Lashkar qushbegi

Vikipediya, ochiq ensiklopediya
(Lashkar beklarbegidan yoʻnaltirildi)

Lashkar qushbegi (Lashkar beklarbegi) (?—1842) — Toshkent hokimi (1810—1840). Davlat arbobi va sarkarda. Qoʻqon xonligida turli yillarda devonbegi, qushbegi va beklarbegi lavozim va unvonlarida boʻlgan.

Chitrol viloyatidan chiqqan eroniy qullardan. Qoʻqon xonligi davrida yuqori lavozimlarni egallagan. 1809-yilda Olimxon Toshkentni bosib olgach, Lashkar qushbegini devonbegi lavozimida shahar hokimi etib tayinlagan.

1810-yil Olimxon oʻldirilgach, taxtga oʻtirgan Umarxonni Toshkent zodagonlari sovgʻalar bilan dabdabali kutib olishgan. Lashkar devonbegi va uning oʻgʻillari xon tomonidan alohida taqdirlangan. Xon unga qushbegi unvonini bergan.

1816-yil Turkiston shahrini Umarxon tomonidan egallanishida Lashkar qushbegi muhim rol oʻynagan. Lashkar qushbegi qozoqlardan tashkil topgan qoʻshini bilan 1818-yilda Umarxonning Oʻratepa va Jizzaxga (1819) qilgan yurishida qatnashgan.

1830-yil sentabrda Lashkar qushbegi 15 ming qoʻshini bilan Muhammad Alixonning Qashqarga qilgan yurishida ishtirok etgan. Qoʻqon qoʻshini Sharqiy Turkistondagi Yangi Hisor, Yorkend, Xoʻtan shaharlarini egallab Oqsuv va Uchturfonga qadar yetganlar, koʻp qiyinchiliklardan soʻng Qashqar viloyatidagi Gulbogʻni qamal qilishgan. 3 oy davom etgan qamaldan soʻng, koʻp sonli Xitoy qoʻshini yaqinlashayotganidan xabar topgan qoʻqonliklar 70 ming qashqarlikni oʻzlari bilan olib qaytganlar. Lashkar qushbegi ularning bir qismini Toshkentga keltirib joylashtirgan (shaharning Qashqar mahallasi nomi shundan).

1841-yilda Qoʻqonda umumxalq qoʻzgʻoloni boshlangan. Xalq aybdorlarni jazolashni soʻrab turgan vaqtda, xonning qabulida Toshkentdan kelgan Lashkar qushbegi boʻlgan. Xon Gadoyboy parvonachi bilan Lashkar qushbegidan har qanday yoʻl bilan boʻlsa ham xalqni tinchlantirishni soʻragan. Xonning oʻzi esa qochgan. Lashkar qushbegi va Gadoyboy parvonachi xalqqa soxta vaʼdalar berib tinchlantirganlar. Shu vaqtda Buxoro amirligi hukmdori Amir Nasrulloh Qoʻqonga yurish qilgani haqida xabar kelgan. Xalq oʻz kuchini shaharning mudofaasiga yoʻnaltirgan. Lashkar qushbegi 1842-yil Buxoro amirligi humdori Amir Nasrulloh Qoʻqonni egallagan paytda oʻldirilgan.

Lashkar qushbegi Sirdaryo boʻylarida Qoʻqon xonligiga qarashli boʻlgan Choʻloq, Soʻzoq va Oqmachit qalʼalariga asos solgan. Uning davrida Toshkentda keng koʻlamda obodonchilik, qurilish ishlari amalga oshirilgan (Beklarbegi madrasasi, Qoʻqon oʻrdasi, Lashkar qushbegi saroyi va boshqalar qurilgan). Yangi mahallalar (Qashqar mahallasi, Qushbegi, Devonbegi va boshqalar) vujudga kelgan. Shahar mudofaa devorlari taʼmirlanib yangi darvozalar (Qashqar, Qoʻqon, Qoʻymas) oʻrnatilgan, shahar hududi kengaytirilgan. Lashkar qushbegi Anhor kanalining chap sohilida (taxminan hozirgi "Anhor" kafesi oʻrni va uning yon atrofida) yangi Oʻrda qurdirgan.[1]

Manbalar[tahrir | manbasini tahrirlash]

  1. OʻzME. Birinchi jild. Toshkent, 2000-yil

Adabiyotlar[tahrir | manbasini tahrirlash]

  • Beysembiyev T.K., "Ta’rix-i Shax-ruxi" kak istoricheskiy istochnik, Alma-Ata, 1987;
  • Materiali po istorii Sredney i Sentralnoy Azii X—XIX vv., T., 1988;
  • Istoriya Oʻzbekistana, T., 1993. Mashhura Sharipova