Gadoyboy parvonachi bilan Lashkar qushbegidan har qanday yoʻl bilan boʻlsa ham xalqni tinchlantirishni soʻragan. Xonning oʻzi esa qochgan. Lashkar qushbegi va Gadoyboy parvonachi xalqqa soxta vaʼdalar berib tinchlantirganlar. Shu vaqtda Buxoro amiri Nasrullaxon Qoʻqonga yurish qilgani haqida xabar kelgan. Xalq uz kuchini shaharning mudofaasiga yoʻnaltirgan. Lashkar qushbegi 1842 yil Buxoro xoni Nasrullaxon Qoʻqonni egallagan paytda oʻldirilgan. U Sirdaryo boʻylarida Qoʻqon xonligiga qarashli boʻlgan Choʻloq, Soʻzoq va Oqmachit qalʼalariga asos solgan. Lashkar qushbegi davrida Toshkentda keng koʻlamda obodonchilik, qurilish ishlari amalga oshirilgan (Beklarbegi madrasasi, Qoʻqon oʻrdasi, Lashkar qushbegi saroyi va boshqa qurilgan). Yangi mahallalar (Qashqar mahallasi, Qushbegi, Devonbegi va boshqalar) vujudga kelgan. Shahar mudofaa devorlari taʼmirlanib yangi darvozalar (Qashqar, Qoʻqon, Qoʻymas) oʻrnatilgan, shahar hududi kengaytirilgan. Lashkar qushbegi Anhor kanalining chap sohili (taxminan hozirgi "Anhor" kafesi oʻrni va uning yon atrofi)da yangi Oʻrda qurdirgan. Ad.h Beysembiyev T.K., "Ta’rix-i Shax-ruxi" kak istoricheskiy istochnik, Alma-Ata, 1987; Materiali po istorii Sredney i Sentralnoy Azii X—XIX vv., T., 1988; Istoriya Oʻzbekistana, T., 1993. Mashhura Sharipova.[1]

Manbalar[tahrir]

  1. OʻzME. Birinchi jild. Toshkent, 2000-yil